Ko‘zingizni ochishingiz bilan birinchi qiladigan ishingiz nima? Telefoningizni “kovlash”mi? Dayerli hamma – tongni o‘ziga kelgan xabarlarni o‘qishdan boshlasa kerak. Aslida ham shunday-ku!
Texnikanika taraqqiyoti va internet rivoji bizni gadjetlarga ipsiz bog‘lab qo‘ygan. Endi barcha yumushlarimizni qurilmalar orqali amalga oshirishimiz mumkin. Hatto kerakli ma’lumotni topish uchun uzoq vaqt izlash, qayergadir borish yoki kunlab navbat kutishga zarurat yo‘q. Shunchaki, telefon orqali qidiruv berishning o‘zi kifoya. Albatta, bu jarayon sizga notanish emas. Axir siz buni kuniga bir necha marotaba amalga oshirasiz-ku!
Shunga qaramay, kitoblar hali ham o‘z o‘rniga va ahamiyatiga ega. U kattaga ham, yoshga ham birdek qiziq. Kimdir ilm olish uchun unga murojaat qilsa, yana kimdir vaqtini mazmunli o‘tkazish yoki kitob o‘qish uning jon-u dili bo‘lgani uchun unga murojaat qiladi. Qani ko‘raylik-chi?! Talaba do‘stlarimiz qaysi kitoblarni siz-u bizga tavsiya qilishar ekan?!
Oydinoy Zoidjonova
NamDU talabasi
Mening eng sevib o‘qigan asarim – Remarkning «Uch og‘ayni» romani bo‘ladi. Asar shu darajada chiroyli yozilganki, dastlabki sahifalaridanoq kishini o‘ziga jalb qiladi.
Romanda dahshatli urushdan keyingi voqealar aks ettirilgan. Ishsizlik, ochlik, riyokorlik… Ayni shulardan foydalangan yuqori tabaqa vakillarining siyosiy zo‘ravonliklari va inson hayotining naqadar qadrsiz ekanligi ko‘rsatib berilgan.
Ta’sirlangan jihatim shuki, bir talaba yigit o‘zi ijarada turadi, qarzga botib ketgan bo‘lsa-da, ilm yo‘lini tanlaydi. Yozuvchi qahramonning jismoniy va ruhiy holatini shu darajada tasvirlaganki, go‘yo u bilan birga yashagandek bo‘lasiz.
«Uch og’ayni» romani – har tomonlama o‘qishga arzigulik asar. Uning nomzodi hatto “Nobel” mukofotiga ham qo‘yilgan, biroq o‘sha paytdagi tuzum mukofotning olinishiga to‘sqinlik qilgan.
Garchi, asar XX asrga tegishli bo’lsa-da, mazmun jihatdan bugungi kun uchun ham o‘zining aktualligini yo‘qotmagan. Jumladan, asarda: «XX asr yoshlariga hayronsan. O‘tmish sizlarga yoqmaydi, bugungi kundan nafratlanasizlar, kelajak bilan esa ishlaring yo‘q. Oxiri baxayr bo‘lsin-da, ishqilib”, – degan jumlalar keltiriladi.
“Bugungi kunda kitobxonlik kamaygan”, degan fikrga unchalik qo‘shilmayman. Chunki hozirda deyarli ko‘pchilik badiiy asar o‘qiydi. Muhokamalar, har xil kanallardagi musobaqalar – buning yaqqol misoli. Oldin biron kiyim moda bo‘lgan bo‘lsa, hozir qaysi kitob trenddaligiga qiziqamiz.
O‘zim ham 2-3 yil oldin kitob sotib olish uchun pul sarflashni ahmoqlik, deb bilardim. Hozir esa aksincha, ancha-muncha dunyoqarashim kengaydimi, bilmadim, har holda tushunib yetdimki, kitob insonning insoniyligini ta’minlab turuvchi vosita ekan.
Ravshan Burxonov
O‘zJOKU talabasi
Ko‘pchilik badiiy asarlar orqali tasavvur imkoniyatlarini kengaytiradi, ammo ilmiy asarlarni o‘qish orqali bilim sarhadlarini kengaytirish jamiyatimiz ravnaqi uchun, eng asosiysi, shaxsiy rivojlanishimiz uchun juda muhimdir.
O‘tgan asrning birinchi choragini Markaziy Osiyo xalqlari uchun hayot-mamot davri bo‘lgan deyish mumkin. Dastlab yo‘lboshchisiz amalga oshirilgan milliy ozodlik harakati, keyinchalik yirik siyosiy shaxslarning bo‘y ko‘rsatishi bilan markazlashgan ijtimoiy-siyosiy jarayonga aylanib bordi.
