Kelajagingiz o‘z qo‘lingizda!!

Talaba – hayotini “O‘qishni tugatgandan keyin hammasi yaxshi bo‘lib ketadi” – deb o‘ylaydigan va shunga ishonadigan inson. Ammo, xalqimizda bir maqol bor “Har kim ekkanin o‘rar” – deganlaridek, talaba universitetga o‘qish va o‘rganish uchun bo‘lgan vaqtini zoya ketkazmasdan, barcha vazifalar-u, o‘quv kurslari va amaliyotga o‘z vaqtida borsa harakatiga yarashasini oladi.

E’tiborni ko‘proq nimaga qaratish kerak?

Kichik kurslar, 1 va 2-bosqich talabalari o‘qishdan tashqari vaqtlarini turli til kurslari va universitet fanlarini yaxshi o‘zlashtirishga ajratishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Til kurslari juda katta ahamiyatga ega negaki, talaba o‘qishni tamomlagach har qanday korxona va tashkilotlarga ishga kirishida hech bo‘lmaganda dunyo tillaridan birini bilsa, bu uning o‘zi va oylik maoshiga ham ustama haqqi qo‘shilishiga asos bo‘la oladi. Agar siz universitet darslarini a’lo darajada o‘zlashtirib, jamoat ishlarida hamda ijtimoiy sohada o‘zingizni ko‘rsatib ulgursangiz bu yuqori kursga o‘rganingizdan keyin davlat stipendiyalari va turli xil grandlar olishingizda qo‘l keladi.

Katta kurslar, 3 va 4-bosqich talabalari bo‘lsa, endi ular o‘zlari mustaqil bo‘lishga intiladigan davrga yetib kelishdi. Shu sababli, kichik kurslarida o‘rgangan bilimlarni amaliyotga tatbiq qilish ana endi boshlanadi. Talabalarning ko‘p qismi, o‘qishdan ko‘ra, amaliyotga e’tiborni qaratadi hamda shu orqali qobiliyati va mehnatiga qarab ishga joylashishga ham ulguradi.

Qaysi sohada o‘qisam ko‘proq pul topaman?

Umuman olganda, oliy ta’limda o‘qib turib umuman pul topa olmay yurganlar ham talaygina. Keling, bu savolga kengroq yondashamiz. Aynan, hozirgi davrni olib qaraydigan bo‘lsak, siz hech qanday diplomsiz ham o‘z sohangizning mutaxasisi bo‘lsangiz ishingizga hamma joyda talab topiladi. Demak, siz pul haqida o‘ylashdan oldin o‘z yo‘nalishingizni mukammal egallashingiz kerak, ana shunda shubhasiz, sizning moddiy taraflama hayotingiz ham yaxshilanadi.

Til o‘rganishning ahamiyati nimada?

Til o‘rganishning nafaqat talaba balki, butun jamiyatning har bir bo‘g‘inidagi insonlar hayotida muhim rol o‘ynaydi. Til bilgan inson har qanday joyda xoh o‘z yurti bo‘lsin, xoh chet davlatida bemalol ish va o‘qish imkoniyatidan foydalana oladi. Siz birgina dunyo tilini o‘rganish orqali o‘zingizga juda katta foyda olib kela olasiz. Nufuzli davlat va xorijiy tashkilotlarda ishlash va shu orqali ancha dunyoqarashingizni kengaytirish imkoniyati ham paydo bo‘ladi. Til haqida gap ketar ekan, talabalarning fikri bizga qiziq tuyuldi. Keling, ular bilan tanishamiz.

O‘zbekiston Milliy Universiteti talabasi Sanjar Ergashov

“Bugungi kunda til o‘rganish nafaqat talabalar, balki hamma uchun muhim. Sababi, hozir axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan davrda kundan-kun yangi texnikalar, qurilmalar ixtiro qilinmoqda (afsuski, ularning deyarli hammasi chet davlatlarda). Tabiiyki, ularning qo‘llanilishini tushunish, ishlata bilish uchun o‘zini davr bilan hamnafas deb bilgan kadr o‘zgalarga nisbatan o‘z qiymatini, salohiyatini oshirish maqsadida zamonaviy axborot texnologiyalaridan, ayniqsa, kamida 2 ta xorijiy tildan mukammal foydalana olishi lozim, deb hisoblayman”

Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti talabasi Ibrohimjonov Shohjahon

“Fikrimcha talabalar uchun til o‘rganish oliy o‘rinlarda turadigan faktor hisoblanadi. Negaki, barcha talaba chet davlatiga chiqishni xohlaydi, tabiiy-ki buning uchun esa til bilish muhim rol o‘ynaydi. Masalan, o‘zim ham yaqinda 7 dan 21-iyul oralig‘ida Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan “IV Xalqaro letniy universitet” da ishtirok etdim. Dastur, 20 dan ortiq davlat bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Undan tashqari, ushbu davlatlardan kelgan 700 ta delegatlar ishtiroki ham ta’minlangan. Ular bilan umumiy tillarda rus va ingliz tillarida muloqot olib bordik. Agarda, talaba xohlasa o‘zi uchun yana bir boshqa til masalan, xitoy tili, hind tili yoki nemis tilini o‘rgansa, Yevropa va G7 davlatlarida ham bemalol amaliyot o‘tashi mumkin. Yana, o‘sha “Letniy universitet” ga qaytadigan bo‘lsak, aytganimdek 20 dan ortiq Braziliya, Ekvador, Xitoy, Italiya, Kolumbiya, Armaniston kabi davlatlar bor edi. Markaziy Osiyo davlatlaridan Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekistondan ham ishtirok etdi. Aynan, shu davlatlar bilan umumiy tilimiz rus va ingliz tilini bilganim, o‘zimdek turli davlatlardan kelgan yosh delegatlar bilan do‘st bo‘lish, muloqot qilish va ularning madaniyatini o‘rganishga juda katta yordam bergan”

Talabalarning fikri va yuqorida keltirilgan faktlarga xulosa qiladigan bo‘lsak, inson yaxshi hayotni ham yomon hayotni ham o‘z qo‘li bilan quradi. Agar siz izlanishdan va o‘rganishdan to‘xtmasangiz imkoniyatlar eshigi o‘z-o‘zidan ochila boshlaydi. Shuning uchun o‘qish, izlanish va vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni o‘rganishingizni o‘zi kifoya.