“Aslida bolaligimdan koreys tiliga, koreys madaniyatiga qiziqishim bo‘lmagan. Hammasi omadli tasodiflar tufayli amalga oshdi”.
O‘zbek yoshlari dunyoning turli nuqtalarida ta’lim olishmoqda. Bizning bugungi qahramonimiz Janubiy Koreyaning Sookmyung ayollar universitetining magistratura bosqichida tahsil olayotgan Xusnora Qobilova. Suhbat davomida Xusnora Koreya ta’lim tizimi hamda o‘zining u yerdagi hayoti haqida qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashadi.
Salom, mening ismim Xusnora. Samarqand viloyati, Payariq tumanida tug‘ilganman. Bakalavr bosqichini Samarqand davlat chet tillar institutida tamomlaganman. Hozirda Janubiy Koreyaning Seul shahrida joylashgan “Sookmyung Women’s University”ning “Koreys tili xalqaro ta’lim” yo‘nalishining 2-bosqich magistratura talabasiman.
Nima uchun aynan mana shu universitetni tanladingiz?
Hozirgi yo‘nalishim – “Xalqaro koreys tilini o‘qitish”. Samarqand davlat chet tillar institutida 4-kursdaligimda kursdoshim almashinuv dasturi bo‘yicha Sookmyung universitetiga o‘tib ketgandi. Shunda menda ham Koreyada o‘qish istagi paydo bo‘lgan. SamDCHTI universitetining Sookmyung ayollar universiteti bilan shartnomasi bor. Shartnomaga ko‘ra har yili O‘zbekistondan Janubiy Koreyaga talabalar jo‘natiladi. Kursdoshlarim almashinuv dasturi bilan Koreyaga borib kelishgan. U yerdagi sharoitlar, o‘qish sifati, professor o‘qituvchilarning talabchanligi haqida ko‘p aytib berishardi. Qiziqishim ortib internet orqali universitet haqida ma’lumot yig‘a boshladim. Yo‘nalishlar orasidan o‘zimga maqul keladigani borligini ko‘rdim va hujjatlarimni topshirdim.
Sookmyung ayollar universitetida grant asosida o‘qiysizmi yoki to‘lov-kontrak asosidami?
Men oliygohda GKS (ikkinchi nomi KGSP) granti asosida o‘qiyman. Ushbu grant Koreya davlati hamda NIIED tashkiloti ko‘magida dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan Koreyaga tahsil olish niyatida keluvchi talabalar uchun ajratiladi. Men bu grant haqida 2019-yil Koreyaga birinchi marta kelganimda eshitganman. KOICA tashkiloti ko‘magi bilan 3 oylik almashinuv dasturi bo‘yicha Pusan shahrida o‘qiganman. Dastur so‘ngida ushbu grant haqida taqdimot bo‘lib o‘tgandi.
O‘zbekistonga qaytgach, xalqaro TOPIK sertifikatini olish uchun o‘qiy boshladim. TOPIK sertifikatining eng yuqori 6-darajasini qo‘lga kiritdim. 4-kursdaligimda dekabr-yanvar oylarida o‘tkazilgan grant uchun hujjatlarimni topshirdim.
Koreys madaniyati, koreys tiliga bo‘lgan qiziqish qanday paydo bo‘lgan? Koreyaga borishingizga nima turtki bo‘ldi?
Maktabni tamomlagach, SamDU qoshidagi 1-son akademik litseyida o‘qiganman. Chet tillaridan ingliz tilini o‘rganganman. Ingliz tili o‘qituvchim koreys tilini yaxshi bilardi, chunki koreys tili yo‘nalishini tamomlagandi. O‘qituvchimning turtkisi bilan koreys tilini o’rganishga qiziqa boshladim. So‘ng oliygohga aynan koreys tili yo‘nalishiga hujjatlarimni topshirdim.
