Kibersport qachon rivojlanadi?

Kibersport O‘zbekistonda rasman alohida sport turi sifatida tan olingan. Kibersport turlarini rivojlantirish va ommalashtirishga oid prezident qarori qabul qilingan.

Hujjatga muvofiq, 2023-yildan boshlab kibersport turi bo‘yicha “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionati, dekabr oyida “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi” hamda iyun oyida “Yoshlar kubogi” turniri o‘tkaziladi.

Xabaringiz bor joriy yilning fevral oyida prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qozon shahrida “Kelajak o‘yinlari” birinchi xalqaro multisport musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdilar. Davlatimiz rahbari “Kelajak o‘yinlari” dasturiga kirgan sport turlari bilan tanishganlaridan so’ng ishtirokchilarga omad tilab, 2026 yilgi “Kelajak o‘yinlari”ni O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.

Bu albatta yurtimiz uchun juda zo’r yangilik. Xo‘sh bu nufuzli musobaqalarga O’zbekiston qanchalik tayyor? Kibersport turlari bo’yicha O’zbekistonda kuchli jamoalar bormi?

Kibersport assotsiatsiyasidan na tayinli, katta masshtabli turnir, na o’yinchilarni qiziqtira oladigan pul mukofoti ko’rdik”

Nodirjon Kamolov

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti matbuot kotibi:

2026 yilgi “Kelajak o‘yinlari”ni O‘zbekistonda o‘tkazilishi yaxshi tashabbus,albatta Lekin tangani ikkinchi tarafi ham bor, ushbu musobaqada 21 bir turdagi sport va kibersport o’yinlari o’tkaziladi va ular asosan 5 turga bo’lingan, bular: Sport, Taktika, strategiya, tezlik va texnologiyalar. Sport, tezlik va texnologiyalar yo’nalishida kuchli mutaxassislar yetarli, lekin taktika va strategiya yo’nalishlarini nima qilamiz? Aynan taktika yo’nalishida kibersportning – Counter Strike 2, Warface hamda Standoff turlaridan, strategiya yo’nalishida – Dota 2 va Mobile legends turlari bo’yicha ishtirokchilar bellashadilar. Ushbu sanab o’tilgan kibersport turlari bo’yicha O’zbekiston kuchli jamoalarga muhtoj. Tasavvur qiling Kelajak o’yinlari bizda o’tkazilsa-yu ushbu yo’nalishlarda birorta ham faxrli o’rin egallanmasa? Bizda bu bilan shug’ullanish uchun Kibersport assotsiatsiyasi bor-ku deyishingiz mumkin, lekin ushbu tashkilotdan na tayinli, katta masshtabli turnir na o’yinchilarni qiziqtira oladigan pul mukofoti ko’rdik. Tegishli hamjamiyat bu bilan shug’ullanmagani uchun OTFIV va “Ziyo forum” fondi kabi tashkilotlar kichik bo’lsa ham talabalar o’rtasida tashkillashtirishyapti, biroq ular ham katta musobaqalar uchun kadrlar yetishtirib chiqarishda yetarli emas. Kibersportni maktabdanoq rivojlantirish kerak.

Kibersportchilarga nega yetarlicha e‘tibor berilmayapti?

Darhaqiqat, mamlakatda kibersportni rivojlantirish va keng ommalashtirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli davlat organlari Sportni rivojlantirish vazirligi, Kibersport assotsiatsiyasi bor. Ammo bu tashkilot turnir o‘tkazishda va o’yinchilarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qilmayapti. Yoki yetarli mablag‘yo‘q. Mamlakatimizda bu sport turi bo‘yicha o‘tkazilayotgan musobaqalar ishtirok etgan o‘yinchilarning bu boradagi fikrlarini keltiramiz.

Qodirjon, Nuriddinov

“Counter strike 2”, Namangan tumani hokimligi tomonidan tashkil etilgan musobaqa g’olibi.

Yaqin qo’shni davlatlarimizda, masalan: Qozog’iston yoki Rossiya davlatlarini misol qilib oladigan bo’lsak u yerda kibersport musobaqalari deyarli har haftada tashkil etiladi, bolalar maktabdanoq musobaqalarda ishtirok etib voyaga yetganlarida katta, sovrin jamg’armalari ulkan turnirlarda ishtirok eta olishadi. Xohlardikki kibersport turlari bo’yicha musobaqalar ko’proq tashkil etilishini. Bundan tashqari yaxshi o’ynagan o’yinchilarni oylik maoshli «Kibersportchi» qilib ishga olib o’rtacha 800-1500$ miqdorida oylik ham to’lashar ekan, bizda bu haqida eshitmaganman.

Mahmud Shoazizov

 “HOK va Mobile legends” bo’yicha Respublika va Xalqaro musobaqalar g’olibi

“Kibersport rasman olimpiya o’yinlari safiga kiritildi. Rivojlangan davlatlarda katta mablag’ ajratiladi. Bu esa o’z navbatida o’zini bir necha barobar miqdorda oqlaydi, chunki, hozir video o’yinlari strimidan (onlayn translyatsiya) kino industriyasidan ko’ra ko’proq daromad olinadi. O’yinlardan tushadigan daromad esa bir necha o’nlab davlatlarning YMM dan ko’ra ko’proq. SHunday ekan yurtimizda ham kibersportga ko’proq e’tibor qaratilishini xohlab qolgan bo’lardim. Bunga asosiy sabab – O’zbekistonda iqtidorli o’yinchilarni ko’pligidir. Eng keng tarqalgan kibersport turlari bo’yicha hech bo’lmaganda sovrin jamg’armasi 10 ming AQSH dollariga teng mukofot ajratilsa va bunday turnirlar yiliga 10-15 marta maktab/litsey/OTM va umumiy barcha uchun tashkil etilsa o’ylaymanki tez kunlarda O’zbekistondan ham kuchli Kibersportchilar yetishib chiqadi.

Kibersport dunyodagi eng tez rivojlanayotgan sanoatlardan biridir. So’nggi yillarda uni butun dunyo bo‘ylab o‘ynashmoqda, kuzatishyapti. Shunday ekan kibersportni maktabdanoq rivojlantirish kerak, har bir ta’lim muassasasida eng keng tarqalgan kibersport turlari bo’yicha BootCamplar, Ta’lim vazirliklari Raqamli texnologiyalari vazirligi hamda hokimliklar tarkibiga kiruvchi muassasalar o’rtasida tez tez musobaqalar tashkil etilishi kerak. Qolaversa o‘yinchilarni yetarlicha ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlash kerak. Rivojlangan davlatlarga nazar soladigan bo’lsak, Xitoy, Yaponiya, Koreya, AQSH, Singapur, Kanada, Fransiya, Angliya va boshqa bir qator davlatlarda kibersport rivoji uchun davlat tomonidan yiliga kamida yuz million dollar miqdoridagi mablag’ ajratiladi. Yaqin kelajakda Kibersportchilarimiz bokschilarimizdanda ko’proq yurtimizga shuhrat olib kelishi shubhasiz.