Darsga kechikish – “Kasallikmi?”

Ayrim talabalar uchun eng qiyin ishlardan biri – bu darsga o‘z vaqtida, yetib borish. Talabalar har doim ham kech qolishmaydi ammo ba‘zida har xil sabablar bo‘lishi mumkin. Biroq, darsga kechikib kelish talaba uchun salbiy oqibatlarga olib keladi. Talaba har darsga kechikganida ma‘ruzadagi yangi informatsiyalardan qolib ketadi bu esa semestr oxirida imtihon topshirish jarayonida tabiiyki o‘zining asoratini ko‘rsatadi. Rossiyalik professor, olim Aleksandr Kuznetsov shunday deydi – “Kechga qolgan talaba doimo o‘qituvchi va auditoriyadagi talabalarni chalg‘itadi. Shuning uchun, talabalar darsga iloji boricha kechikmagani yaxshi” – bu fikrlar asosli chunki darsga kechikkan talaba butun auditoriyaning darsga nisbatan e‘tiborini susaytiradi. O‘zbekiston Respublikasining Ta‘lim to‘g‘risidagi qonunida belgilanganidek, ta‘lim jarayoniga o‘quv rejalari va o‘qish dasturlarini joriy etish ta‘lim tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi. O‘quv dasturlarini joriy etish jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalar, o‘qitishning innovatsion shakllari va usullari, axborot – kommunikatsiya texnologiyalari qo‘llaniladi. O‘quv rejasida, qoida tariqasida, ta‘lim jarayonining jadvali, o‘qitishning boshlanishi, muddati va davriyligi, o‘quv yillari, choraklar, semestrlar, amaliyot, ta‘tillar hamda attestatsiya, ajratilgan haftalar soni, o‘rganiladigan fanlar va ularga ajratilgan soatlar hamda boshqa zarur parametrlar aks ettiriladi. Demak, ichki tartib – qoidalarni va dars vaqtlarini oliy ta‘lim muassasalari o‘zi belgilaydi. Talabalar ko‘pincha qanday holatlarda darsga kech qolishlarining ba‘zi sabablari quyidagicha:

  1. Vaqtni boshqarish muammolari – ko‘pgina talabalar o‘z vaqtlarini boshqarish davomida muammolarga duch kelishadi. Ular bu muammoni yo‘q qilishlari uchun mas‘uliyat bilan barcha ishlarini rejalashtirishlari va vaqtni taqsimlashlari lozim.
  2. Transport bilan bog‘liq muammolar – ba‘zi talabalar transportda, ayniqsa aholi gavjum shaharlarda yoki jamoat trasportida navbat kutishlar bilan bog‘liq holatlarda qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin. Tirbandliklar, kechikishlar, baxtsiz hodisalar yoki transport yetishmasligi talabalarni darsdan kechiktirishi mumkin.
  3. Ehtiyotsizlik va mas‘uliyatsizlik – ba‘zi talabalar o‘zlarining bilim olishlariga beparvo yoki darsga jiddiy munosabatda bo‘lishmaydi va natijada darsga kechikishadi. Ular ma‘ruzalarda qatnashish muhimligini tushunishmaydi yoki kechikish oqibatlarini o‘ylashmaydi.
  4. Sog‘lik bilan bog‘liq muammolar – kasallik yoki sog‘liq muammolari darsga kechikishga olib keladigan yana bir omil bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarda talabalarga avval kasallikdan to‘liq tuzalib keyin darsga kelishlari tavsiya etiladi.
  5. Shaxsiy sharoitlar – ayrim talabalar o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy holatlarga duch kelishadi, masalan: oiladagi mumammolar, favqulodda vaziyatlar yoki nizolar natijasida darsga kechikishlar sodir bo‘ladi.

