Manzillarni yaqin qilgan shaharsozlik namunasi: Toshkent metropoliteni haqida

Shaharlar rivojlanib taraqqiy etishi bilan undagi transport tizimi ham aholi uchun yanada qulaylashib borishi kerak. Bu zamonaviy dunyo shaharsozligining talablaridan biridir. London ko‘chalarida “S”, Nyu-Yorkda “U”, Toshkentda esa “M” belgisi metro bekatlarini ifodalaydi.

Ilk metro

Tarixdagi ilk metro yo‘li 1863-yil 10-yanvarda Buyuk Britaniya poytaxti Londonda ochilgan. 3,6 kilometr uzunlikdagi ushbu metro liniyasi shaharning Farrington ko‘chasi va Paddington temiryo‘l vokzalini bog‘lagan. Tobora aholisi ko‘payib borayotgan shaharda ot-aravalarning nihoyatda ko‘payib ketgani va tez-tez tirbandliklarning yuzaga kelishi metroni qurishga sabab bo‘lgan.

Toshkent metrosi

Bugun sizlar bilan Toshkent metropoliteni haqida suhbatlashamiz. Toshkent metrosi 1977-yil o‘sha paytdagi respublika rahbari Sharof Rashidov tashabbusi ishga tushgan. Uzunligi bo‘yicha dunyoda 68-o‘rinda turadigan Toshkent metrosidan kuniga 380—420 ming yo‘lovchi foydalanadi.

Tarixi

Toshkent metropoliteni 1972-yilda qurila boshlangan. Dastlab 11,4 km uzunlikdagi 9 bekatdan (“Sobir Rahimov”, “Chilonzor”, “Mirzo Ulugʻbek”, “Hamza”, “Yoshlik”, “Xalqlar doʻstligi”, “Paxtakor”, “Mustaqillik maydoni”, “Markaziy hiyobon”) iborat metro liniyasi ishga tushirilgan. 1977-1980-yillarda birinchi liniya uzunligi 11,5 kmga yetkazilib, yana 4 ta yangi bekat qo‘shilgan (“Hamid Olimjon”, “Pushkin”, “Buyuk ipak yoʻli”).

1984-yilda Toshkent metrosining ikkinchi liniyasi qurila boshlangan. Dastlab 4 ta (“Alisher Navoiy”, “O‘zbekiston”, “Kosmonavtlar”, “Oybek”, “Toshkent”), 1987-yil 2 ta (“Mashinasozlar”, “Chkalov”), 1989-yil 2 ta (“Gʻafur Gʻulom”, “Chorsu”), 1991-yil to‘rtinchi bosqichda yana 2 ta (“Tinchlik” va “Beruniy”) bekat ishga tushirilgan. Metroning “O‘zbekiston” liniyasi uzunligi 14.3 km.ni tashkil etadi.

2001-yil 26-oktabrda Toshkent metropolitenida 6 betkatdan iborat, uzunligi 14 km.lik uchinchi “Yunusobod” liniyasi ishga tushirilgan.

Nomlari ozgargan bekatlar

Mustaqillik yillarida quyidagi metro bekatlarining nomi o‘zgartirilgan:
Sobir Rahimov – Olmazor
Hamza – Novza
Yoshlik – Milliy bog‘
Maksim Gorkiy – Buyuk ipak yo‘li
Habib Abdullayev – Shahriston
Chkalov – Do‘stlik

Yangilangan metro

Metroda yo‘lovchilar sonining oshishi oxirgi yillarda metro bekatlari soni sezilarli ko‘paygani bilan bog‘liq. 2020-yilga qadar bekatlar soni jami 29 ta edi; ikki yil ichida Yunusobod yo‘nalishida 2 ta, Toshkent halqa yo‘lida 7 ta, Sirg‘ali yo‘lida 5 ta bekat foydalanishga topshirildi. Hozirda jami bekatlar soni 43 taga yetgan. Toshkent metrosida 4200 nafar ishchi-xodim yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.

Metrodagi sharoitlar

Toshkent metropoliteni 2020-yildan boshlab ko‘plab zamonaviy qulayliklarni ishga tushirmoqda. Shulardan biri – NFC tizimida ishlovchi to‘lov kartalaridir. ATTO kompaniyasi tomonidan avtobus hamda metrolar uchun yagona elektronlashtirilgan to‘lov tizimi ishlab chiqildi. Ushbu to‘lov tizimi o‘zining mobil dasturiga ham ega bo‘lib, dastur yordamida karta hisobini to‘ldirish, metro yo‘nalishlari haqida ma’lumot olish, turli to‘lov tariflariga ulanish mumkin.

