OTMda ta’lim sifatini oshirish choralari

“Oliy ma’lumot”, “oliy ta’lim” tushunchalari jamiyat uchun dolzarb va eng ahamiyatli tushunchaligicha qolmoqda. Bugunda jamiyki huquqbuzarliklarni sodir etilishi, tushunmasdan, bilib-bilmasdan jinoyat yo‘liga kirib qolish, ishsizlik va kambag’allik kabi sabablar tufayli yuzaga kelmoqda. Bunday holatlar asosan ishsiz, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan fuqarolar orasida uchrashi ko‘p kuzatilgan.

Oliy ma’lumot faqatgina ishli bo‘lish, kasb orqasidan farovon hayot kechirish uchungina kerak deganlar xato o‘ylashadi. Har bir inson shaxs bo‘lib  rivojlanishida, dunyoqarashi o‘sishida oliy ma’lumotli bo‘lish muhim. Shu sabab O‘zbekiston rivojlangan davlatlar safidan joy olish uchun aholisining asosiy qismi oliy ma’lumotli bo‘lishi kerak. Bugungi kunda mehnatga qobiliyatli aholining taxminan 45 foizidan sal ortiqrog‘i oliy ma’lumotli. Qolgan aholi o‘rta maxsus yoki o‘rta ma’lumotli kishilar. Rivojlangan mamlakatlarda esa mehnatga qobiliyatli aholining 80-90 foizi oliy ma’lumotga egaligini inobatga oladigan bo‘lsak, o‘zimizda ahvol qay holatda ekaniga izohning hojati yo‘q.

OTMda ta’lim sifatini ko‘tarishning omillari

Jamiyat rivoji, yurt farovonligida albatta oliy ma’lumotlilarning o’rni yuksak darajada. Buning uchun esa oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlab beradigan OTMlarda ta’lim sifati ham muhimdir. Ta’lim sifati haminqadar ekanligi, tizimda rivojlantirish borasida ishlar ketayotganligi hammamizga ayon. Biz bu haqida gapirmoqchi emasmiz.

Bugun oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, borasida keng ko‘lamli vazifalar turibdi.

Forma kiygan bilan ta’lim sifati oshib qolmaydi?

Oliy ta’lim oldida bugun sifatni oshirish vazifasi turgan ekan, bu jarayonda qat’iy intizomni joriy qilish zarur. Ta’limni tarbiya bilan olib borish lozimligini davrning o‘zi isbotlab turibdi. Intizom bo‘lmagan joyda vaqt yo‘qotiladi.

Ammo bugun intizomni faqat forma kiyishda deb biladigan mutasaddilar borki, ortiqcha ovoragarchilik bilan talabani bir xil forma kiyishga majbur qilishi ortidan ko‘plab noroziliklar kelib chiqdi. Buning uchun ham qancha vaqt va e’tibor sarflandi. Zero tartib-intizom faqat forma kiyish bilan cheklanmaydi.

Bu har bir professor-o‘qituvchi va talabaning o‘z burchini chinakamiga belgilangan tartibda ado qilishi bilan ham bog‘liq. Talaba darsga kelgani bilan u bilimni to‘kis qilishi uchun o‘zi ham izlanishi, o‘qishi kerak. Bugun talaba o‘qiyaptimi?! Afsuski, kitob o‘qiydiganlar juda kam. Talaba qiziqib darsiga kiradigan professor-o‘qituvchilar ham sanoqli. Biz o‘tkazgan so‘rovnomada talabalarning asosiy qismi malakali, qiziqtira oladigan o‘qituvchining darsiga faol qatnashishini ma’lum qilishgan.

Bitirganlarni ish bilan ta’minlash kerak

 Oliy ta’lim muassasasini bitirib ish topolmayotganlarni ko‘rsangiz yoki eshitsangiz, oliygohda o‘qishdan ham ko‘nglingiz qolib ketadi.

 O’qishga ko’pchilik kelgusida ishlash uchun kiradi. Ammo bugunda bitirganlarning asosiy qismi ishsiz, ayrimlari xorijga ishlagani ketmoqda yoki taksist.

O‘quv yurtlarida tegishli davlat idoralari va tashkilotlari maxsus buyurtmalari asosida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish lozim. Shunda aksariyat talabaning ish joyi ular diplom olguncha aniq bo‘ladi. Talabaning amaliyot o‘taydigan joyi ham aniq shu korxona hisoblanadi. U o‘qish bilan birgalikda, buyurtmachining talabiga mos mutaxassis bo‘lishga harakat qiladi. To‘g‘ri bu borada 2019/2020 o‘quv yilidan ish boshlandi. Ammo juda qisman tartibda. Buni yanada kengaytirish kerak bo‘ladi.

O’qituvchilar salohiyati

Talabalarni yuqori malakali kadrlar etib tarbiyalash masalasi qo‘yilmoqdaki, biroq, shunday kadrlarni tayyorlaydigan pedagoglar yetarli deb bo‘lmaydi.

Afsuski, hozirgi pedagoglari soha xodimlariga e’tibor berilmagan davrda shakllangan mutaxassislardir. Oliy o‘quv yurtini yaxshi o‘qib bitirgan juda ko‘p talabalar yaxshiroq oylik beradigan boshqa sohaga, ayrimlari esa xorijga ketib qoldi. Shu tufayli, tan olib aytish kerak, ba’zi pedagoglar bilim va mahorati talabga javob bermaydi. Eskicha o‘qitish, eskicha usulda dars o‘tish ishlarini davom etmoqda.

Shuning uchun bugunning talabasi faqat diplom olish uchun darsga boradi, bilim olish uchun emas. Shuning uchun endilikda oliy o‘quv yurtlarida ishlaydigan o‘qituvchining malakasi va saviyasiga yuqori talab qo‘yish tizimini joriy etish kerak.

Korrupsiya elementlari asosan oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarida kuzatilar edi. Bunga keyingi yillarda deyarli barham berildi. Ammo OTMlarida ichki korrupsiya elementlari, tanish-bilishlik va mahalliychilik kabilar hamon uchrashi bor gap. Ayni yo‘nalishga ham qat’iy e’tibor berish lozim.

Yuqorida qayd etganlarimiz, ta’lim sifatining pasayishiga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etishda, ta’limni rivojlantirishda muhim hisoblanadi. Shunday ekan ta’lim islohotlarida ushbu taklif va tavsiyalarni qo’llash orqali yaxshi natijalarga erishish mumkin.