Bugunning haqiqati
Oliy ta’lim muassasasini tamomlading degani bu ish tayyor, to‘kin hayot degani emas! Agar talabalik davringda ishga joylashib, yoki amaliyotni a’lo darajada o‘tab, o‘sha tashkilot rahbarlariga ma’qul bo‘lsangiz, sohangizda yaxshi tajriba orttira olsangizgina ish masalasida muammo bo‘lmasligi mumkin. Ammo, barcha oliy ma’lumotlilarning ham bandligi ta’minlanmaydi, oliygohni tamomlab, haydovchilik qilayotganlar yoki xorijga ish izlab ketayotganlar talaygina. Bu bugunning haqiqati…
Statistika so‘nggi o‘n yil ichida O‘zbekistonda oliy ta’limni qamrab olish qariyb ikki barobar oshganini ko‘rsatadi. 2024/2025-o‘quv yili boshida 18 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlarimizning oliy ta’lim bilan qamrab olinishi 47,7 foizni tashkil etdi. 2014-yilga nisbatan bu ko‘rsatkich 40,9 foizga oshgan.
2014-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan davrda universitet talabalari sonining o‘sish dinamikasi quyidagicha:
2014 yil – 6,8%,
2015 yil – 7,0%,
2016 yil – 7,2%,
2017 yil – 8,3%,
2018 yil – 10,6%,
2019 yil – 13,3%,
2020 yil – 18,7%,
2021 yil – 28,2%,
2022 yil – 36,6%,
2023 yil – 45,9%,
2024 yil – 47,7%.
Shunda, ziyolilar qatlami ortib bormoqdami? Ammo bu barcha oliy ma’lumotlilarni ham bandligi ta’minlanyapti degani emas!
Nima qilish kerak? Albatta, imkon bo‘lsa o‘qishni davom ettirish lozim, shundagina yetuk mutaxassis darajasiga yetishish mumkin. Mutaxassislar bu jarayonda magistraturani o‘qishni tavsiya qilishadi, ularning aytishi-cha, oliygohni tamomlagach, ammo magistratura bosqichini o‘qimaganlarning 80 foizi afsuslanar ekan.
Bitiruvchi talabalarning qanchasi magistraturaga qamrab olinadi?
2024/2025-o‘quv yili uchun magistratura mutaxassisliklariga 33 172 ta ariza onlayn qabul qilingan. Qabul natijalariga ko‘ra davlat granti asosida 6 746 nafar, to‘lov-kontrakt asosida 5 658 nafar abituriyent, jami 12 404 nafar abituriyent, qo‘shimcha davlat granti asosida 883 nafar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari va nomli davlat stipendiyalari sovrindorlari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotlari sohibalari, fan olimpiadasi g‘oliblari, “Mard o‘g‘lon” Davlat mukofoti sohiblari, ko‘zi ojiz toifasiga kiruvchi nogironlar, shuningdek, qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosida 159 nafar talabgorlar imtiyozli ravishda talabalikka tavsiya etildi.
Magistraturani xorijda o‘qish
Magistraturani xorijda o‘qish har bir yoshning orzusi. Ayni kunlarda esa, “Jahon banki stipendiyasi” dasturi bitiruvchi talaba-yoshlar uchun ayni muddao. Dastur chet mamlakatlar talabalari uchun dunyoning yetakchi universitetlarida o‘qish va o‘z mamlakatlarining rivojlanishiga hissa qo‘shish imkoniyatini beruvchi nufuzli dastur hisoblanadi.
Jahon banki stipendiya dasturiga 2025-yilda magistraturada o‘qishni rejalashtirgan talabalar uchun hujjat topshirish mumkin. Dastur rivojlanayotgan mamlakatlardan kelgan va rivojlanishga oid sohalarda o‘qishni xohlovchi xalqaro talabalarga mo‘ljallangan.
27 ta universitetdan birini tanlash imkoni
“Jahon banki stipendiyasi” AQSh, Yevropa, Afrika, Okeaniya va Yaponiyadagi 27 ta universitetda 45 ta ishtirok etuvchi magistratura dasturlari uchun stipendiyalar taklif etadi.
Ishtirok etuvchi universitetlar qatoriga Tokio universiteti, Avstraliya milliy universiteti, Kolumbiya universiteti, Garvard universiteti va Oksford universiteti kiradi.
Dastur ayniqsa rivojlanishga oid mavzularni o‘qishni istagan va rivojlanayotgan mamlakatlardan kelgan xalqaro talabalarga mo‘ljallangan. Ruxsat etilgan mamlakatlar qatoriga Afg‘oniston, Bangladesh, Kambodja, Dominika, Efiopiya, Fiji, Gana, Iroq, Keniya, Livan, Madagaskar, Nepal, Filippin, Sudan, Tonga, O‘zbekiston, Ukraina, Vetnam, Yaman, Zambiya va boshqalar kiradi.
Ushbu stipendiyani olgan talabalar stipendiya muddati boshida va oxirida iqtisodiy sinf aviachiptasi, har bir sayohat uchun 500 dollar miqdorida sayohat puli, to‘liq o‘qish to‘lovi, universitet orqali asosiy tibbiy sug‘urta qiymati va turar joy, yashash xarajatlari va uskunalar uchun oylik nafaqa kabi imtiyozlarga ega bo‘ladilar.
Talabgorlar qanday bilimlar asosida tanlab olinadi?
Arizachilar nizolar, ta’lim siyosati, sog‘liqni saqlash tizimlari, shaharsozlik, jamoat salomatligi, iqlim o‘zgarishi, atrof-muhit resurslari yoki barqarorlik kabi rivojlanishga oid mavzularni o‘rganishlari kerak.
Talabgorlar tajribasi, tavsiya xatlari, o‘z vatanlarini rivojlantirishga bo‘lgan intilishi va ta’lim darajasi asosida tanlanadi. Arizachilar to‘liq ariza talablarini o‘qishlari va Jahon banki veb-saytida o‘zlarining muvofiqligini tekshirishlari mumkin.
Xalqaro talabalar uchun stipendiyalar haqida ko‘proq ma’lumotni link orqali (https://www.timeshighereducation.com/student/advice/scholarship-month-world-bank-scholarship-programme) topishingiz mumkin.
Aziz talaba! Biz maqola orqali birgina xalqaro miqyosidagi dastur haqida ma’lumot berdik. Sizda bu kabi o‘nlab variantlar bor, aynan hozir ko‘plab chet davlatlari oliygohlari bu kabi dasturlarni e’lon qilgan. Siz esa bu imkoniyatlardan foydalana olishingiz kerak. Zero, xorijda o‘qish ham sayohat qilish boshqa yurt urf odatlari, an’analari bilan tanishish, bilim va ko‘nikmangizni oshirish imkonini beradi. ”Bir mamlakatga sayohat qilish 500 ta kitob o‘qigan bilan barobar” deb bejiz aytilmagan.