Barcha oliy ta’lim muassasalarida o‘qish boshlandi. Poytaxtimiz ko‘chalari ertalabdan talabalar bilan gavjum. Yo‘l bo‘ylab ketar ekansiz, yuqori bosqichdagi talabalar, shoshilmay darsga borishsa, kichik kurslar orasida “10 minut qoldi. Tezroq yur!” degan gaplarni eshitib qolamiz. Ma’ruza darslari boshlanganidan keyin, konspekt masalasi yana ko‘tariladi. Xo‘sh, o‘zi talabaga konspekt yozish kerakmi? Yoki ma’ruza tinglashning o‘zi foydaliroqmi? Butun diqqatini konspekt yozishga qaratgan talaba ma’ruzani qay darajada tinglay oladi? Maqolada shu kabi jihatlarga kengroq to‘xtalamiz.
Konspekt yozish – ma’lumotlarni tizimlashtirishga, ma’ruza yoki o‘quv materialining asosiy fikrlarini ajratib ko‘rsatishga imkon beradi, shuningdek, yangi ma’lumotlarni eslab qolish va o‘zlashtirishga yordam beradi. Bundan tashqari, konspekt semestr oxirida, sessiya oldidan materialni ko‘rib chiqish uchun foydali bo‘ladi. Konspekt foydali bo ‘lishi mumkin bo‘lgan ba’zi sabablar:
- “O‘qishni osonlashtirish” – konspekt asosiy fikrlar va g‘oyalarni ajratib ko‘rsatishga yordam beradi, ma’lumotlarni ko‘rib chiqish va eslab qolishni osonlashtiradi.
- “Fikrlarni tartibga solish” – ma’lumotlarni yozib olish orqali o‘quvchilar o‘z fikrlarini tartibga solib, mantiqiy ketma-ketlikni yaratadilar, bu esa mavzuni yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
- “Vaqtni tejash” – tayyor konspektga ega bo‘lish talabalarga imtihonlarga tezroq tayyorlanish imkonini beradi, chunki ularda allaqachon materiallar to‘plangan va tartibga solingan.
Biroq barcha talabalarga ham ma’ruzani muvaffaqiyatli o‘zlashtirish uchun konspekt shart emas. Ayrim talabalar leksiya tinglash yoki darsliklarni o‘qish orqali konspektsiz mavzuni o‘zlashtira oladi. Talaba o‘zi uchun qaysi yo‘l qulay va oson bo‘lsa o‘shani tanlagani yaxshi natija beradi. Hech narsaga tushinmasdan turib leksiyaning boshidan oxirigacha konspekt yozgandan ko‘ra, talaba e’tibor bilan uni tinglasa ancha foydaliroq bo‘ladi.
O‘zbekiston Milliy Universiteti talabasi Samadova Maftuna
“Kerak, qaysi ma’noda aytsak, ikki xil uslubda tushunish mumkin. Ba’zilar ustoz uchun konspekt qiladi lekin bilim olmaydi, agar inson o‘zi xohlab konspekt yozsa va sohasini chuqurroq o‘rganmoqchi bo‘lsa, albatta, yozish ko‘nikmasi orqali uni mustahkamlab oladi. Chunki, inson eshitib yoki uni o‘qib olganidan ko‘ra, yozib, eshitib, o‘qib chiqsa u miyada ko‘proq o‘rnashib qolar ekan. Lekin ba’zi talabalar bor “ustoz so‘raydi” deb konspekt qilishadi. Natijada u bilim esda qolmaydi. Lekin shunaqa bo‘lsa ham konspekt sessiya payti as qotadi. Ba’zi ustozlar leksiyada aytgan gapini sessiyada so‘raydi. Lekin fikrimcha konspekt albatta, kerak. Faqat uni qanday yozib, tayyorlash talabaning o‘ziga bog‘liq. Fanni va sohani chuqur o‘rganish niyatida bo‘lgan talaba hamma fandan konspekt qiladi, ustoz aytmasa ham. Bilimlarning asosi takrorlash bo‘lganidek, yozib qaytarib yurish talabaning o‘zi uchun kelajakda foydali bo‘ladi”
O‘zbekiston Jurnalistika va Ommaviy Kommunikatsiyalar Universiteti talabasi Qurbanova Sarvinoz
“Talaba uchun konspekt ba’zida kerak, ba’zida kerak emas. Dars davomida o‘qituvchi aytgan kalit so‘zlarni o‘zi uchun belgilash va o‘sha ma’lumotlardan foydalanish uchun kerak. Lekin ayrim paytlar keraksiz vaqtlari ham bo‘ladi, Universitetda yoki maktab paytlarimdagilarni aytadigan bo‘lsak, o‘qituvchilar yozdirar edi, darsda nomiga shunchaki qog‘oz qoralash uchun vaholanki u konspektlarni talaba keyinchalik ochib ham qaramaydi, undan ko‘ra dars payti professor o‘qituvchi kerak joyini aytib ertasiga shu bo‘yicha mashq bajartirsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi”
Aziz talaba! Zamon shiddati bilan AKT rivojlandi konspekt kerak emas degan qarash sizda bo‘lishi mumkin! Ammo mutaxassislar talaba tomonidan yozilgan ma’lumot ko‘proq esda qolishi ta’kidlanadi. O‘z sohasini ustasi bo‘lgan, bugunda ko‘plab yutuqlarga erishgan yetuk soha mutaxassislari ham konspekt kerakligini, sohani chuqur o‘rganish niyatida bo‘lgan talaba barcha fandan konspekt qilib, ma’lumotlarni yozib qaytarib yurishi talabaning o‘zi uchun kelajakda foydali deya baholashmoqda. Biz esa xulosani o‘zingizga qoldiramiz.