Ota-onalar farzandlarining ruhiyatini sindiradigan 6 holat

“Menga yaqinlashma”, “menga gapirma”, “otangga o‘xshamay ket”, “onangni o‘zisan”… va yana shunga o‘xshash, bolaning ko‘nglini og‘rituvchi yuzlab gaplar.

Bolalarni qanday tarbiya qilmaslik haqida Psixolog Saodat Shagazatova.

1. Ortiqcha g‘amxo‘rlik

Agar bola olamingizning markaziga aylanganini payqasangiz, barcha vaqtingiz va resurslaringizni faqat unga sarflab, u haqida doimo tashvishlanib, har kimdan va har narsadan himoya qilishga harakat qilayotgan bo’lsangiz, unda siz uchun yomon xabarim bor: haddan ziyod g‘amxo‘rlik natijasida bolani shaxs sifatida emas, balki xonaki guldek parvarish qilayotgan bo‘lishingiz mumkin.

Ortiqcha g‘amxo‘rlik – ota-ona va bola munosabatlarining ayanchli ko‘rinishi. Bu bolaga haddan tashqari tashvishlanish va uni to‘liq nazorat qilishda namoyon bo‘ladi. Bunday g‘amxo‘rlik unda ojizlik va boshqa odamga qaramlikni keltirib chiqaradi. Doimiy xavotirdagi bolalar xatoga yo‘l qo‘yishdan qo‘rqishadi, doim birovning roziligiga, himoyasiga muhtoj bo‘lishadi. Voyaga yetgach, bolalarning o‘zlari ham bu holatdan tashvishga tushishlari mumkin.

Natijada ikki xil vaziyat yuzaga kelishi mumkin: Ular o‘zlaridagi bor xavotirni tinimsiz yeb-ichish orqali yengishlari yoki bu bezovtalikni ichga yutib, asabiy bo‘lib qolishlari mumkin.

Ma’lum yoshgacha ona – farzandi uchun butun olam, bu olamda u o‘zini xotirjam his qiladi. Agar ona deyarli doimo tashvishlanaversa, u holda, bola bu xavotirlarni sezadi. Ana endi tasavvur qiling: agar sizni o‘rab turgan dunyoda tinimsiz zilzilalar yuz berib tursa, o‘zingizni qanday his qilardingiz?

2. Ortiqcha parvarish

Ortiqcha parvarish haddan ziyod g‘amxo‘rlikka qaraganda bola ruhiyatiga kamroq shikast yetkazadi. Bunda ota-onalar bolani ko‘kka ko‘tarish darajasiga borishmaydi, uning hayotida ularning o‘rni ko‘pincha asosiy ehtiyojlarni qondirish bilan cheklanadi: boqish, kiyintirish, cho‘ntak puli berish kabi. Bunday bolalar o‘z bilganicha voyaga yetadi.

Ortiqcha eʼtiborning yo‘qligi unga dunyoni shaxsiy tajribalari yordamida o‘rganishga imkon beradi. Afsuski, bu hol kamdan kam uchraydi. Axir hali shakllanib ulgurmagan bola ruhiyati o‘ziga bo‘lgan qiziqishning yo‘qligini “borligimning ahamiyati yo‘q”, “men hech kimga kerak emasman”, “bu yerda qolishimdan maʼno qani?” kabi xayollar orqali qabul qiladi.

Natijada o‘zini tashlab ketilgandek, ota-onadan ajrab qolgandek his qiladi, ehtimol, o‘smirlik davrida o‘z joniga qasd qilish fikri ham paydo bo‘lishi mumkin.

Ulg‘aygach, bunday bolalar ruhiy rivojlanishiga qarab, o‘zini kerakli his qiladigan boshqa joylarni qidirishi mumkin. Ko‘plab yulduzlar aynan shu sababdan, keraklilik hisi ortidan quvish natijasida mashhurlikka erishadilar. Biroq bunday bolalarning aksariyati odamovi bo‘lib, o‘z qobig‘iga o‘ralib qolishi va bolalikdagi voqealar takrorlanishini istamaganliklari uchun ham munosabatlardan qochishlari mumkin.

