Oliy ta’lim muassasasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar yoki ularning ota-onalari uchun muhim ma`lumot: daromad solig‘ining 12 foizgacha bo‘lgan qismini qaytarib olish imkoniyati mavjud. Bu imtiyoz O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining tegishli moddalari asosida taqdim etiladi.
Kimlar ushbu imtiyozdan foydalanishi mumkin?
Quyidagi shartlarga javob beruvchi fuqarolar soliq imtiyozidan foydalanish huquqiga ega:
Kontrakt to‘lovi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ruxsat etilgan oila a’zolari (ota-ona, farzand,er-xotin) tomonidan amalga oshirilgan bo‘lishi;
To‘lovni amalga oshirgan shaxs rasmiy ish joyiga ega bo‘lishi va oylik maoshidan daromad solig‘i to‘lanayotgan bo‘lishi;
To‘lov qiluvchi shaxs tomonidan 2-NDFL (daromad solig‘i to‘langanligini ko‘rsatuvchi) hujjat taqdim etilishi.
Agar kontrakt to‘lovini amalga oshirgan fuqaro rasmiy ishlamasa yoki undan daromad solig‘i ushlab qolinmayotgan bo‘lsa, mazkur imtiyoz tatbiq etilmaydi.
To‘lovni qaytarib olish tartibi
Soliq imtiyozidan foydalanish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
1. Ish joyidan olingan 2-NDFL ma’lumotnoma yoki unga tenglashtirilgan hujjat;
2. Kontrakt shartnomasi nusxasi;
3. To‘lov hujjatlari (bank kvitansiyalari yoki elektron to‘lov chek(lar)i);
4. Pasport nusxasi;
5. Talabaning o‘qiyotganligini tasdiqlovchi hujjat (agar talab etilsa).
Ariza topshirish usullari
Imtiyozdan foydalanish uchun arizani quyidagi yo‘llar bilan topshirish mumkin: https://youtu.be/peVHiwG9srk?si=x5oL2eP4z71rBe9q
1. my.soliq.uz portali orqali:
Portalga OneID orqali kiriladi;
“Jismoniy shaxslar uchun soliq imtiyozlari” bo‘limi tanlanadi;
So‘ralgan hujjatlar elektron shaklda yuklanadi;
Ariza elektron tarzda yuboriladi.
2. Soliq.uz mobil ilovasi orqali:
Ilovani Play Market yoki App Store’dan yuklab oling;
OneID orqali avtorizatsiyadan o‘ting;
“Soliq imtiyozlari” bo‘limiga o‘ting;
“Kontrakt uchun chegirma” turini tanlang;
Hujjatlarni ilova orqali yuklab, arizani yuboring.
Mablag‘ni qaytarish muddati
Soliq organlari tomonidan ariza va hujjatlar ko‘rib chiqilgach, ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, to‘lovchi shaxsning bank hisob raqamiga (yoki karta raqamiga) mos ravishda 12% miqdoridagi summa o‘tkaziladi. Bu jarayon odatda 30 ish kuni ichida amalga oshiriladi.