Mazkur tartib bo’yicha talabalarni qiziqtirgan ko’plab savollarga javoblar:
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-mart sanasida qabul qilingan 149-son “Oliy taʼlim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga ko’ra, belgilangan yangi tartib haqida talabalarni qiziqtirgan ba’zi savollarga javoblar:
1. Taʼlim grantini qayta taqsimlashda ishtirok etuvchi talabalar qanday mezonlarga javob berishlari lozim?
Taʼlim grantini olish uchun tanlov jarayonlarida joriy oʻquv yilida “GPA”, yaʼni taʼlim dasturi boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichi 3.5 va undan yuqori boʻlgan barcha talabalar ishtirok eta oladi. Ushbu mezonga javob bera oladigan talabgorlar oliy taʼlim tashkilotining rasmiy veb-saytida onlayn roʻyxatdan oʻtgan holda tegishli hujjatlarni topshirishi mumkin. “GPA” koʻrsatkichi belgilangan balldan past boʻlgan talabalar bunda ishtirok eta olmaydi.
2. Taʼlim grantini taqsimlashda talabaning ijtimoiy faolligi ham inobatga olinadimi?
Ha, inobatga olinadi. Bunda talabaning GPA koʻrsatkichi va ijtimoiy faolligi uchun alohida ball beriladi hamda baholash boʻyicha tegishli komissiyalar tashkil etiladi. Talabaning akademik oʻzlashtirish koʻrsatkichi boʻyicha ballar tegishli GPA koʻrsatkichini “16” soniga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi. Masalan, talabaning GPA koʻrsatkichi “5” boʻlsa, bunda talaba ushbu yoʻnalish boʻyicha maksimal 80 ball olishga muvaffaq boʻladi.
Talabaning ijtimoiy faolligi uning kitobxonlik madaniyati, “5 muhim tashabbus” doirasidagi toʻgaraklarda faol ishtiroki, talabaning darslarga toʻliq va kechikmasdan kelishi, volontyorlik va jamoat ishlaridagi faolligi singari belgilangan 11 ta mezon asosida baholanadi. Har bir mezon boʻyicha alohida ball beriladi. Bunda talaba maksimal 100 ballgacha toʻplashi mumkin.
3. Grantni qayta taqsimlash nechanchi kurslar uchun boshlab amal qiladi?
Mazkur nizom talablari ushbu nizom qabul qilingan oʻquv yilidan boshlab, talabalikka tavsiya etilganlar uchun amal qiladi. Yaʼni 2024-2025 oʻquv yilidagi I bosqich talabalari uchun, joriy yilning yoz oylarida tanlov tashkil etilib, ular uchun II bosqichdan grantlarni qayta taqsimlash boshlanadi.
4. Taʼlim grantini olish uchun hujjat topshirish qachon boshlanadi va natijalar qaysi vaqtda eʼlon qilinadi?
Talabalarning akademik oʻzlashtirish koʻrsatkichi hamda ijtimoiy faollikni aniqlash boʻyicha komissiyaga hujjat topshirish muddatlari oliy taʼlim tashkiloti tomonidan belgilanadi. Biroq, har yili 1-avgustga qadar talabgorni baholash natijalari maxsus komissiyaga taqdim etilishi hamda yakuniy natijalar, yaʼni taʼlim grantini oluvchi talabalar roʻyxati oliy taʼlim tashkilotining rasmiy veb-saytida har yili 25-avgustga qadar eʼlon qilinishi lozim.
5. Toʻliq boʻlmagan taʼlim granti ham mavjudmi?
Taʼlim granti soni ikkinchi va undan keyingi kurslar uchun taʼlim yoʻnalishi, taʼlim tili va kurslar kesimida talabalar sonidan kelib chiqib, oliy taʼlim tashkiloti rektori tomonidan toʻliq taʼlim granti hamda toʻliq boʻlmagan taʼlim grantiga ajratiladi. Bunda:
➖toʻliq taʼlim granti – taʼlim granti bazaviy sonining 50 foizidan kam boʻlmagan miqdorda;
➖toʻliq boʻlmagan taʼlim granti – taʼlim granti bazaviy sonining toʻliq taʼlim grantidan qolgan qismining ikki baravari miqdorida belgilanadi.
- Nechanchi kurslarga taalluqli?
Ushbu tartibni qo’llash 2024/2025-o’quv yilida talaba bo’lganlardan boshlanadi. Boshqacha aytganda, hozirgi 1-kurslarga taalluqli. Ya’ni hozirgi 1-kurslar uchun yoz oyida grant o’rinlari qayta taqsimlanadi.
Hozirda ikkinchi va undan yuqori kursda o’qiyotgan talabalarda hech narsa o’zgarmaydi. Ya’ni hozir 2-kursda grantda o’qiyotgan talaba toki tugatgungacha grantda qoladi, o’zlashtirish ko’rsatkichidan qat’i nazar.
- Magistrlarga taalluqlimi?
ha, ushbu tartib magistrlarga ham taalluqli. Ya’ni 1-kursda o’qiyotgan magistrlarning grantlari yozda qayta taqsimlanadi.
Bunda, quyidagilarni inobatga olish zarur:
1) o’zlashtirish ko’rsatkichidan qat’i nazar, magistraturada tahsil olayotgan qizlar uchun davlat byudjetidan kontraktlarini to’lab berish davom etadi;
2) to’liq davlat grantidan iborat mutaxassisliklar uchun ushbu tartib qo’llanmaydi, chunki bundan ma’no yo’q;
3) o’qish muddati 1 yilni tashkil qiluvchi mutaxassisliklarda ham ushbu tartib qo’llanmaydi, bu ham mantiqan tushunarli.
Imtiyoz bilan grantga kirganlarga ham amal qiladimi?
JAVOB: imtiyoz asosida davlat grantiga kirgan talabalarga ushbu tartib qo’llanmaydi, ya’ni ularga grant 4 yil muddatga beriladi. Bunda o’zlashtirish ko’rsatkichi ahamiyatga ega emas. Imtiyoz deganda, masalan, xalqaro olimpiada g’oliblari, turli davlat mukofoti sohiblari, organ xodimlarining farzandlari, nogironligi bor abituriyentlar, tavsiyanoma olgan xotin-qizlar va boshqalar nazarda tutilmoqda.
Maqsadli qabul bilan kirganlarga-chi?
JAVOB: maqsadli qabulga kirganlar uchun ham, o’zlashtirish ko’rsatkichidan qat’i nazar, davlat granti 4 yilga beriladi. Yangi tartib ularga qo’llanmaydi.
Bir marta davlat grantidan mahrum bo’lgan talaba keyingi o’quv yilida yana grantga talabgor bo’la oladimi?
JAVOB: Ha, talabgor bo’la oladi. Grant o’rinlari uchun tanlov har yili iyul-avgust oylarida yangidan o’tkaziladi. Bunda o’tgan yilgi tanlov natijalari hisobga olinmaydi. Barchasi yangidan boshlanadi. Joriy o’quv yili davomida GPA ko’rsatkichi 3,5 dan baland bo’lgan barcha talabalar grantga da’vo qila oladi.
Boshqacha aytganda, bir marta grantdan mahrum bo’lgan talaba kelasi yili yaxshi o’qisa, yana grant olishi mumkin.
Yangi tartib bo’yicha yana qanday savollaringiz tug’ilmoqda? Bizga yozing