3. “Katta” bola

Dastlabki bir yarim yillikda ona va bola bir butun hisoblanadi. Bola o‘z jismoniy chegaralarini emaklashni boshlab, jismlarga urilganda tushuna boshlaydi.

3 yoshga to‘lganda bola har bir insonda chegaralar borligini anglaydi. Men onamdan alohidaman, mendan tashqari boshqalar ham mavjud. Taxminan shu yoshlarda u o‘zining idishlari, o‘yinchoqlari va kiyimlari – uning chegarasi ekanligini tushuna boshlaydi.

7 yoshda bolaning chegarasi o‘zi o‘ynayotgan, rasm chizayotgan, kitob o‘qiyotgan uy burchagiga qadar kengayadi. Bu hududda u qirol, kitoblar yoki o‘yinchoqlar qaysi javonda turishi kerakligini o‘zi yaxshiroq biladi. Ota-onalar faqatgina bu hududni yana-da qulayroq qilishda ko‘maklashishlari mumkin, lekin so‘rovsiz bunday yordam ko‘rsatmaslik ma’qul.

7 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan davrda bolaning burchagi xona bo‘ylab kengayadi. Jinsiy rivojlanish boshlanadi, bola o‘z tanasini tanib oladi va chegaralari kuchaygani sababli, uning eng ko‘p xohlamaydigan narsasi kutilmaganda uning hududiga bostirib kirishlari bo‘lib qoladi. Eshiklar qulflanadi, telefonga parollar o‘rnatiladi, bolaning o‘zi esa jamiyat tomonga intiladi.

Chegaralar deganda nafaqat erkinlik, balki o‘z yoshidan kelib chiqib bola zimmasiga olishi kerak bo‘lgan masʼuliyat ham nazarda tutiladi. Bunday hollarda, ko‘plab ota-onalar bir xil yo‘l tutishadi: erkinlikni berib, javobgarlikni o‘zlarida saqlab qolishadi.

Farzandingiz daftarini izlab necha marta yugurgansiz? Mehnat fanidan topshiriqlarni tungi soat 2 gacha necha marta bajargansiz? Aynan shu yo‘l bilan biz bolalarimizni masʼuliyatsizlikka o‘rgatamiz. Urishamiz, jahlimiz chiqadi, jazolaymiz, ammo ularning o‘rniga vazifalarni bajarishni davom ettiramiz.

Bu usuldan voz keching. Bolaga bajarilmagan uy vazifasi – bu uning xatosi ekanligini va undan boshqa hech kim buni tuzatishga majbur emasligini tushuntiring. Bola qanchalik tez-tez masʼuliyatni his qila boshlasa, kelajakda har qanday katta va kichik qarorlarni qabul qilishda stressga chidamli bo‘ladi.

Afrika qabilalarida bir marosim bor: belgilangan yoshga yetgan o‘g‘il bolani o‘rmonga yuborishadi. Bola u yerdan omon qaytsa, unga to‘laqonli erkak sifatida qarashni boshlashadi.

Bizning jamiyatimizda bunday marosimlar yo‘q, shuning uchun transformatsiya vaqtini kuzatish qiyin bo‘ladi. Aniqrog‘i, o‘zimiz bu onning kelganini va farzandimizda faqat bolani ko‘rishni to‘xtatish kerakligini tan olishni istamaymiz.

4. Aybdorlik hisi – uyat hisiga teskari

Nizolar yuzaga kelganda, aksariyat hollarda ota-onaning emotsional bosimi bolalarga nisbatan norozilik ko‘rinishida bildiriladi. Eʼtiborsiz, ahmoq, sust, tartibsiz – ushbu ro‘yxatni cheksiz davom ettirish mumkin. Bu bilan ko‘pchilik bolada aybdorlik hisini uyg‘otishga harakat qiladi, lekin bu uyat hisini keltirib chiqaradi. Uyat – bu shaxsiyat, uning harakatlarga umuman aloqasi yo‘q. Bola bulardan bir xulosaga keladi: “men yomonman, ular ozrzusidagi odam emasman”. Sharmandalik rivojlanishga yo‘l bermaydi va o‘zini yo‘q qilishga olib kelishi mumkin.