Aslida bolaligimdan koreys tiliga, koreys madaniyatiga qiziqishim bo‘lmagan. Hammasi omadli tasodiflar tufayli amalga oshdi.
O‘qishga kirganimdan so‘ng koreyslar va ularning madaniyati bilan yaqindan tanishdim. Keyin qiziqishlarim yanada oshib ketdi va Janubiy Koreyaga borishga qaror qildim.
Koreyadagi hayot tarzingiz qanday?
Janubiy Koreyaga kelganimga 1 yil bo‘ldi. Bu yerda Seul shahrida yashayman, chunki oliygohim shu shahrida joylashgan. O‘qish davrida boshqa shaharlarga borish qiyin, sababi bo‘sh vaqt deyarli bo‘lmaydi. Bu yerdagi ta’lim standartlari O‘zbekistondan farq qiladi. O‘qish qiyin. Ta’til davomida Inchxon, Kanvando shaharlariga bordim.
2019-yil birinchi marta Koreyaga kelganimda janubiy hududlarda joylashgan Pusan, Ulsan, Kvan-djo kabi shaharlarda bo‘lganman. Yaqinda qishki ta’til davomida 2018-yil qishki Olimpiada o‘yinlari o‘tkazilgan Pyongchang shahriga Koreya madaniyatini o’rgatuvchi 1 haftalik dastur yordamida borib keldim. Ushbu dastur yordamida biz koreys ma’daniyatini o‘rgandik, koreys milliy taomlarini tayyorlab ko‘rdik, qishki olimpia o‘yinlarining sahnalashtirilgan dasturida jamoamiz bilan qatnashdik. Dastur Koreya madaniyatini yanada chuqurroq o‘rganishimga yordam berdi.
O‘qishdan bo‘sh vaqtlaringizda ishlaysizmi? Umuman olganda, Koreyadagi xarajatlaringizni qanday qoplaysiz?
Men topshirgan GKS granti Janubiy Koreyadagi eng katta grantlardan biri hisoblanadi. Ushbu grant nafaqat universitet shartnoma to‘lovini to‘liq qoplab beradi, balki grant egalariga oylik harajatlar uchun 900$ atrofida stipendiya ham ajratadi. Bundan tashqari koreys tilini yaxshi biladigan talabalar uchun (TOPIK 5-6 darajalar) har oy 90 dollarga yaqin alohida pul beriladi. Grant Koreyadagi talabalar uchun majburiy bo‘lgan sug‘urtalarni ham to‘liq qoplashga qaratilgan. Shu sababli menda pul topish uchun qo‘shimcha ishlarda ishlash zarurati mavjud emas. Grant olgan talabalarga Koreyada ishlash mumkin emas, ammo ta’til paytlarida tajribamni oshirish uchun mutaxassisligim bo‘yicha ishlayman.
Shu o‘quv yilida Seuldagi koreys boshlang‘ich maktablarida “ma’daniyat darslari”ni tashkillashtirdim. Darslarda koreys bolalariga O‘zbekistonning ma’daniyati, san’ati, ijtimoiy hayoti haqida taqdimot o‘tkazdim.
Ikkinchi semestrda turli xil dasturlar izlab ko‘rdim va yaqinda EFLA nomli ma’daniy almashinuv dasturida qatnashdim. Ushbu dastur Yevroosiyo mintaqasi talabalari hamda Janubiy Koreya talabalari o‘rtasida ma’daniy aloqalarni shakllantirish uchun o‘tkaziladi. Ushbu dasturda valantyor sifatida ishlayapman. O‘quv semestri davomida ma’daniy aloqalarni yaxshilash bo‘yicha unda ishtirok etaman.
Koreyada ta’lim tizimi va baholash qanday? Magistratura talabalariga qanday talablar qo‘yiladi?
