Endi qizlar armiyaga borishadimi?

Harbiy ayollar haqida gap ketganda, ko‘pchilikda bu kasbni nega tanlagan degan savol tug’iladi. Chunki ushbu kasb azaldan erkaklarniki deb hisoblanib kelingan. Ayollarni armiyaga borishlari esa umuman kuzatilmagan holat, biz o‘zbeklarda. Chunki ayollarga nozik xilqat vakilalari sifatida qaralib, ularga qurol-yarog‘ ko‘tarib, harbiy mashg‘ulotlarda yurish emas, farzand tarbiyasi, uy-ro‘zg‘or ishlari topshiriladi. Ammo dunyoda ayollarni majburiy harbiy xizmatga jalb qilish tajribasi bor. Bizda ham deputatlar ana shunday tajribani joriy etishni taklif qilishmoqda. Xususan, «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov saylovoldi debatlari chog‘ida, ayollarga ham armiyada xizmat qilish huquqi berilishi kerakligini, ilgari surdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu milliy qadriyatlarga zid emas. Bu fikrdan so‘ng, qizlarni harbiy xizmatga jalb etish masalasi ijtimoiy tarmoqlarda asosiy mavzu bo‘ldi. Qizlar ham armiyaga borishi kerakligi haqidagi hazil va pichinglar internet olamida haligacha to‘xtamayapti.

Qaysi davlatlarda qizlar armiyaga boradi

Dunyoda shunday davlatlar ham mavjudki, bu yerdagi ayollar va qizlar ham qurolli kuchlar safida harbiy xizmat qilishga chaqiriladi.

Isroil

Isroil mamlakatdagi harbiy vaziyat tufayli qizlarni ham harbiy xizmatga chaqiradi. Ularning yoshi 18 ga to‘lgan bo‘lsa kifoya. Yigitlar 36 oy davomida harbiy xizmatda bo‘lsalar, qizlarda majburiy xizmat muddati 21 oyni tashkil qiladi.

Agar qizlar 18 yoshga to‘lgunlariga qadar turmushga chiqqan bo‘lsalar, fuqaroning diniy e’tiqodi bunga yo‘l bermaydigan bo‘lsa, harbiy xizmatdan bosh tortishi mumkin. Isroilda yashovchi arab qizlari armiya safida xizmat qilishmaydi.

Norvegiya

Norvegiya hukumati 2014 -yildan boshlab ayollarni ham erkaklar bilan teng huquqli ekanliklarini isbotlash maqsadida ularni armiyaga chaqira boshlagan. 2016-yildan esa qurolli kuchlar safida xizmat qiluvchi xonimlar soni ko‘paydi. Bu mamlakatda harbiy yigit va qizlar umumiy kazarmalarga joylashtiriladi.

 Shimoliy Koreya

Shimoliy Koreyada erkaklar uchun xizmat qilish muddati 10 yil, ayollar uchun esa 7 yilni tashkil qiladi. Ushbu mamlakat o‘ta sirli va yopiq bo‘lgani uchun ham qizlarning qurolli kuchlar tarkibida qanday xizmat qilishlariga oid ma’lumotlar deyarli mavjud emas. 

Shuningdek, dunyodagi yana bir qator davlatlar, jumladan Kuba, Peru, Tayvan, Malayziya, Xitoy, Liviya, Rossiyada ham ayollar va qizlar harbiylar safida xizmat qilishadi.

Armiyaga borgan qizlarga qanday imtiyozlar bor?

Isroil ayollarining 30% i armiya tarkibida xizmat qiladi. Qizlarga xizmat davomida o‘z uylariga borish va yaqinlaridan xabar olib kelish uchun ruxsat beriladi, oliygohga kirishda ham ma’lum imtiyozlarga ega bo‘ladilar.

Norvegiyada esa, harbiylarga har kuni eng kamida 15 dollardan maosh to‘lab boriladi, insoning jismoniy va ruhiy chidamliligi oshiriladi.

Tarix

Ilgari ayollarga siyosiy va harbiy faoliyatda ishtirok etish man qilinar edi, lekin konstitutsion taqiqlar va jamoatchilik udumlariga ters o‘laroq, ular ayollar armiyasiga birlashar edilar. AQShda 1861–1865 yillarda bo‘lib o‘tgan fuqarolar urushida 400 dan 750 gacha ayol ishtirok etgan. Ularning barchasi o‘zini erkak, deya tanishtirgan. Faqatgina shu yo‘l bilan ular urushda ishtirok eta olishardi, biroq ularning ba’zilari fosh qilinib, qamoqqa jo‘natilgan.

So‘nggi paytlarda G‘arb davlatlarida armiyaga erkaklar qatori ayollarni ham chaqirish odatiy holga aylanib bormoqda. Ayollar professional harbiy bo‘lish uchun to‘liq va har tomonlama tayyorgarlikdan o‘tishmoqda.

Biroq bunday yondashuv an’anaviy hayot tarzini asrlar osha saqlab kelayotgan arablar uchun yot.

O‘zbekistonda qizlar ham harbiy xizmatga chaqiriladimi?

Yurtimizda vatanparvar harbiy ayollar ko‘p. Ammo armiyada qizlar xizmat qilishi tizimi joriy etilmagan. Qiziq agar bizda ham ushbu tizim joriy etilsa, yigitlarga nisbatan, “vatan oldidagi yigitlik burchini ado etish uchun harbiy xizmatni o‘tamoqda” degan ta’rif qizlarga ishlatilsa, tasavvur qilyapsizmi? Bizning qadriyatlarimizda qizlarni asosiy burchi oila oldidagi, farzand tarbiyasida namoyon bo‘ladi. Shunday ekan zarurat bo‘lmasa xotin-qizlar vatanga bo‘lgan sadoqatini barkamol avlodni tarbiyalab namoyon etmog‘i har jihatdan to‘g‘ri, nazarimda. Ammo ushbu tashabbus saylovoldi dasturida ilgari surilganidan so‘ng, armiyaga borishni istagan qizlar soni ko‘pchilikni tashkil etishini, bizning sahifalarimizga kelayotgan izohlardan anglash qiyin emas. Bu mavzu yuzasidan fikrlar turlicha, qarashlar har xil. Biz qizlarni armiyaga borishiga qarshi emasmiz, shunchaki bu borada mulohazalarimizni o‘rtoqlashdik. Siz-chi bu borada qanday fikrdasiz?