Hindistonda ta’lim tizimi

Hindiston ta’lim tazimiga hech qiziqib ko‘rganmisiz? Yoki Hindiston desa, ko‘z oldingizga faqat “Shohruh Xon chiqqan bollivud filmlari” keladimi?

Hindiston sivilizatsiyasi juda qadim davrlarga borib taqalishini bilarmidingiz? Tarixdan ma’lumki, ushbu davlat uzoq muddat Angliya mustamlakasi bo‘lgan. Hamma narsaning yaxshi va yomon tarafi bo‘lganidek, buning ham o‘ziga yarasha Hindiston rivojlanishi uchun salbiy va ijobiy jihatlari bo‘lgan. Hindiston davlati o‘z taraqqiyoti yo‘lida turli sohalar bilan bir qatorda, ta’lim tizimiga ham katta e’tibor qaratmoqda. Xo‘sh, Hindistonda ta’lim tizimi qanday? O’zbekiston ta’lim tizimiga o‘xshashmi yoki aksincha?

Siz uchun Hindiston ta’lim tizimidagi qiziqarli ma’lumotlarni to‘pladik:

Hindiston ta’lim tizimi so‘ngi 10 yillikda tubdan o‘zgardi. Bunga sabab mamlakat iqtisodiyotining jadal sur’atlarda rivojlanishi va malakali mutaxassislar hamda ishchilarga bo‘lgan ehtiyojning ortishi sabab bo‘ldi. Ta’limning barcha bo‘g‘inlari – maktabgacha ta’limdan tortib to oliy ta’limgacha – mamlakat aholisi orasida yaxshi ta’lim va mutaxassislikka ega bo‘lish muhim vazifalardan biriga aylandi. Hindistondagi oliy o‘quv yurtlarida o‘qish xorijlik talabalar orasida ham tobora ommalashib bormoqda. Bundan tashqari, u yerda bepul oliy ta’lim olishning bir qancha an’anaviy usullari mavjud.

Hindistonda ta’lim tizimi uch bo‘g‘indan iborat:

maktabgacha ta’lim;
maktab ta’limi;
oliy ta’lim.

Maktabgacha ta’lim

Odat bo‘yicha Hindistonda kichik yoshdagi bolalar onasi yoki yaqin qarindoshi qaramog‘ida bo‘ladi. Xuddi O‘zbekistondagi yoki Yevropa davlatlari kabi u yerda “bog‘cha”lar mavjud emas. Bola maktabga chiqqunga qadar onasi unga bilim beradi va uni boshlang‘ich maktabga tayyorlaydi, biroq so‘nggi o‘n yillikda bolalarning maktabgacha bo‘lgan davrda uyda qolishi muammoga aylanib bormoqda. Bu muammoga yechim sifatida maktablar qoshida qo‘shimcha “tayyorlov guruhlari” tashkil etilgan. Ushbu guruhlarga bolalar qoida bo‘yicha 3 yoshdan boshlab qabul qilinadi va ta’lim jarayoni o‘yin shaklida o‘tkaziladi. Taxminan, shu yoshdan ular ingliz va hind tillarini o‘zlariga biriktirilgan muallimlar orqali o‘rgana boshlaydilar. Maktabga tayyorgarlik bir yildan ikki yilgacha davom etishi mumkin.

O‘rta ta’lim (maktab davri)

Hindiston maktablari bolalarni 4 yoshdan boshlab qabul qiladi va ularni yagona ta’lim tizimi bilan o‘qitadi. Dastlabki 10 yillik ta’lim – bepul, majburiy va ta’lim standartlariga mos holda amalga oshiriladi.

Yuqorida aytganimizdek, Hindistonda maktab ta’lim tizimi mutlaqo bepul, ammo shunga qaramay ba’zi badavlat ota-onalar o‘z farzandlarini “xususiy maktablar”ga yoki “nufuzli davlat maktablari”ga o‘qishga berishmoqda. Bunday maktablarda o‘qish uchun to‘lov summasi oyiga 100$ ni tashkil etadi, ammo olingan bilim bepul maktablarga qaraganda ancha yuqori.

Hindiston maktablarida ta’limning birinchi bosqichi hamma uchun bir xil bo‘lsa, 14 yoshga to‘lgan va yuqori sinfga (to‘liq o‘rta ta’lim) o‘tgan o‘quvchilar fundamental yoki kasbiy ta’limdan birini tanlaydilar va shu yo‘nalish bo‘yicha fanlarni chuqur o‘rganadilar. Universitetlarga kirish uchun tayyorgarlik maktablarda amalga oshiriladi. Kasbiy ta’limni tanlagan o‘quvchilar kollejlarga borib kasb-hunar o‘rganadi.

