“Hurmatli ota-onalarga qarata aytmoqchiman, Qizlaringizni o‘qiting! Orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishlarida ularga ko‘makchi bo‘ling! Ulug‘larimiz aytganidek o‘g‘il bolani o‘qitsak bir kishi savodli bo‘ladi. Qiz bolani o‘qitsak butun oila butun jamiyat savodli bo‘ladi!!!”
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev
Prezidentimiz ana shunday yuksak ishonch va e’tibor bilan ota-onalarga “Qizlaringizni o‘qiting! Ularga qanot bo‘ling!” deya qaratayotgan murojaatining zamirida ulkan ma’no va mazmun yashirin. Zamon keskinlashib borayotgan bir paytda hamma narsa ta’limga va harakatga bog‘liq bo‘lib qoldi. Yildan-yilga yurtimizdagi xotin-qizlarning ta’lim olishini ta’minlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun imkoniyatlar ko‘p. Oliy ta’limga qabul qilishdan tortib to magistratura bosqichida ham xotin-qizlar uchun anchayin yengilliklar bor. Nafaqat, ta’limda balki ko‘plab boshqa sohalarda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi rolini oshirish maqsadida qator sharoitlar yaratilgan. Maqola davomida barchasi bilan alohida tanishib o‘tamiz.
Oliy ta’lim muassaslariga qabul jarayonlaridagi ustuvorliklar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi” hamda 2020-yil 2-martdagi PF-5953-son farmoniga muvofiq, shuningdek, xotin-qizlarning oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalari kirishda davlat granti asosidagi qabul doirasidagi tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma beriladi.
Tavsiyanoma quyidagi mezonlar asosida beriladi:
- kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar;
- to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
- turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga etmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
- nogiron farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
- 2 va undan ortiq farzandini tarbiyalayotgan, qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
- ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham I yoki II guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
5 yillik ish satijiga ega xotin-qizlar uchun qo‘shimcha kvota qanday qo‘llaniladi?
Imtiyozli kvota Respublika bo‘ylab 500 nafar xotin-qizlarga to‘lov-kontrakt asosida ajratiladi. Tavsiyanoma grantga kirish huquqini bermaydi. Ushbu tavsiyanoma barcha ta’lim shakllari uchun birdek amal qiladi. Berilgan tavsiyanoma to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘qishga kirish imkonini bermaydi. Buning uchun tavsiyanomaga ega xotin-qizlar to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizini va undan kam bo‘lmagan ballni to‘plagan bo‘lishi kerak.
Tavsiyanoma olgan xotin-qizlarga qancha ball qo‘shiladi? degan savollar bilan murojaat qilmoqda. Tavsiyanomaga hech qanday qo‘shimcha ball qo‘shib berilmaydi biroq, tavsiyanoma olgan xotin-qizlar uchun imtiyozli 500 ta kvota faqat birinchi yo‘nalishga amal qiladi. Ikkinchi va undan keyingi yo‘nalishlar uchun kvota amal qilmaydi.
Kontrakt-to‘lovida qanday ustuvorliklar bor?
Quyida qaysi toifadagi talabalar (ichida xotin-qizlar ham bo‘ladi) me’zonlarga to‘g‘ri kelsa shuning o‘zi yetarli:
- “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollar farzandi;
- oila a’zolarining kamida bittasi I guruh yoki har ikkisi II guruh nogironligi bo‘lgan kam ta’minlangan oilaning professional yoki OTMda ta’lim olayotgan farzandi;
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilaning professional yoki OTMda ta’lim olayotgan farzandi;
- nogironligi yoki salomatligida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchi-talaba;
- oilasi kam ta’minlangan talaba. Mehribonlik uyi yoki Bolalar shaharchasida tarbiyalangan o‘quvchi-talaba;
- “Temir daftar”ga kiritilgan oila farzandi;
- ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, vasiylikka olingan kam ta’minlagan o‘quvchi-talaba;
Professional ta’lim tashkilotlarida ta’lim olayotgan hamda faoliyat yuritayotgan davlat, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallarida ta’lim olayotgan talabalarga ham kontrakt summasining bir qismi to‘lab beriladi. Bu hollarda bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki shaklida hamda magistraturaning kunduzgi yo‘nalishida talaba o‘qishi zarur. Mazkur xarajatlar yoshlar yetakchisining ijobiy tavsiyasi asosida to‘lov-shartnomasining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravari (16,5 mln so‘m) dan oshmagan miqdorda sxemaga muvofiq to‘lab beriladi. Qarorga ko‘ra, ularning maxsus ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, quyidagi hollarda o‘qishga kirgan talabalarning kontrakt pullari to‘lab beriladi.
Magistratura xotin-qizlar uchun davlat granti asosida bo‘ladi
Vazirlar Mahkamasining (447-сон, 15.08.2022 yil.) qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt summasini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan. Unga ko‘ra, davlat OTMlari, shu jumladan, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi, Bosh prokuratura akademiyasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, Biznes va tadbirkorlik Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt-to‘lovlari qaytarish shartisiz qoplab beriladi.
Buning uchun magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan talaba xotin-qizlar 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab o‘quv yili uchun to‘lov-kontraktning to‘liq summasini qoplab berish yuzasidan (tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt to‘lovlari bundan mustasno) o‘zlari ta’lim oladigan muassasa rektori (filial direktori) nomiga 15 sentabrgacha ariza bilan murojaat etadi. Ushbu muddatdan keyin taqdim etilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi. Arizalar 3 ish kunida ko‘rib chiqilib, ro‘yxat shakllantiriladi. Talabgorlarga to‘lov-kontrakt summasini qoplab berish to‘g‘risida o‘quv yilining 15 oktabriga qadar tegishli OTM rektori buyrug‘i qabul qilinadi.
Ta’limdan tashqari, kreditlar bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish uchun 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga, chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki) uchun 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga har bir mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisining tavsiyalariga muvofiq tuman (shahar) Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazining asoslantirilgan va natijadorligi aniq hisob-kitob qilingan holdagi qarori asosida taqdim etiladi. Bir hafta muddatda ayollar muammolarini tizimli va manzilli ravishda o‘rganish va hal etish doirasida shakllantirilgan maxsus jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish orqali davolanishga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar ro‘yxatidagi hamda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan xotin-qizlarning davolanishi uchun alohida mablag‘lar davlat byudjetidan ajratiladi.
2021-yildan boshlab, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida, ularga ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich badalni to‘lab berish va ijtimoiy uy-joylar sotib olish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga mablag‘lari yo‘naltiriladi. Bulardan tashqari, noturar joyda istiqomat qiluvchi ayollarni uy bilan ta’minlash uchun ham 10 milliard so‘mdan pul ajratiladi. To‘liq o‘qish, (https://lex.uz/ru/docs/-5320582?ONDATE=07.03.2022).
Ko‘ryapsizki, har qanday sohada yoki yo‘nalishda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘plab imkoniyatlar joriy etilgan. Xulosa qilib aytganda, xotin-qizlarning bugungi jamiyatdagi faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida ham moddiy ham ma’naviy tomonidan yordam ko‘rsatilmoqda. Faqatgina bundan opa-singillarimiz oqilona foydalanishlari kerak xolos!