Talaba faqat diplom uchun o‘qiydimi?
Bugun talabalik baxtiga muyassar bo‘layotganlarning aksariyati diplom olish, uchungina o‘qiyotgani bor gap. Afsuski, yaxshi o‘qib, sohani puxta egallab, malakali mutaxassis bo‘lishni o‘ylayotgan talabalarning soni juda kam. Bu esa tizimda korrupsiya holatlarini keltirib chiqarishga sabab bo‘ladi. Xo‘sh, bugun oliy ta’lim – tizimida korrupsiya bormi?
Tan olish kerak, 2017-yilga qadar tizimda milliard-milliard pullar aylangan. Tizim korrupsiyaga botib ketgan desak yolg‘on bo‘lmaydi. X-variant, bunker, rektor guruhi, kalla kabi terminlar o‘zbek tili lug‘atidan joy olib ulgurdi.
Buni hech kim inkor etolmaydi. Tizimdagi mas’ullarning aksariyati eng so‘nggi rusumdagi mashinalar oldi, qavat-qavat uylar qurdi. Xullas, eplaganlarning “davr”i kelgandi?
Oliy ta’limni korrupsiyadan xalos qilishdan ko‘ra, korrupsiyasiz tasavvur qilib bo’lmasdi. Tahlillarga ko‘ra, tizimning deyarli barcha bosqichlarida korrupsiya illatlari mavjud edi, ayniqsa, talabalikka qabul qilish, ta’lim davridagi sinovlar, o‘qish joyini ko‘chirish bosqichlarida ham korrupsion holatlar keng tarqalgandi.
Achinarlisi, faqat o‘qishga kirish bilan bog‘liq holatlarda emas, talabani bitirishi-yu, sessiyasi, diplom “zashita”sigacha korrupsiya aralashmasdan bitmaydigan ish hisoblanardi. Ochig‘i, ushbu holatlar yillar davomida ta’lim tizimidagi korrupsiyaning eng og‘riqli nuqtasi bo‘lib keldi.
Kurash qachon boshlandi?
2016-yilda Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev isloh qilgan sohalardan biri ham oliy ta’lim tizimi bo‘ldi, aniqrog’i OTMlarga kirish imtihonlari bo‘lgan. Bu boradagi dastlabki qadam test imtihonlarini topshirish jarayonini tartibga solish bilan boshlandi.
Dastlab, Prezidentimizning “2018/2019 – o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, mamlakatimiz oliy ta’lim dargohlariga qabul uchun kvotalar soni o‘tgan yillarga qaraganda 8 yarim mingtaga ko‘paydi. Barcha jarayon nafaqat davlat organlari, balki keng jamoatchilik nazorati ostida shaffof tarzda o‘tadigan bo‘ldi.
Qisqasi, hujjat qabul qilishdan boshlab, test imtihonlarini o‘tkazish jarayonigacha abituriyentlar uchun barcha sharoit va imkoniyat yaratildi.
Sohadagi islohotlar sabab vaziyat tubdan o‘zgardi, kimning bilimi, qobiliyati, salohiyati bo‘lsa, o‘sha odam o‘qiydi, degan tamoyilga amal qilina boshlandi. 2022-yildan boshlab, oliy ta’limni ichidagi korrupsiyani tom ma’noda yo’q qilish bosqichiga o‘tildi. Dastavval bunday holatlar aniqlangan OTMlari rektorlari ishdan olindi. Ko‘proq sifatga e’tibor qaratila boshlandi… Xullas korrupsiyaga qarshi kurashish bo’yicha tizimli ishlar qilinmoqda. Bilim dargohlarining qiyofasi o‘zgarib, moddiy-texnik bazasi yaxshilanyapti, ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kuchaytirilmoqda, jumladan, professor-o‘qituvchilarning daromadlari ham oshmoqda. Bularning barchasi oliy ta’limga bo‘lgan yondashuvni o‘zgartirib, uning sifati hamda darajasini ko‘tarishga xizmat qilishi aniq.
Bugun Oliy ta’lim tizimi mutlaqo korrupsiyadan xolimi?
Bu tizimni bugun mutlaqo korrupsiyadan xoli deyishga hali erta nazarimda.
Lekin korrupsiyaga qarshi kurash tobora qat’iy bo‘lib borsa-da, ajriq kabi uning ildizlari hali-hanuz saqlanib qolgan ko‘rinadi. Afsuski, bu yil ham OTMlarga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlari tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida OTMlarga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq o‘ndan ortiq noqonuniy holatlar fosh etilgani to‘g‘risidagi xabarlar ko‘p tarqaldi. Bu degani hali OTM ga kirish imtihonlarida hamon korrupsiyaviy holatlar uchramoqda…
X-variant, bunker ishlatilyaptimi?
Oliy ta’lim tizimidagi korrupsiyaga qarshi kurashishni ayovsiz davom ettirish davr talabi. To‘g‘ri, tizimda salbiy ko‘rinishlar tezda ko‘zga tashlanmasligi mumkin. Ammo u yaqin va uzoq kelajakda millatning intellektual salohiyatini pasaytirib, yoshlarning ruhiyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir o‘tkazadi, jamiyatga juda qimmatga tushadi. Shunday ekan, bu holat bilan hukumatning barcha jabhalari kuchlarini birlashgan holda, prokuratura, IIV, Milliy gvardiya va boshqalar ta’lim tizimidagi korrupsiyani va boshqa salbiy holatlarning oldini olish va yo‘qotish uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan yanada yaqinroq hamkorlik qilishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Oliy ta’lim tizimida korrupsiyaning oldini olish va uning har qanday ko‘rinishlariga qarshi murosasiz kurashish ishlari qisqa fursatda o‘z samarasini berishiga ishonamiz. Chunki, uzoq emas, bundan 7-8 yil ilgari, X-variant, bunker, shpargalka, rektor guruhi, kalla, paravoz, quyon kabi atamalar bugunda unutilayotgani, deyarli ishlatilmayotgani ayni haqiqat.
Shunday ekan, bu illatga qarshi kurashni davom ettirish natijasida yaqin kelajakda kirish imtihonlarida o‘qishga kiritish bilan bog‘liq noqonuniy holatlarga ham butunlay chek qo‘yilishi shubhasiz.