Jahongir Otajonovmi yoki XCHO?

Talabalarning trenddagi san’atkori kim?

Kun mobaynida qo‘shiq tinglamaydigan va unga jo‘r bo‘lib kuylamaydigan talaba bo‘lmasa kerak. Ijtimoiy tarmoqlar, trendlar, mashhur xonandalarning kuylagan qo‘shiqlari internetda tezlik bilan virusdek tarqaladi.

Blogerlar, kontentmakerlar, vaynerlar ko‘paygani sari ularning ijtimoiy tarmoqlardagi kontentlari oqimi ham ortib bordi. Aynan shu sababli, ularning foydasi yoki zarari haqida ko‘pchilik yoshlar o‘ylab ham o‘tirmasdan uni ko‘rganda beixtiyor ishonib qolganini sezmay qoladi. Bugungi jamiyatda internetdan foydalanish madaniyatini yoshlar ongiga yetkazib berish va ularga to‘g‘ri yo‘llarni ko‘rsatish asosiy masalaga aylanib qoldi.

Yurtimizdagi talabalarning sevimli xonandasi shaxsiy xohish-istaklari va hozirgi paytda san’atkorlarning mashhurligiga qarab o‘zgarib boradi. So‘nggi yillarda ko‘plab talabalar Xamdam Sobirov, Ozoda Nursaidova, Munisa Rizayeva, Lola, Konsta kabi o‘zbek san’atkorlari bilan birgalikda Ayyola, Ed Sheeran, Blackpink, Adele, Billie Eilish, The Weeknd, Bruno Mars kabi dunyo miqyosidagi ijrochilarning ham xit taronalarini sevib tinglashmoqda.

Trendlar o‘zgarishi bilan san’atkorlarning darajasi ham almashib boradi. Shuning uchun aynan bir xonanda doimo trendda bo‘ladi deb bo‘lmaydi. Umuman olganda, har bir san’atkor shunchaki qo‘shiqchi emas, balki millat va davlatning madaniyatini butun dunyoga targ‘ib qiluvchi shaxs hisoblanadi. Har bir yaratilgan ijod namunasi bilan ularning musiqa industriyasiga ta’siri o‘sib boradi. Ular iste’dod va o‘ziga xoslik dunyoni qanday o‘zgartirishi mumkinligining ajoyib namunasidir.

Jamiyatdagi insonlar san’atkorlarning ijodidan tashqari qilayotgan ezgu ishlarini ko‘rmaganligi uchun ularning ishlarini bachkanabozlik deb o‘ylashadi. Misol uchun, Afrikadagi ko‘p yillik ochlik muammosiga qarshi kurashish uchun amerikalik taniqli xonanda The Weeknd bir million dollar xayriya qildi. Mablag‘lar birinchi navbatda Efiopiyaga yo‘naltirildi, u yerda shafqatsiz to‘qnashuvlarda omon qolgan odamlarga ikki milliondan ortiq taomlar tarqatildi. Yana bir misol, amerikalik aktyor Leonardo Di Kaprioning Yer alyansi ham Avstraliyadagi o‘rmon yong‘inlari bilan kurashish uchun 3 million dollar xayriya qildi. Barcha xayriyalar yong‘indan jabr ko‘rgan insonlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘t o‘chirish va yovvoyi tabiatni qutqarish uchun sarflandi.

Xulosa qilib aytganda, ko‘plab san’atkorlar pulni muhim narsa deb hisoblashdan tashqari o‘zlarining imidjini yaxshilash uchun ham sarflashadi. Biroq, hurmatga loyiq odamlar hali hamon ularning orasida ko‘p!