Tibbiyot — bu inson hayotining ma’naviy va jismoniy barqarorligini ta’minlovchi eng nozik ko‘prik. Unga kirish — faqat bilim masalasi emas, balki yurak bilan his etiladigan, adolat va fidoyilik talab qiladigan muqaddas burchdir. Mas’uliyati mashaqqatidan zalvorli insoniy burchni yelkasida ko‘tarib, butun umrini tibbiyot va ta’limga bag‘ishlagan o‘zbek olimasi — tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori, professor Muslima Abdullayeva bilan suhbatimiz Buxoroning tarixiy nafas ufurib turgan ma’naviy fayzga to‘la xonadonida kechdi. Darvozadan kirishim bilanoq samimiy tabassumi o‘ziga yarashib turadigan ziyrak nigohlari kishida iliq taassurot uyg‘otadigan Muslima Abdullayeva meni quchoq ochib qarshi oldi. Olimani avvaldan taniganim bois suhbatimiz oila, farzandlar mavzusidan boshlanib, ilmga bo‘lgan sadoqat va insonga nisbatan bag‘rikenglik kabi tushunchalarning bir ziyoli ayol hayotidagi o‘rniga borib taqaldi. U bilan suhbatlashish maroqli, bir gapirib bir kuladigan xushchaqchaq, ochiq tabiatli professor shunday samimiyat bilan gapirardiki, uning har bir harakatidan ziyolilik va o‘zbekona tarbiyaning nurafshon tarovati sezilib turardi. Suhbatimiz olimning nafaqat ilmiy , balki uning bolalik xotiralari, hayotga nisbatan qarashi, ilm yo‘lidagi ilk qadamlar va mashaqqatli ilmiy izlanishlar, ota-ona va ustozlardan meros saboqlari haqidagi tasavvurlar bilan boy bo‘ldi. Ilmiy tafakkuri mahsulini insoniyat salomatligi yo‘lida sarflayotgan asrimiz olimining kamtarona hayoti va faoliyati to‘g‘risidagi hikoyalar har qanday qalbni ilhomlantiradi degan umiddaman.
Ilm va hayot orasidagi ko‘prik: nurlanish ta’sirida aorta devoridagi o‘zgarishlarni o‘rgangan o‘zbek olimasi haqida Zamonaviy tibbiyot nafaqat kasallikni davolash, balki uning sabablarini aniqlab, kelgusida ularning oldini olish uchun yechim taklif qilishni talab etadi.
Bugungi kunda insoniyat oldida turgan global muammolardan biri — radiasion ta’sirning inson organizmiga yetkazayotgan ziyonidir. Shu ma’noda radiatsiya /nurlanish muammosi / yurak-qon tomir tizimida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, jumladan, aorta shikastlanishlari tibbiyot ilmidagi eng murakkab yo‘nalishlardan biridir. Tibbiyot fanlari doktori, professor Abdullayeva Muslima Axatovna ana shunday murakkab muammoni hal qilish yo‘lida ilmiy izlanish olib bordi. Uning “Tajribada nurlanish kasalligi fonida me’yorda va biostimulyator ta’sirida aorta devorining majmuaviy tavsifi” mavzusidagi dissertatsiya tadqiqoti ilmiy va amaliy jihatdan jahon miqyosidagi muhim yutuqlar qatoriga kirishini alohida e’tirof etish joiz.
Tadqiqot mazmuni: nurga qarshi ilmiy javob Abdullayeva Muslima Axatovna o‘z tadqiqoti doirasida turli yoshdagi quyonlarga radiasion nurlanish ta’sirini sun’iy ravishda yuzaga keltirib, aorta devoridagi to‘qimalarni Dorogov antiseptik biostimulyatori (ASD-2) yordamida tiklash imkoniyatlarini o‘rgandi. Gistologik, morfometrik va immunogistoximik usullar asosida olib borilgan tahlillar aorta qatlamlarining yoshga bog‘liq holda o‘zgarish dinamikasini, CD34 va α-SMA oqsillari ekspressiyasini ochib berdi. Eng muhim jihat shundaki, tadqiqotda ilk bor yoshga bog‘liq o‘zgarishlar, nurlanish oqibatidagi shikastlanishlar va biostimulyatorning tiklashdagi rollari o‘zaro bog‘liq holda tadqiq etildi. Bu esa radiatsiya ta’siridagi yurak-qon tomir patologiyalarini erta aniqlash va samarali davolash strategiyasini yaratishga zamin yaratdi.