Ayni shunday qaltis zamonda bir guruh taraqqiyparvarlar jamiyat rivoji, milliy ozodlik va hurlik uchun maydonga chiqdilar. Ovrupada tahsil olgan, mustamlakachilar qonunchiligini mukammal tarzda bilgan, zamona ilmi va maorifini chuqur egallagan yosh va g‘ayratli Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayevning Turkiston jadidlari safiga kelib qo‘shilishi Turkistondagi jadidchilik harakatini yangi bosqichga ko‘tardi.
Shu vaqtgacha jadidshunos olimning bir necha kitoblarini mutolaa qilganman (“Milliy Hurriyat adabiyoti” va b.). Mening ilmiy qiziqishlarimga ushbu kitob mos kelgani uchun qimmat bo‘lsa ham, o‘qish uchun sotib olganman.
Arxiv hujjatlari, turli xil ilmiy manbalar va Ubaydulla Xo‘jayevning yaqin qarindoshlari orqali to‘plangan ma’lumotlar zamon ruhining, ijtimoiy siyosiy ahvolining jonli portretini tasvirlagan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Saratovda xususiy advokat bo‘lib ishlagan, chamasi, 24-25 yoshlardagi yigit Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev o‘lkaga kelgach, siyosiy-ijtimoiy faolligi tufayli ma’naviy ezilgan, ruhan va jismonan majruh qilingan xalqni qaytadan ruhlantirdi. Jadidlarning siyosiy faoliyatiga bosh-qosh bo‘ldi. Bir qancha siyosiy tashkilotlarga rahbarlik qildi, gazetalar bosib chiqardi.
Zamonasining eng buyuk adibi Lev Nikolayevich Tolstoy bilan yozishmalar olib bordi. 1916-yil mardikorlikka qarshi Jizzax qo‘zg‘aloni oqibatida ezilgan, qirilgan va tahqirlangan xalqning huquqlari uchun kurashdi. Ayni yigitlik vaqtini vatan ozodligi va xalqning haq-huquqlari uchun sarfladi. Safdoshlari bilan Turkiston ozodligi uchun kurashdi. 1920-yillarga kelib esa Stalin bilan birgalikda Moskvada ishladi. Shunday davrda ham vatandoshlari muammosi bilan yashadi.
Kitobni o‘qir ekanman, buyuk shaxslarning jamiyat va Vatan oldidagi xizmatlarini yanada teran anglaganday bo‘ldim. Rus maxfiy xizmati katta obro‘-e’tiborga ega millat farzandlarini yo‘q qilish uchun puxta o‘ylangan rejalarni amalga oshirgani va bu rejalar naqadar razil bo‘lganligini o‘qidim.
Millat farzandlarini 1926-yildan boshlab turli xil bo‘xtonlar bilan ayblab, millat va Vatan oldida obro‘sizlantirib kelishgan ekan. Millat o‘z qahramonlari va rahnamolaridan ayrilgach, shu darajada zaiflashib, qo‘rqoqlashib qolgan ediki, hatto jarayon o‘z farzandlarining o‘limiga jimgina qarab turishgacha yetib borgan.
Kitobni o‘qib, qani o‘sha 1917-yillarning shiddati, qani o‘sha hurriyat uchun jonini tikkan xalq, deysiz. To‘g‘ri, ilmiy asar o‘qish birmuncha og‘irdir, ammo ajdodlar oldidagi qarzimiz tufayli ham jadidlar haqidagi har bir asarni o‘qishimiz zarur deb o‘ylayman.
Hozirda kitob o‘quvchilar sonining ko‘paygani kishini quvontiradi. Ammo ularning aksariyati diniy va motivatsion kitoblar bilan cheklanib qolishmoqda. Odamlar qanday kitoblarni o‘qisa, o‘zlari ham shundaydirlar.
Albatta, diniy ilm har birimiz uchun zarur, ammo ayrim urf bo‘layotgan, “tasavvuf” hamda “diniy” kontentni da’vo qiluvchi badialardan ko‘ra, ilmiy hamda sohaga oid kitoblarni o‘qish, fan yangiliklaridan xabardor bo‘lish har birimiz uchun kerak.
Mahliyo Abdurahimova
TTA Termiz filiali talabasi
–Aya, mendan qo’rqmang! Men oldingidaymasman… o’zgardim… hamma qatori odamga aylandim… Eshityapsizmi? Ortiq aqli zaif emasman… Tentak emasman… Hamma – siz, Matt, Norma kabi oddiy odamman.
Qachondir ona o‘z farzandidan cho‘chishi mumkinmi? Voz kechishi-chi? Ehtimol, u boshqalarga o‘xshamagani uchun undan or qilar? Bo‘lishi mumkin emas, deysizmi?
