Talabalar oyiga o‘rtacha qancha pul sarflashadi?

Markaziy Osiyoning «Qo‘shnilar» («Соседи») deb nomlangan mediasi Toshkentdagi o‘quvchilar o‘z byudjetini qanday boshqarishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda soʻrovnoma o‘tkazib, shunga asoslangan holda qiziqarli material tayyorladi. Ushbu so‘rovnomada jami 1581 kishi ishtirok etdi.

Joriy yilning birinchi yarimida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, talabalarning o‘rtacha oylik xarajatlari 1 million 800 ming so‘m, oylik stipendiyalari esa 470 ming so‘mni tashkil etishi ma’lum bo‘ldi.

Shunga ko‘ra, so‘roq qilingan talabalarning qancha pul sarflashi foiz hisobida quyidagilarga teng bo‘ldi:

53% talaba oyiga 1 million so‘mgacha;
38% talaba 2 million so‘mgacha;
9%  talaba 3 million so‘mgacha.

Bu xarajatlarga, albatta, turar-joyning ham ta’siri katta. Bu so‘rovnoma ularning qayerda istiqomat qilishlarini ham foiz hisobida aniqlashga yordam berdi:

52,2% talaba ijaraga olingan uyda;
26,4% talaba o‘z uyida;
21,4% talaba yotoqxonada yashashi ma’lum bo‘ldi.

So‘rov natijalari talabalarning oylik o‘rtacha xarajatlarini nimalar tashkil etishi ham aniqlab berdi:

yo‘l xarajatlari uchun – 275 ming so‘m;

o‘quv qurollari va kitoblar uchun – 150 ming so‘m;

internet uchun – 100 ming so’m;

o‘yin-kulgi uchun – 200 ming so‘m (talabalarning 39,5% bunga umuman pul sarflamaydi);

57 % talaba kommunal to‘lovlarni to‘lamaydi;

kiyim-kechak uchun – 300 ming so‘m (o‘quvchilarning 46,5% kiyim-kechak xarid qilmaydi);

davolanish uchun – 100 ming so’m (49,4% pul sarflamaydi).