Darsga kechikish sabablaridan qat‘i nazar, talabalar bunday harakatlar ularning ta‘lim olishiga ta‘sirini tushinishlari lozim. Darsga kechikish fanni o‘rganish imkoniyatlarining kechikishi va ma‘lumot olishning o‘tkazilib yuborilishiga olib keladi. Talabalar ba‘zan bu harakat uchun eng kulgili bahonalar bilan kelishsa, boshqalari chinakam haqiqiy sabab bilan kechga qolishadi. Afsuski, kechikish nazoratsiz qolishi surunkali holga aylanib ketishi va boshqa talabalarga yuqishi mumkin, bu esa toqat qilib bo‘lmaydigan xatti – harakatlarga aylanadi. Muammoni hal qilish uchun talabalar kechikishining umumiy sabablari va muammoni hal qilishning mumkin bo‘lgan yechimlarini aniqlashimiz kerak. Intizom akademik muhit uchun zarur va unga rioya qilmaslik talabalarning o‘z vakolatlarining zaifligidan foydalanishga olib kelishlari mumkin. Ta‘lim muassasalarida talabalarning kechikishini tartibga soluvchi o‘z qoidalarini bajarishga harakat qilishlari kerak. Bundan tashqari, talabalar va professor o‘qituvchilar orasida bir – biriga sovuq munosabatni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli, talabalarning vaqtni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishlari, mas‘uliyatli bo‘lishlari, darsga kechikmaslik choralarini ko‘rishlari tavsiya etiladi. Barchasini oldindan rejalashtirish va tayyorgarlik ko‘rish, vaqtni to‘g‘ri boshqarish va ta‘lim olishingizni kelajakdagi qiymatini oshiradi.

Avlod Media talabalar bilan Darsga nima sababdan kechikasiz? mavzusi ostida so‘rovnoma o‘tkazdi. Keling, talabalar va ularning fikrlari bilan batafsil tanishamiz.

1.O‘zbekiston milliy universiteti 3 – kurs talabasi – Tirkasheva Muhlisa

“ Umumiy qilib aytganda, ko‘pchilik talabalarning kechga qolish sababi vaziyatga qarab har xil bo‘ladi. Biroq, hammada bor kasallik uxlab qolish kechga qolishning asosiy sababi bo‘la oladi. Talabalar kechga qolishini ko‘p takrorlamasligi uchun o‘qituvchilar jazo qo‘llash holatlari ham bo‘lgan. Ular butun dars mobaynida tik oyoqda turishlari yoki dekanatga ariza yozishlari kabi holatlar bo‘lishi mumkin.”

2. Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti 1 – kurs talabasi – Baxtiyorov Azimjon

“Darsga qachon kech qolaman, uxlab qolganimda yoki transport muammolari bo‘lsa. Ayb har doim ham talabada bo‘lavermaydi ba‘zan talabalarda o‘zlari kutmagan holatlar bo‘lib turadi. Tirbandliklar, kutilmagan kasalliklarga chalinish, ishlash va boshqa sabablar ham bo‘lishi mumkin.”

3. O‘zbekiston milliy universiteti 2 – kurs talabasi – Sabirjanova Dildora

“Darsga kechga qolishimning asosiy sababi, ishlayman. To‘g‘ri talaba birinchi o‘rinda darsga o‘z vaqtida kelishi kerak, biroq talabaga o‘qishdan tashqari vaqtida 2 – kursdan keyin qonuniy ishlashga ruxsat etilgan. Shunday bo‘lsa ham darsga kechikish bu yaxshi odat emas deb hisoblayman.”

4. O‘zbekiston milliy universiteti 2 – kurs talabasi Abdumajidov Shohjahon

“Mening fikrimcha, ko‘pchilik talabalar tirbandlik va ishlashlari sabab darsga kech qolishadi. Bundan tashqari, shaxsiy holatlar va talaba kasal bo‘lganda darsga kechikish yoki dars qoldirish holatlari ko‘payib ketadi.”

Talabalarning har biri o‘zlarining fikrlarini subyektiv bildirib o‘tishdi. Asosli sabablar bilan birgalikda asossiz sabablar ham aytildi. Biroq nima bo‘lgan taqdirda ham iloji boricha talaba darsga o‘z vaqtida yetib borishga harakat qilishi kerak. Chunki, ma‘ruzadagi aynan talaba tushunmay qolgan ma‘lumot bir kun kelib zarur bo‘lib qolishi mumkin. Shuning uchun, barcha talabalar darsga mas‘uliyat bilan qarashlari va o‘z vaqtida o‘quv jarayonlarida qatnashganlari ma‘qul.