Imtihon natijalari stipendiyaga ta’sir qiladimi?

“Assalomu alaykum «Avlod Media» jamoasi! Meni yakuniy nazorat natijalari belgilangan stipendiya miqdoriga ta’sir qiladimi yoki bir yillik stipendiya o‘sha yil ichida o‘zgartirilmaydimi? To‘lov-kontrakt asosida ta’lim oluvchi talablarga stipendiya to‘lash va tayinlash tartibi qaday? degan savol o‘ylantiryapti”  

Bizga talabalardan shu mazmunidagi bir necha murojaatlar kelgan. Maqolada bu haqida batafsil ma’lumotlar bilan tanishishingiz mumkin.

Kredit-modul tizimi barcha oliygohlarda joriy qilinganidan so‘ng, avvalgi tartib o‘z kuchini yo‘qotdi. Shuning uchun o‘quv yuklamalarini hisoblash, o‘quv jarayonini rejalashtirish, monitoring va ta’lim sifatini ta’minlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. 

Bir o‘quv yili qanday tashkil etiladi?    

Talaba o‘quv yili davomida kreditlar to‘playdi. Kredit-modul tizimida 1 kredit o‘rtacha 25 — 30 soatlik o‘quv yuklamasiga teng. Ya’ni talaba muayyan fandan tegishli kreditlarni to‘plashi uchun ma’lum miqdordagi o‘quv yuklamasini o‘zlashtirishi zarur. O‘quv yuklamasi bakalavriatda — 40-50% auditoriya soati, 50-60% mustaqil ish soatiga, magistraturada — 30-40% auditoriya soati, 60-70% mustaqil ish soatiga bo‘linadi. O‘quv rejasiga muvofiq amaliyot va bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi uchun ham kreditlar ajratiladi. Kreditning soatlardagi miqdori va o‘quv yuklamasi miqdorini har bir Oliy ta’lim muassasasining o‘zi belgilaydi. 

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida talaba odatda bir semestrda 30 kredit, bir o‘quv yilida 60 kredit to‘plashi belgilanadi. Semestr davomida talaba tomonidan o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan kreditlar hajmi o‘quv rejasida ko‘rsatilgan majburiy va tanlov fanlarini o‘z ichiga oladi. Talaba o‘zining shaxsiy ta’lim trayektoriyasini shakllantirishda har bir semestr uchun 30 kredit hajmidagi fanlarni o‘zlashtirishni nazarda tutishi, ular tarkibida o‘quv rejasidagi majburiy fanlar bo‘lishi shart.

Talaba bakalavriatda o‘qish muddati kamida 3 yil bo‘lganda 180 kredit, o‘qish muddati kamida 4 yil bo‘lganda 240 kredit to‘plashi zarur. Magistraturada o‘qish muddati kamida 1 yil bo‘lganda 60 yoki 90 kredit, o‘qish muddati kamida 2 yil bo‘lganda 120 kredit to‘plashi talab etiladi.

Imtihon qanday tartibda o‘tkaziladi

Bu yildan boshlab birinchi kurs talabalarning yakuniy nazorat ishlarini bajarish tartibi o‘zgardi. Qolgan barcha kurs talabalarini baholash tartibi baho tizimida belgilanmoqda. Talabalar ta’lim dasturi doirasida o‘qitish shaklidan qat’i nazar, belgilangan tartibdagi baholash mezonlari asosida baholanadi. Yangi tizimdoirasida belgilangan tartib: 

5,00 – 4,96  100    4,30 – 4,26  86    3,60 – 3,56  72

4,95 – 4,91  99    4,25 – 4,21  85    3,55 – 3,51  71

4,90 – 4,86  98    4,20 – 4,16  84    3,50 – 3,46  70

4,85 – 4,81  97    4,15 – 4,11  83    3,45 – 3,41  69

4,80 – 4,76  96    4,10 – 4,06  82    3,40 – 3,36  68

4,75 – 4,71  95    4,05 – 4,01  81    3,35 – 3,31  67

4,70 – 4,66  94    4,00 – 3,96  80    3,30 – 3,26  66

4,65 – 4,61  93    3,95 – 3,91  79    3,25 – 3,21  65

4,60 – 4,56  92    3,90 – 3,86  78    3,20 – 3,16  64

4,55 – 4,51  91    3,85 – 3,81  77    3,15 – 3,11  63

4,50 – 4,46  90    3,80 – 3,76  76    3,10 – 3,06  62

4,45 – 4,41  89    3,75 – 3,71  75    3,05 – 3,01  61

4,40 – 4,36  88    3,70 – 3,66  74    3,00  60

4,35 – 4,31  87    3,65 – 3,61  73    3,00 dan kam  60 foiz hisobidan baholanadi.

Yana bir muhim jihat, birinchi kurslarning yakuniy nazorat baholari to‘liq elektron shaklda bo‘lgani uchun uni tizimning o‘zi to‘g‘ri javoblar soniga qarab aniqlaydi. 

Davlat granti bir oʻquv yili uchun berilganmi yoki har semestrda qayta taqsimlanadimi?

2024/2025-o‘quv yilidan boshlab bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalarga ta’lim granti faqat bir o‘quv yili uchun ajratildi. Bu yangi tizim talabalarning grant asosida o‘qishni davom ettirishi uchun o‘z bilimlari va faoliyatlarini har yili qayta isbotlashlarini talab qiladi.

Birinchi kursda ta’lim granti oliy ta’lim tashkilotlariga ajratilgan davlat buyurtmasi kvotasiga muvofiq, kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan talabalarga ajratiladi. Ammo ikkinchi va undan keyingi kurslarda ta’lim granti yuqori akademik reyting ko‘rsatkichlariga erishgan va ijtimoiy faol talabalar orasida oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadi.

Demak, ta’lim granti har semestrda emas, ha o‘quv yilida almashtiriladi. 

Sessiya baholariga qarab stipendiya to‘lash tartibi qanday bo‘ladi? 

Birinchi kurs talabalariga o‘quv yilining 1-semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari(baholari) ma’lum bo‘lgunga qadar stipendiyaning bazaviy (517 ming) miqdorida stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi.

Avvalgi o‘quv semestri natijalariga ko‘ra stipendiyalar:

barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” baho (reyting ko‘rsatkichi — 86 ball va undan yuqori) bo‘lgan talabalarga stipendiyaning bazaviy miqdori 20 foizga oshirilgan (621 ming) holda ;

– fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarining 30 foizidan kam qismini “qoniqarli” bahoga (reytingko‘rsatkichi — 71 balldan kam) o‘zlashtirayotgan talabalarga — stipendiyaning bazaviy miqdorida;

– fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarining 30 foiziva undan ortiq qismi “qoniqarli” baho (reyting ko‘rsatkichi — 71 balldan kam) bo‘lgan talabalarga (to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi hamda 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan talabalar bundan mustasno) navbatdagi o‘quv semestri mobaynida stipendiya tayinlanmaydi.

To‘lov-kontrakt asosida ta’lim oluvchi talabalarga stipendiya tayinlash va to‘lash tartibi

To‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga o‘z xohishlariga ko‘ra, kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda to‘lash huquqi beriladi. Stipendiyali to‘lov-kontrakt tarkibiga bazaviy stipendiya miqdorining yillik summasi kiritiladi hamda stipendiya yil mobaynida oyma-oy to‘lab boriladi.

Oliy ta’lim muassasalarida stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlaridan qat’i nazar bazaviy miqdordagi stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi. Oliy ta’lim muassasalarida stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga stipendiyalar belgilangan tartibda ular tomonidan to‘lov-kontrakt summasi to‘langanidan keyin beriladi.