Kechagina talaba bo`ldimmikin, degan hayajonda test sinovlari natijalarini intiqlik bilan kutgan, biroq talabalik baxtiga muyassar bo`la olmagan abituriyentlarning ayrimlari bugun tushkunlikka tushib o`tirgan bo`lsa ajabmas. Unutmang! “Avlod media” nafaqat talabalarni qolaversa, abituriyentlarni ham qo‘llab-quvvatlaydi, ularga har tomonlama ko‘mak berishga doim tayyor!
Biz bugun e`tiboringizga bu boradagi ayrim maslahatlarni havola etamiz.
Raqamlar
Tahlillarga ko‘ra, bu yil o‘qishga kirish qiyin kechmadi, faqat to‘g‘ri yo‘nalish tanlay olingan bo‘lsa bo‘ldi. Nufuzli yo‘nalishga kirish uchun yetarli darajada o‘qish kerak, yoki to‘plangan ballga yarasha yo‘nalish tanlash kerak bo‘ldi. Ayniqsa, kontraktda kirish ballari ancha past. Masalan, atigi 80 ball bilan kunduzgi ta’limning 56 foiz yo‘nalishiga, sirtqida 72%, kechkida 60%, masofaviyda esa 96% yo‘nalishga kontraktga o‘qishga kirsa bo‘ladi. Bor-yo‘g‘i 80 ball to‘plasa yetadi. Yoki 60 ball bilan barcha ta’lim shakllarini qo‘shganda 1 ming 466 ta yo‘nalishga kontraktga kirish mumkin edi.
100 ball to‘plasangiz-ku, kontraktga kirish ehtimolingiz juda yuqori bo‘lgan. Shu sababli tushkunlikka tushmang. Bu o`zingizga nisbatan ishonchingiz so`nishiga sabab bo`lolmaydi. Qaysidir ma`noda bunda faqat bilim emas, omad ham rol o`ynagan.
Xo`sh, qolgan abituriyentlar-chi? Quyida talabalik baxtiga muyassar bo`lmagan yoshlarga mutaxassislar tavsiyalarini beramiz.
– Avvalo “Super kontrakt” va nodavlat oliygohlarda o‘qish imkoniyati haqida o‘ylab ko‘ring!
Nodavlat OTMda o‘qishdan qo‘rqmang!
“Xususiy universitetlar diplomi o‘tmaydi” degan salbiy fikrni eshitganmiz.
Litsenziyaga ega barcha nodavlat oliygohlarning diplomi ham davlat OTMniki singari tan olinadi. Bugunda, 96 ta nodavlat oliygohlar diplomi Respublika hududida bevosita tan olinadi.
Lekin joriy yilda 3 ta nodavlat OTM litsenziyasi bekor qilindi. Bu esa ko‘pchilikni xavotirga soldi. O‘qiyotgan talabalarni ham.
Xo‘sh, nima uchun litsenziya bekor qilinadi? Faoliyatida qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan xususiy OTMning litsenziyasi vakolatli organning talabi bilan bekor qilinishi mumkin. Ammo xavotirga o‘rin yo‘q, desak ham bo‘ladi. Chunki o‘qiyotgan talabalar talabalik maqomini yo‘qotmaydi. Prezidentning joriy yil 3-iyuldagi qaroriga muvofiq, litsenziyasi bekor qilingan ta’lim tashkiloti yoki yopilgan ta’lim dasturida o‘qiyotgan talabalarga o‘qishini davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga ko‘chirish huquqi beriladi. Ya’ni biror nodavlat OTMning litsenziyasi bekor qilinsa va yopilib ketsa, o‘sha yerda tahsil olayotgan talabalar davlat yoki nodavlat ta’lim muassasalariga “perevod” qilishlari mumkin. Tartib esa quyidagicha: agar talaba nodavlat oliygohga o‘tmoqchi bo‘lsa, imtihonsiz mos yoki turdosh yo‘nalishga o‘ta oladi. Agar davlat oliygohiga o‘tmoqchi bo‘lsa, ko‘chirish vaqti kutilib, boshqalar qatori imtihon orqali ko‘chirishi mumkin.
– Bugungi kunda deyarli barcha oliy o`quv yurtlari qoshida o`quv tayyorlov markazlari ochilgan bo`lib, unda Abituriyentlarni tibbiyot, ijtimoiy, iqtisodiy, texnika kurslari bo‘yicha davlat test sinovlariga tayyorlaydi.
– Ishga kiring
Agar universitetda o`qishni rejalashtirayotgan bo`lsangiz, bu sizga biroz xalal berishi mumkin. Biroq buning o`ziga xos foydali tomoni ham bor: aytaylik maoshlaringiz o`quv kursi yoki repetitor xarajatlarini qoplashi mumkin, bu ota-onangizga o`ziga xos yordam bo`ladi. Bunda sizdan juda katta kuch va mehnat talab etiladi. Ham ishlab, ham o`qishga tayyorlanish faqat juda irodali insonlarnigina qo`lidan keladi. Agar siz kelajakdagi mutaxassisligingizga mos ish topsangiz, bu o`ziga xos amaliyot vazifasini ham o`tashi mumkin. Shunda universitetda o`qiyotganingizda ham osonroq kechadi.
– Hunar yoki til o`rganing
Bugun yurtimizning turli nuqtalarida yoshlarga hunar o`rgatish maqsadida turli o`quv markazlar tashkil etilgan. Ularda malakali mutaxassislar tomonidan yoshlarga turli kasb va hunar sirlari o`rgatiladi. Kurslarga qatnab albatta kerakli natijalarga erishish imkoni yaratiladi.
– Internet orqali ta`lim oling
Sizda masofaviy bilim olish imkoniyati ham mavjud. Bugungi kunda butunjahon internet tarmog`i kurslarda yoki istalgan xorijiy institutda o`qish imkonini bermoqda. Buning o`ziga xos ijobiy tomonlari bor. Birinchidan darslar vaqtini o`zingiz uchun mustaqil tanlaysiz, ikkinchidan bir vaqtning o`zida ishlashingiz ham mumkin.
Xulosa
Asosiysi – aslo xafa bo`lmang. Boisi bugun globallashuv davrida o‘qish bilan emas, kasb-mahorat, hunar bilan hayotda o‘z o‘rnini topayotgan yoshlar, “o‘qiganlardan”da kattaroq muvaffaqiyatlarga erishayotganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Prezidentimiz ham: “Bugunda diplom kerakmas, yoshlarga kasb kerak”-deb bejiz aytmaganlar. Shunday ekan bu vaqt sizga kasb-u hunar o‘rganishingiz uchun berilgan imkoniyat deb hisoblang, uni qo`ldan boy bermang!