8 – mart arafasida, har yili “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari e’lon qilinadi. Bu yilgi mukofotga loyiq ko‘rilganlar orasida 10 nafar yosh talaba qizlarning borligi, yanayam quvonarli bo‘ldi. Ana shunday yosh va shijoatga to‘la qizlar orasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakulteti 3-bosqich talabasi Zanjiloy Abdusalomova ham bor. “Avlod Media” tirishqoq, o‘z ustida ishlashdan to‘xtamaydigan Zanjiloy bilan ajoyib suhbat o‘tkazdi.

“Zulfiya” mukofotiga erishishingizga eng katta xissa qoʻshgan odam kim deb ayta olasiz?
“Mukofotga erishishimga eng katta xissa qo‘shgan inson bu mening bobom bo‘ladi. Bolaligim gazeta va jurnallar mutolasi bilan. Uyimizda hamisha “Xalq soʻzi”, “Darakchi”, “Yangi Oʻzbekiston” nashrlari qoldirmay oʻqilar edi. Sababi rahmatli bobojonim gazeta oʻqishni yoqtirar gazetalarning yangi sonini qoldirmay oʻqir edilar. Men hali harf tanimasam ham ularni varaqlab oʻtirar ba’zida xuddiki oʻqishni biladigandek sahifa suratlariga boqib hikoyalar bitar edim. Xat savodim chiqqach kichik-kichik hikoya she’rlar yoza boshladim. Bu she’r va hikoyalarni bobom ikkimiz pochta orqali gazetalarga joʻnatar edik. Pochtalyon amakining uzoqdan koʻringan velosapedi meni quvontirar edi. Sababi ular yo mening maqolam e’lon qilingan gazeta yoki biron nashrning yangi sonini olib kelar edilar. Gazetalarda ismimni qayta-qayta oʻqib zavqlanganman. Maqolam chop etilgan gazeta hamisha kechalari yostigʻim ostida edi. Bolaligim shunday bosma nashrlarga muhabbat ila oʻtgan. Bu tuygʻu meni Jurnalistika sari yetakladi”
Saralash jarayonlarida sizda qanaqa qiyinchiliklar boʻldi?
“Saralash jarayonida mening barcha maqolalarimni ko‘rishdi. “Aynan qanday mavzularda maqolalar yozasiz?” deb so‘rashganda men shunday javob berdim. “Jurnalist keng qirrali bo‘lishi kerak, u har doim ochiq-oshkora, jamiyatdagi kamchiliklarni, yutuqlarni, barilla aytishi kerak. Bir tomonlama emas ya’ni davlat va xalq o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajarishi kerak. Shuning uchun men turli mavzularda yozaman. Tanqidiy, tahliliy va ijtimoiy, Prezident targ‘ibotini ham yozaman” – deya aytdim. Ushbu maqolalarimga va tarjimalarimga ham alohida e’tibor qaratishgan”
Mukofotga keyingi yil hujjat topshirishni xohlagan talaba qizlarga qaysi xatolarni qilmaslikni tavsiya berar edingiz?
“Keyingi yil mukofotga hujjat topshirmoqchi bo ‘lgan qizlarga men shuni maslahat berardim. Birinchi navbatda, o‘z haq-huquqlaridan, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, o‘z sohasining qaysi yo‘nalishlarida bo‘lishidan qat’i nazar eng zo‘ri va eng yaxshisi bo‘lishga harakat qilisha, mukofotga qarab chopib emas, mukofot ularga chopib kelishi uchun harakat qilishsa, hammasi ijobiy tomonda bo‘ladi. “Mukofotni fikrimcha, harakatlarimizni o‘lchaydigan bir tarozi” – deb bilaman. Agar o‘sha tarozimiz qachonki, tosh bosadigan davrga kelib qoladigan bo‘lsak, biz o‘z – o‘zidan o‘sha mukofot bilan taqdirlanamiz. Shuning uchun mukfotga topshiradigan qizlar asosan, o‘z sohalarini o‘z yo‘nalishlarini zo‘ri bo‘lishlarini tilab qolgan bo‘lar edim”
Siz motivatsiyani nimadan olgansiz?