Bizda magistratura ko‘proq “selfstudy”ga yo‘naltirilgan. O‘qituvchilar talabalarni mutaxassislikka yo‘naltiradi, talabalar esa o‘zlari mustaqil ravishda barchasini o‘rganishlari kerak bo‘ladi. Baholash tizimi Xalqaro baholash tizimi bilan bir xil. O‘zlashtirish ko‘rsatkichlari A B C D singari baholanadi. Eng yuqori ball A. Fanlarga keladigan bo‘lsak, talaba bir semester davomida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ko‘pi bilan 3 ta fanni o‘qishi mumkin. O‘qish juda qiyin.
Koreyada axborot resurs markazlari hamda kutubxona tizimlarining ish faoliyati qay tartibda yo‘lga qo‘yilgan?
Xorijda mutaxassisligimiz bo‘yicha kerak bo‘ladigan kitoblar juda qimmat. Xorijda o‘qiydigan talabalar buni bilishadi: bir dona “textbook” narxi 200$ gacha bo‘lishi mumkin. Shu sababli kitoblarni kutubxonadan ijaraga olishga majburmiz. Kutubxonalar tizimi juda yaxshi rivojlangan va barcha qulayliklarga ega. Universitetimiz kutubxonasi faqat yakshanba kunlarigina ishlamaydi. Boshqa kunlari ertalab 9:00 dan kechki 21:00 gacha ishlaydi.
Hozir pandemiya sababli kutubxonalar ishlash tizimida vaqtlar qisqargan. Aslida, kutubxonalar 24 soat davomida ochiq bo‘lgan. Barcha kerakli narsalar elektronlashtirilgan. Maxsus dasturlar yordamida kutubxonada mavjud kitoblarni tekshirib ko‘rishingiz, ijaraga olishingiz yoki ijara muddatini uzaytirishingiz mumkin. Darsliklar juda ham ko‘p, kutubxona juda katta, sharoitlar ajoyib. Hatto kutubxonada uxlab, dam olishingiz uchun ham sharoitlar mavjud. Odatda, imtixon paytlari kutubxona gavjum bo‘ladi.
Koreyada talabalarga yana qanday imkoniyatlar yaratilgan? Bepul ovqatlanish, transport uchun chegirmalar mavjudmi?
Bepul ovqatlanishni bilmadim, ammo sug‘urta orqali bepul tarzda tibbiy xizmatlardan foydalanish mumkin. Koreyada tibbiy xizmat qimmat, lekin sug‘urta qildirish barcha uchun qulay.
Koreyada texnogigantlar ma’lum bir universitet talabalari uchun katta chegirmalar e’lon qiladi.
Masalan, Apple kompaniyasi Seul universiteti talabalari uchun iPhone, MacBook va boshqa Apple kompaniyasi qurilmalarini sotib olish uchun chegirmalar e’lon qilgan. Koreyada o‘qishning yaxshi tarafi shuki, xorijlik talabalarga katta e’tibor berishadi. Ko‘ngilochar dasturlar, grantlar, ma’daniy almashinuv dasturlarini ishlab chiqishgan.
O‘qishning dastlabki yili men bilmagan narsalar juda ko‘p edi, o‘qishga qiynalganman. Shunda GPM dasturi yordamida Koreyaga moslashishga erishganman. Bu dastruda koreyalik talabalar xorijlik talabalarga “culturalshock”ni yengib o‘tishga yordam berishadi. Bundan 4 kishilik jamoalar shakllantiriladi. Jamoada, albatta, koreyalik do‘stlarimiz bor va ular bizga bilmagan narsalarimizni tushuntirib berishadi: Savollarga javob berib, bizni qo‘llab-quvvatlashadi.
Koreyada qanday yutuqlarga erishdingiz?
