Ko‘pincha talabalar universitetga “forma”siz kelishganda har xil dakkilar eshitishadi. Ular uchun: “uni kiyma, buni kiy, bunday kiyimda kelish mumkinmas, o‘quvchiga o‘xshab kiyinib yursang, bo‘lmaydimi, falonchidan o‘rnak ol” kabi gaplar allaqachon yod bo‘lib ketgan. Darsga kechikib kelgan ayrim talabalar ba’zan darsga kiritilmaydi, hatto ozgina kechikishsa ham, shu holat ro‘y beradi. Ular universitetga ta’lim olish uchun kelishadi, shuning uchun pul to‘lashgan.
Ayrim qat’iy prinsiplarga ega o‘qituvchilarning kasriga talaba bilim olishdan mahrum bo‘lishi adolatdanmi? Bu masalaga xolis yondashish uchun biz ikki tomon vakillari fikriga quloq tutdik.
Jahongir Abdullayev, O‘zJOKU talabasi
“Universitet talabasi – maktab o‘quvchisi emas. Unga yosh boladek muomala qilishlari menga yoqmaydi. Agar menga shunday muomala qilishsa, buni qoloqlik namunasi deb bilaman. Umuman olganda, o‘quvchi dars so‘ngida kelib, hech kimga xalaqit bermay auditoriyaga kirishi mumkin deb o‘ylayman”.
O‘zJOKU I bosqich talabasi
“Qars – ikki qo‘ldan chiqadi, deganlaridek, agar o‘qituvchi darsni qoyilmaqom o‘tayotgan bo‘lsa va talabada ham kech qolish uchun asosli sabab bo’lmasa, u kech qolmagan bo‘lardi. Menimcha, talaba va pedagog o‘rtasida ham xuddi qadimgi faylasuf Arastuning «shartnoma nazariyasi»ga o‘xshash ichki shartnoma tuzilishi kerak. Shunda pedagog o‘z vazifasini mas’uliyat bilan bajaradi, o‘quvchi esa o‘z vaqtida darsga keladi”.
Dinora Tajibayeva, Urganch davlat universiteti talabasi
“Bunday vaziyatda talabani darsga kiritmaslik uchun o‘qituvchining yetarli asosi bor. Har bir universitetda ma’muriyat tomonidan belgilangan qonun-qoidalar mavjud. Agar talaba ushbu qoidalarga amal qilmasa yoki ularni asossiz ravishda buzishga urinsa, o‘qituvchi tutgan bu yo‘lni ma’qullayman”.
Sabohat Rahimova, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi
“Menimcha, bu holat birinchi marta sodir bo‘layotgan bo‘lsa, talabaga darsga kirishi uchun ruxsat berilishi kerak. Agar bu holat qayta-qayta takrorlansa, o‘qituvchi darsga kiritmasligi o‘rinli bo‘ladi. “Forma” masalasi esa bahsli mavzu, lekin shu paytgacha universitetimizda “forma” talab qilishganiga guvoh bo‘lmadim”.
Gulmira Shukurova, O‘zJOKU o‘qituvchisi
“Bugungi bozor munosabatlariga asoslangan jamiyatimizda talaba – buyurtmachi hisoblanadi. Pedagog uning talabidan kelib chiqib dars o‘tadi, ya’ni talaba to‘layotgan “kontrakt” puli – o‘qituvchining maoshi degani. To‘g‘ri, biz sharq mamlakati bo‘lganimiz bois, bizda ta’lim va tarbiya yonma-yon olib boriladi. O‘ylashimcha, oliy ta’lim dargohida tarbiyaga hojat yo‘q. Maktab va litseylarda tahsil olgan o‘quvchiga biz faqat proffesional kasbiy ko‘nikma o‘rgatamiz, xolos. “Forma” masalasiga kelsak, u hech narsani hal qilmaydi. O‘zaro hurmat munosabatlari o‘rnatilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi”.
Jamshid Maxsumov, filolog, o‘zbek tili mutaxassisi
Talaba ongli yoshdagi shaxs bo‘lib, uning universitetga kirishdan asosiy maqsadi – bilim olish va o‘z sohasining mutaxassisi bo‘lib yetishish. “Forma”ga birlamchi omil sifatida qarash “zamonlari” o‘tib ketdi. Bu bilan “har kim o‘z kiyim javonida nimani topsa, shuni kiyib kelsin, gulzor, chamanzor yoki svetofordek tovlanib tursin” deyish fikridan yiroqman. Inson, xoh u talaba bo‘lsin, xoh o‘qituvchi, avvalo, o‘ziga yarashgan va o‘zini qulay his qiladigan kiyim-kechakdan foydalanishi kerak. Ta’lim dargohlarida qanday “kiyinish madaniyati” hukm surishi hech kimga sir emas. Shunga qaramay, hech kim birovga “sen mana shu kiyimni kiyishing kerak” deb buyruq berishga haqli emas, siz faqat tavsiya berishingiz mumkin, talaba buni ilsa – ildi, ilmasa, bu – uning tanlovi.
Darsga kechib kelgan talabaga, nima bo‘lgan taqdir ham, auditoriyaga kirishi uchun ruxsat berilishi kerak. Asosiysi, dars payti o‘qituvchi o‘z o‘rnida bo‘lsa, bas. Talabaga ilm olishi uchun imkon berilishi shart. Agar talaba darsga o‘z vaqtida yetib kelmasa, o‘qituvchi tomonidan beriladigan kerakli ma’lumotlardan quruq qolishi ehtimoli yuqori. Zero, “Vaqting ketdi – naqding ketdi” deb bekorga aytishmaydi. Shu sababli yoshlarga o‘z vaqtlarini to‘g‘ri taqsimlashni, har bir daqiqadan unumli foydalanishni tavsiya qilaman. Unatmang: “Talabalik – oltin davr”. Uni qanday o‘tkazish har kimning o‘ziga bog‘liq.