Agar bolada o‘z harakatlarining miqyosini mustaqil baholash qobiliyatini rivojlantirishni, so‘ng shu muammoga yechim topishni istasangiz, u bilan nimani xato qilgani haqida shaxsiyatiga tegmagan holda gaplashing. Vaziyatga yechim topishni uning o‘ziga qo‘yib bering.

Xuddi shu narsa “aybini” o‘z vaqtida tushunib yetgan holdagi jazoga ham tegishli. Men bu usulni ma’qullamayman, biroq shu yo‘lni tanlagan bo‘lsangiz, bolaga o‘z qilmishidan kelib chiqqan holda munosib jazo tanlashiga ruhsat bering. Bolaga siz yoki u xafa qilgan odam nimani his qilganini tushuntirishga harakat qiling. U uchun mantiqiy zanjir: nima va nega uni aybdor qilganini tushunish muhim.

5. Tanqid, rag‘bat, taqqoslash

Shaxsni emas, uning harakatlarini tanqid qiling. Urg‘u faqat qilingan ishda bo‘lishi lozim: “Sen nimanidir noto‘g‘ri qilding, bu shunday natijaga sabab bo‘ldi”. Tanqid qilish bilan birga bolaga vaziyatni to‘g‘rilash imkoni borligini tushunishi uchun muqobil yechimni ham taklif qiling.

Farzandingizni rag‘batlantirish yoki maqtashni oshirib yubormang. Aldash kerak emas, bolalar buni his qiladi. Shu o‘rinda, bu masalada jinsiy farq ham bor: o‘g‘il bolalarni xatti-harakatlari uchun, qizlarni esa yaxshi fazilatlari uchun ko‘proq maqtash lozim. Ruhiyat shunday tuzilgan.

Bolalarni boshqa bolalar bilan solishtirish yaxshi emas. Dunyo – bu bir butun organizm. Agar organlar bir-biriga o‘xshashni istab qolsa, nima bo‘lishini tasavvur qilib ko‘rganmisiz? Tartibsizlik va vayronagarchilik. Hatto o‘zini o‘zi bilan solishtirish ham xato. Asosiy eʼtiborni uning ijobiy tomonlariga qarating, uning kuchli tomonlarini ko‘rsating, unga kuch bering.

Bolaligida kimdir bilan solishtirilib, voyaga yetgan odam doimo ichidan boshqalarning ma’qullashini izlaydigan bola bo‘lib qolishi mumkin.

6. Nizolar

“Menga yaqinlashma”, “menga gapirma”, “otangga o‘xshamay ket”, “onangni o‘zisan”… va yana shunga o‘xshash, bolaning ko‘nglini og‘rituvchi yuzlab gaplar.

Nizolar – bu odatiy hol, biroq kattalar bunday vaziyatda bola bilan bo‘lgan aloqani uzmagan holda o‘zlarini to‘g‘ri tutishni o‘rganishlari lozim.

Bolaga bosim o‘tkazib, uni siz xohlagandek yo‘l tutishga majbur qilish yoki muloqotdan qochib, uni tushunmovchilikda qoldirish kerak emas. Sizning vazifangiz – uni tinglash.

Hal qilinmagan nizolar bolada uyida bildira olmaydigan emotsiyalarni paydo qiladi. Shunda ular yechimni qaramliklar, agressiya, atrofdagilarga nisbatan g‘azabda topadilar. Natijda bola niqob taqib oladi: uyda kattalarning reaksiyasidan qo‘rqqanligi uchun itoatkor, ko‘chada ichida yig‘ilgan g’azabni chiqarish uchun tengdoshlariga nisbatan yomon munosabatda bo‘ladi. Nima qilish kerak? Ko‘proq suhbatlashing.

Ortiqcha hislarni boshqara olmasangiz, bir biringizga xat yoki xabarlar yozing. Shunda ikkingiz ham o‘z pozitsiyangizni aniq va jamlangan holda bildira olasiz.

Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimanki, bolalar oynaga o‘xshaydi, ular biz o‘zimizda inkor qilayotgan jihatlarni namoyon etishadi. Shunday ekan, avvalo, o‘zingizni boringizcha qabul qiling va bu farzandingizda aks etadi.