Keling, men sizga Charli haqida aytib beraman. Charli o‘zining aqlli emasligini biladi. Yoshi o‘ttiz ikkida bo‘lishiga qaramay, aqli zaif tug‘ilganligi sababli miyasi rivojlanmay qolgan. U xuddi bolaga o‘xshaydi. Kichik, endgina maktab ostonasiga qadam qo’ygan boladek. Uning o‘ylashicha, agar u aqlli bo‘lsa, hamma uni yaxshi ko‘radi, onasi u bilan faxrlanadi, oilasida u sababli janjallar bo‘lmaydi.
17 yoshidayoq, ota-onasining janjallari sabab tog‘asining novvoyxonasiga kelib qolgan Charlining yagona orzusi : Aqlli bo‘lish!
Yoshligidan aqli zaif bo‘lganligi uchun boshqalardan ajratib qo‘yilgan, hamma undan nafratlangani, mazah qilgani uchun ko‘chaga chiqa olamagan, bolalik gashtini sura olmagan bola hamma yechimni faqatgina aqllilikda ko‘radi va buning uchun hayotiga xavf keltirishi mumkin bo‘lgan operatsiyaga rozilik beradi.
«Charli agar hichnima o’zgarmasayam sen ilm fan rivojlanishiga katta hissa qo’shyapsan dedi duxtr Shraus. Bu tachribani ko’pmartta hayvonlar bilan o’tkizdik lekin sen tachribada ishtirok etkan birinchi odam bo’lasan. Rahmat duxtr Shtraus Kinnian xonim aytkaniday menga imkoniyat berganingizdan afsuslanmes dedim. To’g’risi. Aperatsiyadan keyin aqlli bo’lishka harakat qilaman. Qattiq harakat qilaman.»
Dahoning ojizligi va ojizning daholigi haqidagi ushbu intellektual asar Daniel Kizning «Eljernonga atalgan gullar» asari bo‘lib, asar AQShda adabiyot bo‘yicha maktab dasturiga kiritilgan kitoblardan biridir. Asar 1966-yilning eng zo‘r romani deb topilgan va «Nebula» hamda «Hyugo» mukofotlariga sazovor bo‘lgan.
Hayotiy voqealarga boy, qalbni jumbushga keltiruvchi aqli zaif inson tilidan yozilgan ushbu asar insonni o‘zi bilan o‘zi qolishga, maqsadlar va aslida nima uchun yashayotganligini o‘ylashga undaydi.
Kitob hech qanday motivatsion ruhda yozilmagan. Asarning qiziq jihati ham ayni shunda, aksar hollarda aqli zaif va nogiron insonlarga nisbatan turli xil qo‘pol munosabatlarda bo‘linishi, bunday insonlarning jamiyatdan ajralib qolishi, shuningdek, ularning ruhiyati aks etgan.
Darvoqe, asar nomi «Eljernonga atalgan Gullar» bo‘lsa-da, Eljernon haqida biror jumla so‘zlamaganimga e’tibor qildingizmi? Eljernon kim ekanligini bilish uchun ham asarni bir varaqlab ko‘rishni unutmang!
Aslida Charli kabi bola har birimizning qalbimizda yashaydi!
Biz oldin miyani to‘ydiraylik, so‘ngra u qorinni to‘yg‘azadi
“Kitoblarni yoqishdan ko‘ra yomonroq jinoyat ham bor. Masalan, ularni o‘qimaslik”, – deb yozadi Rey Bredberi.
Hozirgi kunda kitob o‘quvchilar sonining ortayotganligi kishini quvontiradi. Jumladan, davlatimizning kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida amalga oshirayotgan islohotlari ham bu yo‘lda kamarbasta bo‘lmoqda. To‘g‘ri, hozirgi kunda internetdan barcha kitoblarni topish imkoniyati mavjud, shunga qaramay, bosma nashrdan chiqqan kitoblarning talabgorlari kundan-kunga ortmoqda.
Ayniqsa, kitoblar tarjimasining ko‘payishi yangi bilimlar olish imkonini beradi. Ammo ba’zan tarjima materiallarining asosiy qismi badiiy adabiyotlar bilangina cheklanib qolayotganligi, negadir, yoshlar o‘rtasida ilmiy kitoblarga emas, ko‘proq badiiy asarlarga e’tibor qaratilayotgani kishini biroz o‘ylantiradi.
Jamiyatimizda ilmiy adabiyotlarga zarurat yuqori. Sohalarda sifatli kadrlarning ko‘payishi uchun ham aynan ilmli bo‘lish, o‘z sohasini puxta bilish kabi talablar yuqori turadi. Buning uchun esa, albatta, duch kelgan kitobni emas, kerakli va foydali kitoblarni o‘qish kerak. Yo‘qsa, vaqtingiz ham, naqdingiz ham zoye ketadi.
Muallif: Azizabonu Jaloliddinova