“Chekka qishloq maktabida oʻqiganligim sababli gazeta jurnallar nashrini jonli koʻrish pochta orqali emas tahririyatlarga borib maqolalarimni koʻrsatish orzuyim boʻlgan. Orzular karvoni meni Toshkent sari yetakladi. Men doʻppidek qishlogʻimni tashlab yelkamda olam-olam orzular ila Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetiga davlat granti asosida talabalikka tavsiya etildim. Ulkan maqsadlar-u, shahdam qadamlar ila ijodni davom ettirdim. Yoshlarga berilayotgan imkoniyatlardan keng foydalandim. Talabalikning ilk yillaridayoq Aleksandr Faynberg nomidagi maxsus stipendiya sovrindori boʻldim. Zomin semnari-2024 ishtirokchisi boʻldim. Yuzdan ortiq maqolalarim respublika nashrlarida chop etildi. Meni faqat bir narsa harakatga chorlaydi men qishlogʻimdan ulkan maqsadlar ila kelganman. Ortimda menga mahallam, ota-onam, ustozlarim, Yurtboshim ishonch bildirib qoʻllab quvvatashmoqda. Bolalikdan yuragimning tubida yana bir kichik maqsadcham meni doim harakatga chorlar edi. Bu ham boʻlsa Muhtaram yurtboshimiz, ishonchi va minglab qizlarimiz erishishni orzu qilgan “Zulfiya mukofoti” edi. Har bahor tanlov javobini intizorlik bilan kutar, men ham munosib koʻrilishimni chin dildan istar edim. Bu yili ham har yilgidek intizorlik va umid bilan kutdim. Bahor qor bilan boshlandi lekin men uchun qorli emas nurli keldi. Sababi men “Zulfiya nomidagi davlat mukofoti”ga loyiq topildim. Prezidentimiz qarorlarida ism sharifimni oʻqir ekanman beixtiyor koʻzlarimga yosh oraladi. Kechagina yulduzlarni qayta-qayta sanab toliqqan tabiatning qir-adiri-yu, har bir moʻjizasiga hayrat koʻzi bilan boqqan, kichik qishlogʻining goʻzal tabiati-yu keng dalalarini she’rlarida kuylagan murgʻak qizcha koʻz oʻngimda namoyon boʻldi. Bugun orzularga limmo-lim boʻlib davlat mukofoti bilan taqdirlanish arafasidaman. Bu mukofot yurtboshimiz ishonchi menga ulkan ma’suliyat yuklaydi. Endi men har galgidanda koʻproq harakat qilishim, bu ishonchga munosib boʻlishim darkor. Bu yo‘lda qoqilishim, to‘siqlarga duch kelishim mumkindir. Ammo meni bir narsa quvontiradi: to‘g‘ri va o‘zimga munosib yo‘lni tanladim. Ajdodlarimga ko‘p ko‘rishgan baxtga bugun men erishib turgan ekanman, kelajagi buyuk yurt farzandi sifatida maqsadimga yetishimga ishonaman.
Lablarimning shiviriga ohista quloq tutaman va anglaganim shu bo‘ladi: O‘zbekiston!
Munis onam aytgan alla navolari birla tomirimga hayot yanglig‘oqqan, buvijonim aytgan ertaklar tufayli jajji tasavvurimda o‘ynagan savollarimga bugungi javobim – Vatan.
Onam yopgan issiq kulchani qo‘llarimga tutolmay ariqlarga oqqizganim, kunduzlari oftoblarga , tunlari pariro‘y mohtobimga mengzaganim – Vatan!
Men yangi Oʻzbekistonning baxtli qiziman.
“Avlod Media” jamoasi nomidan Zanjiloyni chin dildan tabriklaymiz va kelgusida erishishni maqsad qilgan barcha rejalarining ro‘yobini ko‘rishni tilab qolamiz. Kelajakda, Zanjiloydek tinib-tinchimas, bilim va shijoatga to‘la qizlarimizning safi kengayishini tilab qolamiz!