Amaliyotdan olingan ilmiy natijalar asosida ikki metodik qo‘llanma O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanib, amaliyotga joriy etildi. Ular shoshilinch tibbiy yordam markazlari, onkologiya va radiologiya muassasalarida muvaffaqiyat bilan qo‘llanilmoqda. Bu natijalar nafaqat biomedik sohadagi yutuq, balki mamlakatimizda ilm, ta’lim va amaliyot uyg‘unligining yorqin isbotidir.
Abdullayeva Muslima Axatovnaning tadqiqotlari jahon ilmi bilan hamnafas tarzda Harvard University, University of California, University of Turku va University of Milan kabi xalqaro markazlardagi ilmiy yo‘nalishlar bilan uyg‘unlashdi. Uning ishi o‘zbekistonlik ayol olimlari uchun namuna bo‘lib, mamlakat tibbiyoti ilmini xalqaro ilmiy arenalarga olib chiqmoqda.
Ilmga eltuvchi bolalik orzusi
Har bir buyuk insonning hayotida bir nurli bolalik bo‘ladi. Muslima 1971- yilning 6-aprelida Buxoro shahrida oddiy ishchi oilasida dunyoga keldi. Bolalikdan mehnat va samimiyat to‘la muhitda tarbiya topdi. Muslimaning maktab davridanoq aniq fanlarga ishtiyoqi bo‘lakcha edi. Hayotga yutuq bilan emas, mehnat bilan qadam qo‘yishni o‘rgangan qizaloqning maktab davridayoq fanlarga bo‘lgan qiziqishi uni boshqalardan ajratib turardi. Ayniqsa, biologiya, anatomiya, kimyo kabi aniq va fundamental fanlar uning o‘ziga xos dunyosiga aylangandi. U o‘qishni odat emas — hayot uslubi deb bilar, kitob sahifalarida jonlanadigan bilimlar bilan yashardi. Har bir ishni o‘z vaqtida puxta bajarishga odatlangan “a’lochi qiz” maktabdagi darslarni o‘zlashtirishga mas’uliyat bilan yondashardi. O‘z oldiga qo‘ygan qat’iy talabi uni Samarqand davlat tibbiyot institutiga yetakladi. O‘qish — uning uchun majburiyat emas, zavq manbai edi. Ustozlarning tushuntirishi bilan cheklanmas, kitobxonalik javonlarini tinmay titkilar, har bir tushunchani qalbi bilan his qilardi. Ilm yo‘lida adolatni asos qilgan Muslima hech qachon tezkor natijalar bilan emas, faqat halollik, mehnat va sabr bilan yurish mumkinligini o‘z hayoti misolida isbotlay oldi. U shular haqida gapirar ekan, talabalik yillaridan boshlab unga yelkadosh va yaqin maslakdosh bo‘lgan otasi, ustozlari haqida o‘zoq so‘zlab berdi.
1994 yili davolash fakultetini muvaffaqiyat bilan yakunlagan Muslima Abdullayeva dastlab Buxoro viloyat klinik kasalxonasida internaturani amaliy faoliyat bilan boyitib 1995 yilda Buxoro davlat tibbiyot institutida pedagogik faoliyatini boshladi. Murakkab fiziologiya va patologik fiziologiya fanlari bo‘yicha yosh mutaxassis har bir darsni talabalar bilan muloqot tarzida o‘zgacha uslub bilan o‘tishga harakat qiladi. Shu boismi, hayotiy saboqlarga bog‘lab olib borilgan mahorat sabotlari bir to‘planib uni katta auditoriyalarda mashhur qildi. Talabalari va ilm dunyosi orasida Muslima Axatovna degan katta o‘qituvchi, hurmatli ustoz maqomiga ko‘tardi.

«-Auditoriya men uchun katta dargoh…bu yerda talabalar bilan past-baland minbarlar orqali emas, ko‘z tengligida muloqot qilish zarur, deydi biz bilan suhbatda olima. Mening dars o‘tish uslubim — bu alohida dunyo. Har bir mashg‘ulotim boshlanishidan oldin o‘z oldimga kichik maqsadlar qo‘yaman. Rejamning boshida yoshlarni diqqat bilan tinglash, ularni savollar orqali izlanishga undash vazifasi ustuvor bo‘ladi. Kafedrada talabalar bilan ishlash xalqchil, qalbga yaqin va jonli bo‘lsagina siz maqsadga erishasiz. Tuzgan rejangiz ish beradi. Axir haqqoniy ustozning ishi talabani o‘qitish emas, u bilan birga o‘rganishdir.”
Dars o‘tish uslubi bo‘lakcha
Muslima AXATOVNA haqida hamkasblari va shogirdlaridan so‘rab qolsangiz, talabalar orasida uning ma’ruzalari “ko‘z ochib yumguncha tugashini” aytishadi. Bu esa haqiqat. Men bunga uning Toshkent tibbiyot akademiyasidagi ilmiy amaliy konferensiyada qilgan ma’ruzasini tinglab amin bo‘lganman. Chindanam ularning dars o‘tish uslubi bo‘lakcha.