Juda ham katta yutuqlarga erishdim deb ayta olmayman, chunki Koreyaga kelganimga endi 1 yil bo‘ldi. Shu bir yilimning yarmi shu yerga moslashishga ketdi. Yaqinda “Pyongchang got talent” tanlovida jamoamiz bilan ishtirok etdik. Men vokal yo‘nalishi bo‘yicha qatnashdim. Jamoamiz bilan bu tanlovda 2-o‘rinni oldik. Mana shu hafta tanlovning yakuniy konserti bo‘lib o‘tadi va biz jamoamiz bilan galakonsertda ishtirok etamiz.
Xorijda o‘qishni niyat qilgan yoshlarga qanday maslahatlar berasiz?
Birinchi o‘rinda, talaba yoki o‘quvchilar o‘quv muassalarida fanlardan yaxshi natijalarga erishishlarini maslahat beraman. Baholari, albatta, a’lo bo‘lishi kerak. O‘zlashtirishi yuqori bo‘lgan talabalarning grant dasturlarida yutish imkoniyati yuqori bo‘ladi. Bundan tashqari talabalik yillarida har xil ma’daniy dasturlarda, volontyorlik dasturlarida ishtirok etishlari kerak.
Talaba qanchalik ko‘p ijtimoiy faol bo‘lsa, shunchalik yaxshi. Men, masalan, Janubiy Koreya prezidentining Samarqandga tashrifida tarjimon sifatida ishtirok etganman. Janubiy Koreyada, talabalar va nomzodlarning ijtimoiy faolligiga katta e’tibor beriladi. Har yili Seul milliy universiteti talabalari almashinuv dasturi bilan O‘zbekistonga kelishganda men ularga hamrohlik qilardim. Samarqandda koreys tilidan darslar o‘tganman. Nomzodlar yoki talabalar o‘zlarining qiziqishlari bo‘yicha har xil dasturlarda ishtirok etishlari kerak. Bu yoshlarga o‘z qobiliyatlarini aniqlab olishga hamda ularning rivojlanishiga katta yordam beradi.
Koreyaga ketganingizdan afsuslanmaysizmi?U yerga borish uchun nimalardan voz kechdingiz? Armonlaringiz bormi?
Koreyaga o‘qishga kelganimdan umuman afsuslanmayman, chunki bu mening maqsadim edi. Xorijda tahsil olishni juda-juda xohlardim. Koreyaga kelganimda dastlab biroz qiynaldim, sababi hamma joyda pandemiya, o‘qishlar onlayn edi.
Men bilan birga Koreyaga kelmoqchi bo‘lgan do‘stlarim kela olishmadi. Bu ozroq stresslarni yuzaga keltirdi.
Koreya o‘qishimga ham, mening shaxsiy xususiyatlarim va xarakterimga ham ijobiy ta’sir o‘tkazdi. Oldin odamlar bilan chiqishib ketishim qiyin edi. Hozir mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarim oshdi, ko‘plab xorijlik do‘stlar orttirdim, o‘qish juda ham zo‘r. Professor o‘qituvchilar – o‘z kasbining haqiqiy mutaxassislari. Koreyaga kelganimdan beri bir marta bo‘lsa ham, afsuslanganim yo‘q. Yaqinlarim, do‘stlarim va oilamdan uzoqda ekanligimdan biroz afsuslanaman.
O‘zbekistonni qanchalik sog‘inasiz?
Dastlab juda ham qattiq sog‘indim. Har kuni qaytib ketgim kelardi. Moslashib ketish biroz qiyin bo‘ldi. Masalan, Janubiy Koreyada qishda juda ham sovuq bo‘ladi, yozda nafas olish qiyin, namlik kuchli.
O‘zbekistonning taomlarini, toza havosini va, albatta, vatandoshlarimizni juda sog‘inaman.
Koreyslar – biroz tabiati og‘ir odamlar. Chet elliklar bilan chiqishib ketishlari qiyin. Seul megapolis bo‘lgani uchunmi, bilmadim, odamlar bir birini yaqin tutmaydi. Hattoki, qo‘shnilar suhbatlashishmaydigan holatlar ham mavjud.
Muallif: Ravshan Burxonov