Endi oliygohlar bitiruvchilari oson ishga joylasha oladi

Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashuvchi “Kelajakka qadam” dasturi amalga oshiriladi. “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori imzolandi. (PQ 61-son 14-02-2025).

Hujjatga ko‘ra oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi “Kelajakka qadam” dasturi amalga oshiriladi:

  • o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish istagi bo‘lgan oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari uchun biznes g‘oyani tayyor loyihagacha olib borish jarayonida to‘liq hamrohlik qilish, shu jumladan qulay shartlarda moliyalashtirish;
  • oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi va quyi bosqich talabalari o‘rtasida sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazish va g‘oliblarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish;

Shu maqsadda,

  • salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar, shu jumladan yirik korxonalarning oliy ma’lumotli mutaxassislariga ehtiyojini aniqlash va ularga qo‘yiladigan talabalarni shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
  •  tanlov g‘oliblarini salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar buyurtmasiga ko‘ra individual kasbiy ta’lim dasturlari asosida kasbga dastlabki tayyorlash tadbirlari moliyalashtiriladi;
  • Individual kasbiy ta’lim dasturlarida ishlab chiqarish obyektlarida amaliyot o‘tash va chet eldagi oliy ta’lim tashkilotlarida qisqa muddatli o‘quv kurslarida qatnashish imkoniyati yaratiladi.

Demak, endilikda o‘z biznes g‘oyasi va dasturiga ega bo‘lgan bitiruvchi bosqich talabalari tanlov asosida grant yutib olishlari yoki dastur doirasida loyihasini to‘liq moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkin. Agarda siz ham bitiruvchi bosqich talabasi bo‘lsangiz-u o‘qishni tugatib qayerda ishlashni bilmayotgan bo‘lsangiz, sohangizga doir o‘z biznes rejangizni yarating va dasturda ishtirok etib o‘zingizni sinab ko‘ring. Ajab emas, kelajakda siz ham o‘z biznesingiz bilan yetakchi korxonalar bilan raqobatga kirisha oladigan loyihani amalga oshira olarsiz!

Eslatma! Loyihaga start berilganda ijtimoiy tarmoqlarimiz orqali bilib olasiz!