Uni shogirdlari «daftar ustida emas, dil ustida dars beradigan ustozimiz», deyishadi. Sababi, Muslima Axatovna shifokorlikning faqat anatomiya va patologiyadan iborat emasligini, balki mehribonlik, sabr, diqqat va bag‘rikenglik kabi fazilatlar bilan kamolga yetishini talaba yuragidan o‘rin olgan so‘zlari, amaliyoti va kechirimli nazarlari bilan o‘rgatadi. U ma’ruzada faqat faktlar va atamalar ro‘yxatini taqdim etmaydi. Aksincha har bir tushunchaga hayotdan misollar keltirib ayni mavzudagi muhim jihatni amaliyotda qanday qo‘llash mumkinligini ta’sirli bayon etadi. U mashg‘ulotlarida zamonaviy interaktiv usullarni mahorat bilan qo‘llaydi: jadvallar, real-life keyslar, rolli o‘yinlar, vizual tajribalar orqali fanni ko‘ngilga yaqinlashtiradi. Shogirdlar ana shunday yondashuv ila ham bilim, ham motivatsiya, ham ishonch oladilar.
Nazarimda uning darslarida ishtirok etmagan talabaga qiyin bo‘ladiyov… Suhbat orasida tafakkurimda chaqinday paydo bo‘lgan savolimni berdim. -Kafedra mudiri sifatida rahbarlikdan ko‘ra ustun qo‘yadigan mas’uliyat siz uchun nima…. Olim kishining zukkoligi belgisi, hozirjavobligida bo‘ladi-da. “-Buyruqdan ko‘ra hamjihatlikni ustun qo‘yaman , dedi qat’iy ohangda… Mening rahbarlik uslubim — buyurish emas, tushuntirish, so‘ramasdan so‘z berish, ish yuklamasidan oldin inson yukiga e’tibor qaratish ekanligini ko‘p yillik tajribasi asosida uzoq so‘zlab berdi. Ilmiy jamoa orasida u eng avvalo eshituvchi, keyin maslahat beruvchi, so‘ngra esa gapiga og‘irlik tushiruvchi yetakchi bo‘lish muhim. Chunki kafedra — ma’lumotlar ombori emas, balki ezgu niyatlilar, fikrlashni sevuvchilar va haqiqat sari intilayotgan tadqiqotchilar makonidir. Men shogird tarbiyalashda tez natija kutib o‘tirmaslik sabog‘ini ustozim Amrulla Shodiyevich Inoyatovdan o‘rgandim. Uning beg‘araz, beminnat ko‘rsatmalari, yordami timsolida ilm kamolotining asosi — vaqt, to‘g‘ri yo‘l, va qalbda yonib turgan qiziqish ekanligini anglab yetdim. Ustozim menga qo‘l ostimda yetishayotgan har bir yosh tadqiqotchi, har bir orzuli talaba bu dargohdan faqat diplom emas, balki teran ilmiy fikrlash, odamlarga muruvvat va kamtarlik sabog‘i bilan chiqib ketishi kerak. Muslima Axatovna uzoq yillar mobaynidagi ko‘plarga ibrat hayoti va faoliyati bilan shuni isbotladi: salohiyatga to‘la ilmli ayol nafaqat ilm dunyosida, balki insonlik dunyosida ham o‘z o‘rniga ega bo‘ladi. Uning har kuni — kafedraning ahil muhitini saqlash, shogirdlarining savollariga javob berish, yangi maqolalarni muhokama qilish va laboratoriyadagi gistologik preparatlarga endigina ko‘z tekkizgan yosh tadqiqotchiga «o‘zing topgan xulosa eng katta bilim», deyish bilan o‘tadi.
Xulosa;
Abdullayeva Muslima Axatovna — ilmiy tafakkuri, pedagogik mahorati va insonparvarlik fazilatlari bilan zamonaviy o‘zbek ayolining ilmga bag‘ishlangan hayotini ifoda etuvchi siymodir. Uning tadqiqoti — faqat biotibbiyotdagi yutuq emas, balki ilm va hayot o‘rtasidagi ko‘prikdir. Bu tadqiqot nurlanish kabi global tahdidlarga ilm bilan yo‘l topib, inson salomatligini saqlashga intilgan ilmiy tafakkur tantanasi va jasorat namunasidir.
MUALLIF; JURNALIST-PUBLITSIST: GULCHEHRA MIRZAYEVA
TTA matbuot kotibi