Imtihonlar boshlandi. Shaffof, ochiq, haqqoniy o‘tishi reja qilingan test sinovlari aslida ham shundaymi? Bu yilgi test jarayonlari avvalgi yillardan nimasi bilan farq qiladi?
Bu yil testlar odatdagidan 15 kun oldin boshlandi. Birinchi smena imtihonlar 8:00-11:00, ikkinchi smena esa 15:00-18:00 oralig‘ida o‘tkazilmoqda.
Joriy yilda nafaqat test kunlarida o‘zgarish bo‘ldi, balki testga kelgan abituriyentlarda ham o‘zgarish bor. Ularning aksari testni hayajonsiz o‘tkazmoqda. Chunki testga kelganlar orasida o‘ziga ikkinchi imkoniyatni berishga qaror qilgan talabalar talaygina. Gap shundaki, 2024−2025 o‘quv yilidan davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili kuchga kirdi. Bu tamoyil haqida to‘liq ma’lumotni maqola davomida o‘qishingiz mumkin.
Sevara Hasanova
Bilim va malakalarni baholash agentligi bosh yurist konsuli
Bu yil oliy ta’lim muassasalari bilan professanal ta’lim muassasalariga test sinovlari bir vaqtning o‘zida amalga oshirilyapti. OTMga topshirgan abituriyentlar ham o‘zlarining tanlovlaridan kelib chiqib professanal ta’limga ham tanlovni amalga oshirishlari mumkin bo‘ldi Imtihonlarda shaffoflikni ta’minlash maqsadida test sinovlari jarayonlari «Test 24» kanali orqali kuzatish imkoni bor, qolaversa, on-line kuzatuv kameralari ham ishlab turibdi,
“avval test, so‘ng tanlov” tamoyili qanday ishlaydi?
Prezident farmoniga ko‘ra, joriy yilda ilk marta qabul jarayonlari “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq quyidagi ikki bosqichda amalga oshirilmoqda.
Birinchi bosqich: abituriyentlar 5-iyundan 25-iyunga qadar (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi. Bunda abituriyentlar faqat test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat oliy ta’lim muassasasini tanlaydi;
Ya’ni birinchi bosqichda oliy ta’lim muassasasi tanlanmaydi. Abituriyentlar faqat qaysi fandan, qaysi tilda, qaysi hududda test topshirishini belgilaydi. “Men O‘ZDJTU universitetga topshirdim, men Tibbiyot akademiyasiga topshirdim” degan gaplar birinchi bosqichda bo‘lmaydi.
Imtihonlar iyul–avgust oylarida o‘tkaziladi.
Ikkinchi bosqich: abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi.
Ya’ni o‘zining olgan baliga qarab, testlar o‘tib bo‘lgandan keyin, qaysi oliygohning qaysi yo‘nalishiga topshirishini tanlaydi. O‘ylab olish, tahlil qilish uchun 15 kun vaqt bo‘ladi.
O‘qishga kira olmaganlar nima qiladi?
Mabodo abituriyentlar oliygohlarga kira olmasa, unda testda to‘plagan bali bilan kollej va (yoki) texnikumni tanlashi mumkin. O‘qishga kira olmaganlar uchun kollej yoki texnikum tanlashga OTMlarga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng yana 10 kun muddat beriladi.
Javoblar ertasigayoq…
Abituriyentlar 14-25-iyul kunlari testga kirib chiqadi. Necha ball olganini ertasi kuni bilib olishadi. Barcha testlar tugagach, abituriyentga o‘ylashi uchun 15 kun vaqt beriladi
Testdan keyin abituriyent nimalarni tanlaydi?
Joriy yilda ilk marta testgacha faqat fanlar majmuasi tanlanadigan bo’ldi. Qolgan muhim jihatlar testdan keyin tanlanadi. Xo’sh, testdan keyin abituriyent nimalarni tanlaydi?
1.Beshtagacha yo’nalish tanlaydi.
Bunda test topshirgan fanlar majmuasiga to’g’ri keladigan ISTALGAN yo’nalishlarni va ISTALGAN OTMlarni tanlashi mumkin.
Siz ro’yxatdan o’tishda qaysi yo’nalishni tanlaganingiz muhim emas, testdan keyin fanlaringizga mos keladigan ISTALGAN beshtagacha yo’nalishni tanlay olasiz.
2.Ta’lim shaklini tanlaydi.
Bunda kvotada ajratilgan joyga qarab, kunduzgi, sirtqi, kechki yoki masofaviy shaklni tanlash mumkin. Yoki beshta yo’nalish ichida aralashtirib tanlasa ham bo’ladi. Masalan, 1 va 2-yo’nalishga kunduzgi, 3-ga sirtqi, 4-ga kechki va 5-ga masofaviy qilib.
Qaysi yo’nalishda sirtqi, kechki, masofaviy bor-yoki yo’qligini kvotalar chiqqach bilib olishingiz mumkin. Lekin hozircha kvotalar tasdiqlanmadi.
3.Tanlov ustuvorligini tanlaydi.
Bunda tanlov ustuvorligini yoki davlat grantiga, yoki yo’nalishga qaratish mumkin. Masalan, kimdir «menga qaysi beshta yo’nalishdan biriga kirishimning farqi yo’q, asosiysi davlat grantiga kirishim kerak», desa, unda ustuvorlikni grantga beradi. Kimdir esa aksincha «men birinchi tanlagan yo’nalishimga kirishim shart, kontraktga kirsam ham roziman» desa unda ustuvorlikni yo’nalishga beradi.
Test topshirgandan so‘ng15 kun o’tgach, umumiy mandat shakllantirish boshlanadi. Odatga ko‘ra, yakuniy mandat 1 hafta ichida chiqishi kerak. Demak, 20-avgust atrofida mandat chiqishi mumkin (agar avvalgi yillardagidek tasdiqlashni cho’zib yuborishmasa).
Oliygohlarning mandati chiqib bo’lgach, o’qishga kira olmagan abituriyentlarga kollej va texnikumlarni tanlash uchun imkoniyat beriladi. Bunga 10 kun vaqt ajratiladi. Xullas test jarayonlarida ishtirok etayotgan abituriyentlar uchun buy yil tanlovlarga boy bo‘ldi. Aziz abituriyent siz qaysi variantni o‘yladingiz?