Ish joyini qanday qilib to’g’ri tanlash mumkin?

Dastlab ish idealdek ko‘rinadi, lekin birmuncha vaqt o‘tgach, u yoqmaydigan ham emas, balki chidab bo‘lmas darajaga kelib qoladi. Bu hol yana va yana takrorlanadi. Agar ushbu ssenariy sizga tanish bo‘lsa, muammo sizda emas, balki ish joyini tanlashda.

HR mutaxassisi Go‘zal Abduraupova bu kabi muammolarni qanday chetlab o‘tish va darhol o‘zingizga mos kompaniyani tanlash haqida so‘zlab beradi.


Siz suhbatga taklif qilindingiz. Rozilik bildirishdan oldin quyidagi omillar sizni qoniqtirishiga ishonch hosil qiling:

Qoidalar

Ish beruvchi va sizning xohishlaringiz o‘zaro mos tushishi kerak. Kimgadir 09:00 dan 18:00 gacha ishlash va qat’iy kiyinish qoidalariga amal qilish qulay bo‘lsa, kim uchundir erkin ish grafigi va qulay kiyimlar muhim hisoblanadi.

O‘zaro ishonch

Ishning qanday tuzilganiga e’tibor bering. Ko‘pincha rahbarlar mikromenejment bilan shug‘ullanadilar. Ular o‘z xodimlariga shu darajada ishonmaydilarki, hamma narsani o‘zlari nazorat qilishga harakat qilishadi. Sizga ishonch bildirmaydigan kompaniyani boshingizga urasizmi?

Obro‘

Shunday joylar borki, xodimlari uzoq vaqt ishda qolmaydi, ketganlaridan keyin esa ular haqida yaxshimas gaplar gapirishadi. Buning sababini bilib olishingiz va hech bo‘lmaganda o‘ylab ko‘rishingiz kerak.

Ish haqi

Har bir mutaxassisning o‘rtacha ish haqini bilib oling. Shu tariqa siz ish beruvchilar o‘z xodimlarini qanday baholashlarini bilib olasiz.


Agar kompaniya barcha talablaringizga mos tushsa, unda suhbatga borish vaqti keldi. Biroq bu bosqichda ham e’tiborli va tanlashga shay bo‘lishingiz kerak.

Go‘zal quyidagi 5 holatda muzokaralar bosqichidayoq taklifni rad etishni maslahat beradi:

1. Aniq vazifalarning mavjud emasligi

Agar ish beruvchi aniq nima qilishingizni aytmasa, bilingki, siz hamma ishni qilasiz.

Har bir vazifangiz aniq belgilangan ro‘yxatni talab qiling. Bu nima uchun kerak?

Birinchidan, kompaniyaning ushbu xodimga bo‘lgan ehtiyojini tushunishiga va buni tasdiqlashiga ishonch hosil qilasiz. Ikkinchidan, bu sizni «sizniki» bo‘lmagan va ortiqcha vazifalardan ozod qiladi.

2. Xodimlarning ishdan ketish ko‘rsatkichi

Odamlarning necha foizi ishdan ketishi haqida qiziqib ko‘ring. Agar ko‘rsatkich 10% dan yuqori bo‘lsa, unda bu – o‘ylab ko‘rish uchun arzirli sabab.

Agar sizga javob berishmasa, bu yana bir sababdir, demak, bu – kompaniyada HR-tahlilning oqsoqligidan dalolat beradi.

3. “Keragidan ortiq ishlashingizga to‘g‘ri keladi”

Bizni himoya qiladigan mo‘jizaviy kitob bor, nomi – O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi. 115-moddaga ko‘ra biz haftasiga 40 soatdan ortiq ishlamasligimiz kerak, bu – kuniga 8 soat degani.

Agar siz ofisda o‘z xohishingizga qarshi 8 soatdan ko‘proq vaqt davomida bo‘lsangiz – sizning huquqlaringiz buzilmoqda.

Agar ish beruvchi siz ko‘proq ishlashingiz kerakligini aytsa, bu uning rahbar sifatida layoqatsiz ekanligini anglatadi, chunki u kompaniyaning faoliyatini to‘g‘ri rejalashtirishni bilmaydi.

Aytaylik, sizni shanba kuni ofisga chaqirishdi. Bunday holat uchun 157-modda bor: shanba kungi har bir ish soati uchun 2 barobar ko‘proq haq to‘lanishi kerak. Siz o‘z ishingizning professionalisiz, 40 soat samarali ishlagan xodimsiz, unda nega pul to‘lanmasa ham, shanba kuni ishlashingiz kerak?

Huquqlaringiz buzilishiga yo‘l qo‘ymang.

Bundan tashqari, xodimga: «o‘z xohishing bilan yoz» deb aytiladigan holatlar ham bo‘ladi. Ammo nimaga asoslanib? Haq-huquqlarini biladigan kishi o‘zining huquqlari poymol qilinganda buning uchun hisobot yoki tovon puli talab qiladi.

Agar siz yomon ishlayotganingiz haqida ogohlantirilmagan bo‘lsangiz, hech kim sizni o‘z xohishingiz bilan ishdan bo‘shatish huquqiga ega emas.

4. Atrofimizda norozi chehralar ko‘p

Tasavvur qiling: siz ishxonaga kirasiz, qabulxonada esa sizni yoqimsiz chehra bilan kutib olishadi. Bundan tashqari, HR direktori ham sizni mensimay, norozi ohangda gaplashadi. Nega ular o‘zlarini bunday tutishmoqda? – Sababi ularga ishlari yoqmaydi.

Ofis kayfiyatiga nazar soling va odamlar bir-biri bilan qanday gaplashayotganiga e’tibor qarating.

Agar siz suhbatga qishda kelgan bo‘lsangiz va barcha xodimlar kurtkada o‘tirgan bo‘lsa yoki suv idishlarda suv bo‘lmasa, demak, ishchilarning asosiy ehtiyojlari e’tiborsiz qoldiriladi. Shunga ko‘ra, ish beruvchi o‘z jamoasining qulayligi haqida tashvishlanmasligi ma’lum bo‘ladi. Bunday joyda ish boshlashning umuman keragi yo‘q.

5. Diskriminatsiya

Ishga qabul qilish faqat professional ko‘nikmalarga asoslangan bo‘lishi kerak. Qizlardan nikoh va homiladorlik rejalari haqida so‘rash noo‘rin. Kimdir bu savolni qizlarning tug‘ruq ta’tiliga chiqishi bilan oqlashi mumkin. Xo‘sh, nima bo‘pti? Shuni deb qizlar hech qachon ishlamasligi kerakmi?

Keyingisi: ota-onangiz kim va ular qayerda ishlaydi? Bu savollarga ham javob berishga majbur emassiz, chunki ular ishga oilangizni emas, balki sizni olishmoqda.

Salomatligingiz haqidagi savollarga ham javob berishning keragi yo‘q. Ish beruvchilar sog‘lig‘ingiz haqidagi ma’lumotlarni talab qilish huquqiga ega emas.

Diniy masalalar ham muhokama qilinmaydi.


Biz hayotimizning ko‘p qismini ish uchun sarflaymiz. Har bir inson, qobiliyatidan qat’iy nazar, bu vaqtni o‘zi yoqtirgan va uni qadrlashadigan yaxshi joyda o‘tkazishga loyiq. Shuning uchun kompaniya tanlashda saralashdan aslo qo‘rqmang.