“Ko‘p hollarda biz yutuqlarimizni harakat qilmasdan cheklaymiz”

Marjona Jo‘raqulova Qashqadaryo viloyatidagi Shahrisabz Davlat Pedagogika instituti talabasi. Bugungi kungacha, Islom Karimov va Suyuma G‘aniyeva nomidagi davlat stipendiyalari sovrindori, 2022-yil Oliy ta’lim fan va innovatsiyalari vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Yil talabasi” tanlovida faxrli birinchi o‘rin sohibasi, “Ziyolilar” To‘p 100 almanaxiga kiritilgan yosh iqtidor egasi. U 2023-yilda “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovining Respublika bosqichi g‘olibasi va bir qator davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. “Avlod.Media” ilg‘or, tirishqoq va izlanishdan to‘xtamaydigan talaba Marjona Jo‘raqulova bilan maxsus suhbat o‘tkazdi.

  • Siz o‘tgan yili Ziyo forum tomonidan “Ziyolilar” O‘zbekistonning eng kuchli va faol talabalari uchun ta’sis etilgan almanaxga kiritildingiz. Aytingchi, “Ziyolilar” safidan joy olishning qanday talablari, shartlari bor?
  • Ilm-fan va ta’lim tarbiyani rivojlantirish xalqaro fondi “Ziyo Forum” tomonidan tashkil etilgan “Ziyolilar” almanaxi O‘zbekistonning Top 100 ta eng kuchli talabalarini aniqlovchi loyihasi haqida eshitganimda hali, endi birinchi bosqich talabasi edim. Shunga qaramasdan, ma’lum bir yutuqlarim (maktab davridagi) bo‘lganligi sababli hujjat topshirishga qaror qilganman. Xalqaro yutuqlarim hamda ijtimoiy faol bo‘lganligim sababli, “Ziyolilar” almanaxidan o‘rin egallashga muvaffaq bo‘ldim. Bu kitobdan joy olish qaysidir ma’noda menga yangi marralar eshigini ochdi deya aytsam mubolag‘a bo‘lmaydi. Hozirgi kunda Shaxrisabz davlat pedagogika institutimizda bu kitob bir dona mavjud shuning uchun hamma shu kitobni o‘qishga ishtiyoqi borligi sabab uning ayrim betlari eskirib ham ketganiga guvoh bo‘lganman.
  • 2022-yili “Yil talabasi” Respublika tanlovida faxrli birinchi o‘rinni egalladingiz. Sizning ushbu mukofotni olishingizga katta yordam bergan va qo‘llab-quvvatlagan ustozlaringiz va ularning maslahatlari haqida so‘zlab bering.
  • 2022-yil “Yil talabasi” tanlovining “Eng faol targ‘ibotchi” talabasi yo‘nalishida g‘olib bo‘lganman. Bu yutuqqa erishishimga asosan ustozlarim sababchi bo‘lgan, chunki ularning bergan kuchi va motivatsiyasi “hali bu sen erishishing kerak bo‘lgan narsalar oldida hech narsa emas” degan gaplari muhim rol o‘ynagan. Bilasizmi, ko‘pchilik talabalar tanlovlarda qatnashish davomida hujjatlarni to‘g‘rilashga erinishadi va qatnashmaslikni afzal ko‘radi. Aslida eng katta xato shundan boshlanadi, barcha talabalarga har qanday ishni  boshladingizmi, also uni oxiriga yetkazmaguncha to‘xtamang degan bo‘lar edim. Ana shunda siz o‘zingiz kutgan natijalarga erisha olasiz! Nazarimda, har qanday muvaffaqiyatga erishishda ustozning o‘rni katta ahamiyatga ega deb hisoblayman. Mening ham shunday yutuqqa erishishimda asosiy sababchi ustozim hamda ilmiy rahbarim Azamat Berdiyev juda katta yordam bergan. Ular har doim “mehnat bir kun o‘z samarasini beradi”, “sabrli bo‘l”, “kamtarga kamol” deb ko‘p marta uqtirganlar. Men o‘ylaymanki, har qaysi yutug‘imda bu so‘zlarning roli bor.
  • Mualliflik loyihangiz “Kelajak ilmli qizlari” haqida batafsilroq maʼlumot bering va bu loyiha talaba qizlar uchun qanday marralar eshigini ochadi?
  • «Kelajak ilmli qizlari” online tarzda mamlakatimizning turli nuqtalaridagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan qizlarimizga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan o‘quv kursi hisoblanadi. Kurs davomida talaba qizlarga bir qancha amaliy bilimlar o‘rgatiladi. Kursning to‘liq dasturi bilan quyidagi fotolarda tanishsangiz bo‘ladi.

