Endi 56,7 ball bilan oʻqishga kirib boʻlmaydi.

Kirish balli yuqori bo‘ladi

Hujjat topshirish jarayonlari nihoyalab, test jarayonlari boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi? «56,7 ball to’play olsam bo‘ldi shu bilan ilashvolaman» deganlar, bu yil chuchvarani xom sanabdi. Chunki, 2024-2025 oʻquv yilidan OTMga kirish uchun minimal oʻtish ballari koʻtariladi. Joriy yilgi imtihon qattiq va ballar yuqori bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Bu haqida oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov maʼlum qildi:

Joriy yilda barcha yoʻnalishlar uchun minimal oʻtish bali oshiriladi, endi avvalgidek 56,7 ball bilan oʻqishga kirish imkoni boʻlmaydi.

Keyingi yilda esa oʻtish bali yanada oshiriladi.

Joriy yilgi, yaʼni 2024-2025 oʻquv yili uchun oʻtish ballari:

– sogʻliqni saqlash, huquq, biznes va boshqaruv yoʻnalishlari uchun – 75,6 ball;

– boshqa yoʻnalishlar uchun – 66,5 ball etib belgilanadi.

Kelasi yili, yaʼni 2025-2026- oʻquv yili uchun oʻtish ballari:

– sogʻliqni saqlash, huquq, biznes va boshqaruv yoʻnalishlari uchun – 94,5 ball;

– boshqa yoʻnalishlar uchun – 75,6 ball etib belgilanadi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz 2024 – 2025-o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etish uchun 894 279 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi. Abituriyentlarning 410 334 nafari joriy yilgi bitiruvchilar, 483 945 nafari esa avvalgi yillar bitiruvchilaridir.

Termiz Iqtisodiyot va Servis Universiteti Filologiya fanlari bo’yicha falsafa doktori Ozoda Hazratqulova:

– Joriy yilda kirish ballarining yuqori bo‘lishi bu bilimli yigit-qizlarni OTM ga qamrab olish uchun katta imkoniyat. Avvallari «56 dan yuqori ball olsam bo‘ldi, qo’shimcha to‘lov kontraktga o‘qiyman» degan fikr bilan imtihonlarga tayyorlanmasdan, tavakkal test belgilovchilar ham ko‘pchilikni tashkil qilardi. O’ylaymanki, endigi tizim hammani birdek o‘qishga undaydi. Keyingi yil bundanda baland bo‘lishi esa o‘qishga kirish istagidagilarni yanada chuqurroq bilim olishga undaydi. Bu esa ta‘lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Aziz O’tkurov abituriyent

  • Ball ko‘tarilsa yoki ko‘tarilmasa ham bilimi bor abituriyentga bir xil. Aksincha bilimlilar uchun yaxshi o‘zgarish. Chuqur bilim olgan abituriyentlarni ball ko‘tarilish «vohimasi» o‘ylantirmaydi. Men ham ikki yil tayyorlandim, o‘z bilimimga ishonaman, kirib ketaman buy yil nasib etsa. Imtihon jarayonlari shaffof va ochiq bo‘lsa bo‘lgani.

Otabek Raimov, TTA doktaranti

  • Bu yaxshi o‘zgarish. Bu, oliy ta’lim muassasasiga munosib nomzodlarni tanlab olishda yana bir qadam deb o‘ylayman. To‘g‘ri o‘qishga amallab kirib olish mumkindir, ammo ertaga o‘qish va ishlash ham borligini, bilimsizlik faqat tashvish bo‘lishini unutmaslik lozim, shuning uchun faqat o‘qish, o‘qish va yana o‘qishni maslahat beraman. Abituriyentlikdagi bilimlarim hozirgacha as qotadi.