Talabalar ijaraga uy topishda qiynalyaptimi?
Talabalarga kvartira puli to‘lab berilyaptimi?
O‘qish boshlandi. Viloyatlardan poytaxtga kelib o‘qiydigan talabalar turar-joy masalasida muammoga duch kelyaptimi? Bu borada kichik so‘rovnoma o‘tkazdik. Ma’lum bo‘lishicha, aksariyat talabalar yotoqxonalarga muammosiz joylashishgan. Talabalarning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yillarga qaraganda turar joy bilan bog‘liq muammolar ancha yaxshilangan. Kvartira uchun oylik pullar to‘lab berilmoqda.
Qolaversa talabalarning ijaraga joy topishida qiyinchiliklar bo‘lmagan. Ya’ni Toshkentda ijara narxi sharoiti, joylashuviga qarab har xil. Narxni uy egasi belgilaydi.
Bu tabiiy chunki, kvartira uchun har oy davlat byudjetidan 375 ming so‘mdan to‘lab berilayotgani talabalarga ancha yengillik tug‘diradi-da!
Vazirlik ham bu borada anchagina amaliy ishlar qilgani rost. Masalan: Oliy ta’lim muassasasi rasmiy veb-sayti orqali yangi topilgan ijara uylari hamda ijara uylari haqidagi ma’lumotlar (manzili, xonadon egasining ismi-sharifi, telefon raqami, ijara uyining narxi ko‘rsatilgan holda)ni e’lon qilish ishlarini samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan .
Eng muhimi, oliy ta’lim muassasalari rektorlari yotoqxona va ijarada istiqomat qilayotgan talabalar holidan shaxsan xabar olib, yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishmoqda. Ijara xonadonlariga ham, yotoqxonalarga ham tashriflarni har haftada kamida bir marotaba amalga oshirish tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
Hammasi yaxshi, yillar davomida hududlardan kelayotgan talabalarni qiynagan turar joy muammosi o‘z yechimini topib ulgurdi deya olamiz, ayrim mayda kamchiliklarni aytmasa albatta.
Daromad solig‘i olinmaydi
Gap shundaki, yotoqxonalardan tashqari talabalarning bir qismi ijara asosida turar joy qidirishdi. Ahamiyatlisi, bugunda ijarachilardan daromad solig‘i olinmaydi
Daromad solig‘idan qochish uchun ba’zi fuqarolar talabalar bilan ijara shartnomasi tuzishni istamaydi yoki soliq to‘layman degan vaj bilan ko‘proq pul talab qiladi. Ammo Soliq kodeksining 378-moddasiga ko‘ra, ijaraga beruvchi shaxsning uy-joyini talabalarga ijaraga berishdan olingan daromadlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinmaydi.
Shuningdek, uy-joyni ijaraga beruvchilar shartnomani portal orqali davlat hisobiga bepul qo‘yishi mumkin. Bu ijaraga beruvchining majburiyati hisoblanadi va shartnoma tuzilgan sanadan boshlab 3 kun muddat ichida amalga oshirilishi kerak.
Ammo shunga qaramay, ko‘pchilik uy egalari yoki “Makler”lar talabalarga, ayniqsa yigitlarga ijara berishni istashmagan. Ayni jihat “Avlod media”ni befarq qoldirmadi. Bu masalaning sababini o‘rganish maqsadida uy egalaridan intervyu ham oldik.
Orzugul Xo‘jamurodova -Uy egasi:
“Men yillar davomida ijara asosida ko‘chmas mulkimni bergan bo‘lsam, talabalar, ayniqsa yigitlar hech qachon kelishuvlarni bajarishmaydi. Eng ko‘p uchraydigan holat – 2 kishi turamiz deb 5, ba’zan 10 kishi bo‘lib ketishadi. So‘rasam, “bu mehmon” deb yolg‘on gapirishgan, keyin asl holatni qo‘shnilarim aytgan. Ehhe, kommunal to‘lovlar ham to‘planib ketadi va ulardan keyin albatta qarzdorlik qoladi. Uyning ta’miri rasvo bo‘lishiku aniq.”
Akbar Ochildiyev -makler
“Ijara berishdan maqsad daromad ko‘rish. Ammo talabalar bilan bu ham o‘ziga xos muammo. Deylik, 2kishi 200 dollarga yashaydigan bo‘lishsa, o‘sha 200 odatda chala-yarim undiriladi yoki nasiya bo‘ladi. Izlab borsangiz bittasi chiqadi va o‘zlariga tegishli 100 dollarni beradi (bersa uniyam).Har gal studentni ijaraga qo‘ysam pushaymon bo‘lganman.”
Biz ijarachilar bilan bo‘lgan suhbatda yuqoridagi sabablar bilan birga, – tozalik masalasida ham e’tirozlarni eshitdik. Talabalar nafaqat yigitlar balki qizlar ham bu borada ancha norozilik holatlarni keltirib chiqarayotganini tan olish kerak. Xullas talaba yashagan ijara uyda muammolar kelib chiqaveradi, bu esa albatta qo‘shnilarni ham bezovta bo‘lishiga sabab bo‘lar ekan.