“Avlod Media” talabalar ayta olmayotgan muammolarni ommaga olib chiqyapti.

  • “Avlod media” haqida fikrlaringiz? Siz bizni kuzatasizmi? Sizning va umuman talabalarning hayotida biz berib borayotgan xabarlarning ahamiyati qanday deb oʻylaysiz?
  • “Avlod Media»ni har doim kuzatib boraman, ayniqsa Instagram ijtimoiy tarmog‘ida talabalar uchun foydali va qiziqarli kontentlar, murojaatlarga asoslangan tanqidiy maqolalarni o‘qib turaman. Talabalar tilidan olinib, qaysidir ma’noda yuqori mansabdagi shaxslarga oliy ta’lim tizimidagi kamchiliklarni oson talaba tilidan olib ko‘rsatadigan kreativ loyiha deb bilaman. Shu sababli, bu saytni talabalar hayotida ham o‘rni bor negaki, bugun talabalar o‘zlari ayta olmaydigan, xadiksiraydigan muammolarni ko‘rsatib beradigan, ochiq media deb hisoblayman. Aynan, jamiyatga talabalar hayotidagi qiyinchiliklar va turli muammoli vaziyatlarni ochiq ko‘rsatib bera oladigan, ajoyib imkoniyat desam ham bo‘ladi. Jamoangizning kelgusidagi ishlariga omad tilayman hamda shunday taklif bildirmoqchi edimki, nafaqat poytaxtdagi talabalar hayoti balki, viloyatlardagi talabalar hayotini aks ettiruvchi qandaydir yangi rubrikalar tashkil etilishini va yo‘lga qo‘yilishini xohlar edim.
  • Siz erishgan barcha yutuqlaringizning poydevorini nimalar tashkil etadi? Barcha faol talabalar uchun ko‘proq nimalarni maslahat berasiz?
  • Barcha yutuqlarimning tub zamirida bir so‘z bilan “mehnat” yotadi deb ayta olaman negaki, inson har qanday cho‘qqini zabt etishi yoki oddiy bir muvaffaqiyatga erishishi uchun ham mehnat qilishi shart. Hech kim sizning o‘rningizga harakat qilmaydi yoki nimanidir bajarib bermaydi. Barchasini o‘zingiz, harakat qilib erishishingiz talab etiladi. Agarda siz dangasa bo‘ladigan bo‘lsangiz va o‘zingizning maqsadlaringizni o‘zingiz bilmasangiz, hech kim siz uchun harakat qilmaydi. Mehnatlar poydevorini qadrliroq qiluvchi yana bir qancha omillar bor. Bular ilm olish, barqaror harakat, imkoniyatlardan foydalanish, maksimal darajada qiziquvchanlik va muloqot qilish deb hisoblayman. Muloqot davomida ko‘plab siz bilmaydigan va tanish bo‘lmagan yangi informatsiyalarga ega bo‘lasiz. Fikrimcha, har doim o‘zgalarga va ularning mehnatiga baho berish eng oson ish chunki, inson bir qarashda oson deb hisoblagan yutuqlarning ham aslida tagida katta qiyinchilik va mehnat yotadi. Ammo, siz boshqalarga baho berishga sarflagan vaqtingizni o‘zingizni rivojlantirishga sarflasangiz maqsadliroq bo‘ladi. Bugun ta’limda muvaffaqiyatli va ijtimoiy faol talaba bo‘lishni xohlasangiz, albatta xorijiy til o‘rganing, ITning ma’lum bir bilimlarini shakllantiring, zamon talabiga mos ko‘nikmalarni egallasangiz shubhasiz, faol va iqtidorli talabalar safidan joy olasiz.