Maktablarda o‘qish 6 kun, har kuni jadval bo‘yicha 6 tadan 8 tagacha darslar o‘tiladi. Hind maktablarida baholash tizimi mavjud emas, ammo bir yilda ikki marta bilimlarni sinovdan o‘tkazuvchi umumta’lim fanlaridan imtihonlar joriy etilgan. Hamma imtihonlar yozma – test ko‘rinishida bo‘lib o‘tadi. Hindiston maktablarida o‘qituvchilarning ko‘pi – erkaklar.

Oliy ta’lim

Hindistonda oliy ta’lim ancha rivojlangan. Sababi u Yevropa standartlariga asoslangan, ayniqsa Britaniya ta’lim tizimiga. Mamlakatda 220 dan ortiq universitet mavjud. Oliy ta’lim uch bosqichdan iborat: bakalavr, magistratura va doktorlik darajasi.

Universitetlar orasida eng yetakchisi V asrda tashkil topgan – Nalanda universiteti. Ko‘plab abituriyentlar aynan shu universitetda o‘qishni orzu qilishadi. Nufuzli universitetlar qatoriga – Kalkutta, Mumbay, Dehli, Rojaston universitetlarini kiritish mumkin. Ularning har birida 130-150 ming talaba tahsil oladi. So‘nggi 10 yillikda Hindiston iqtisodiyoti rivojlanishi sababli injener-muhandislik yo‘nalishidagi universitetlar soni ko‘paydi. Bu borada Hindiston texnlogiya instituti va menejment instituti munosib ko‘riladi. Oxirgi yillarda mamlakatda chet ellik talabalar ko‘payib ketdi – talabalarning 50 foizi chet elliklar.

Oliygohlarni tamomlovchi talabalarning 40 foizi gumanitar sohalarni tamomlashadi. Shu bilan birga, mamlakatda Yevropa ta’lim tizimidan tashqari, an’anaviy – milliy ruhdagi oliy o‘quv yurtlari ham muvjud. Bunday oliygohlarda talabalar mamlakat madaniyati, tarixi, san’ati va tillarini o‘rganishadi.

Xorijlik talabalarning Hindistonda ta’lim olishi

— Bugungi kunda Hindistonda oliy ta’lim olish istagini bildirgan xorijlik talabalar soni oshib bormoqda, buni quyidagi bir necha omillar bilan izohlash mumkin:

— Hindistonda oliy ta’lim yuqori darajada rivojlanib bormoqda.

— Yevropa universitetlari bilan taqqoslaganda, Hindiston universitetlarida ta’lim olish ancha arzon, qolaversa, mamlakatda yashash ham qimmatga emas.

— Hindiston universitetlari bilan ko‘plab hamkorlik dasturlari mavjud: amaliyot va talabalar almashinuvi.

— Davlat tomonidan grantlar va stipendiyalar doimiy rag‘bat sifatida joriy etiladi.

Shuni alohida takidlash joizki, Hindiston universitetlariga kirish uchun imtihon topshirish shart emas, imtihon faqat “alohida” holatlarda o‘tkazilishi mumkin. Ammo siz ingliz tilini bilmasangiz, u yerdagi universitetlarga o‘qishga kira olmaysiz.

Hindiston universitetlarida ta’lim olish – oliy ma’lumotga ega bo‘lganlar uchun ham dolzabrdir. Siz magistrarura va doktarantura bosqichlarida o‘qib kerakli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishingiz mumkin. Bepul ta’lim olish uchun turli grantlar mavjud, albatta, unda ishtirok etish uchun davogarda diplom va ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, Hindistonda ITEC – hamkorlik dasturi orqali ham bepul ta’lim olish mumkin. Ushbu hamkorlik dasturining asosiy yo‘nalishlari – iqtisodiyot va texnika.

Yuqorida Hindiston ta’lim tizimining barcha bosqichlarini birga ko‘rib chiqdik. Bugungi kunda Hindiston tibbiyot, texnika va iqtisodiyot yo‘nalishlarida katta yutuqlarga erishmoqda. Siz ham istasangiz, u yerga borib oliy va undan keyingi ta’limni olishingiz yoki turli hamkorlik dasturlarida o‘zingizni sinab ko‘rishingiz mumkin. Axir bu yurt bizga begona emas, buyuk ajdodimiz – Bobur Mirzo yashab o‘tgan go‘zal diyor!

Muallif: Jamshid Max