Shu vaqtga qadar metroda jetonlar yordamida to‘lov qilinar edi. Sohani elektronlashtirish kassalar yonidagi tirbandliklarga barham berdi. Naqd pulsiz to‘lov tizimini rivojlantirish uchun ATTO kompaniyasi metroning “Buyuk ipak yo‘li” bekatida FacePay texnologiyasini sinovdan o‘tkazmoqda.

Metropolitendagi xizmat turlarini ko‘paytirish maqsadida bugungi kunda metropolitenning barcha bekatlarida mobil aloqa vositasi (Ucell, Uzmobile, Humans) va bepul internet tarmog‘i (Wi-Fi) ishlamoqda. 2018-yilga qadar Toshkent metropolitenida foto va video suratga olish taqiqlangan edi. Hozirda bu cheklov olib tashlangan.

Shuningdek, shu yilning 23-fevralida “Chilonzor” metro bekatida sinov tariqasida yo‘lovchilar uchun hojatxona va ona-bola xonasi foydalanish uchun topshirildi. Undan foydalanish pullik (1500 so‘m). Agar bu o‘zini oqlasa, keyinchalik boshqa gavjum bo‘lgan “Paxtakor”, “Buyuk ipak yo‘li” bekatlarida ham shunday xonalar ochish ko‘zda tutilgan.

Qizig‘i shuki, hojatxonada oddiy gigeyenik vositalardan tashqari, tich chotkasi va pastasi, hatto bolajonlar uchun “pampers” ham bor.

Metro ham shov-shuvlardan xoli emas!

Toshkent metrosi atrofidagi shov-shuvli voqealar aksariyat hollarda fojiali yakun topgan. Mana masalan, 2019-yil 18-dekabr kuni Yunusobod metrosining yangi qurilayotgan qismida tuproq ko‘chishi yuz bergan edi. Bir kundan ortiq davom etgan qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida 6 kishining jasadi tuproq ostidan olib chiqilgan. Halok bo‘lganlarning to‘rt nafari Qashqadaryodan, yana ikki nafari esa Samarqanddan bo‘lgan.

2022-yil 24-fevral kuni soat 21:15 larda Toshkent metropolitenining Mirzo Ulug‘bek bekatida Sirdaryo viloyati, Sardoba tumanida yashagan 1984-yilda tug‘ilgan E.Sh. ismli shaxs o‘zini harakatlanib ketayotgan poyezdning tagiga tashlagan. Natijada u voqea joyida vafot etgan.

2022-yil 26-fevral kuni Toshkent metropolitenining «Shahriston» metro bekatining chorrahaga yaqin qismida «Spark» avtomashinasini boshqarib kelayotgan fuqaro boshqaruvni yo‘qotishi natijasida metroning kirish qismiga tushib jetgan.

Umuman olganda, metroning to‘xtab qolishi, bekatlardagi tirbandliklar, metro bekatlarining yonib ketishi, yo‘lovchilarning tunel orqali bekatlarga kelishi, xatto poyezdlarning bir biriga urulib ketishi Toshkent metropoliteni uchun yangilik bo‘lmay qoldi.

Talaba-yolovchilar metro haqida nima deydi?

Bobur Toshbekov, “Webster University in Tashkent” talabasi

Metrodan doimiy ravishda foydalanaman. Uzoqroq masofalarga vaqt va pulni tejagan holatda yetib olish uchun metro juda qulay. Buning ustiga svetoforlar ham, mashinalarning tirbandligi ham yo‘q. Shunga qaramay metro bir qancha kamchiliklardan xoli emas.

Masalan, ba’zi metro bekatlaridan noxush hid keladi. Bundan tashqari, bilamiz, yo‘lovchilar sonida limitga amal qilinmaydi, ertalab va kechki paytlar metroda juda odam kop bo‘ladi. Ba’zan odam ko‘pligidan metro vagonlarida havo yetishmay qoladi.

Qamardinov Nuriddin, Toshkent xalqaro Vestminster universiteti talabasi

Metrodan har kuni foydalanaman. Metro — eng qulay jamoat transportlaridan biri. Unda tirbandliklarsiz manzilga o‘z vaqtida yetib borish mumkin.

Bekatlarning har biri o‘zgacha dizaynda qurilgan va bu odamning kayfiyatini ko‘taradi. U yerda tez-tez aynan metroni tomosha qilish uchun tushgan turistlarga ham duch kelaman.

Kamchilikka keladigan bo‘lsak, “pik” vaqtlarida talab ortib, foydalanish biroz noqulay bo‘lib qoladi. Shunday vaqtlarda oraliq vaqtni qisqartirib, qatnovlar sonini oshirish orqali bu muammoni hal qilish mumkin deb o‘ylayman.

Muallif: Ravshan Burxonov