Darsda jahon standartlariga mos zamonaviy usullaridan qay darajada foydalanilmoqda?

Bugun ta’lim sifatini oshirishda jahon standartlariga mos dars o‘tish uslublaridan foydalanish  katta samara berishi mutaxassislardan tomonidan aytilmoqda. Masalan aynan ingliz tilini chuqur o‘rganish uchun  xalqaro tajriba “Bloom Usuli”dan foydalanish katta samara bermoqda.

“Bloom Usuli” afzalliklari

Bugungi kunda ko’plab o’qituvchilar nega o’quvchilari ta’limda yuqori natijaga erisha olmayotganliklaridan xavotir olishadi. O’qituvchilar soatlab dars o’tadilar, talabalar bilan individual ishlaydilar va uyga vazifa ham beradilar, ammo oxirida, o’quvchilar o’rganilgan darslarining faqat 5-10%ini o’zlashtirishadi, qolgan 90% esa havoga uchib ketadi. Bu holat mening darslarimda ham ko’p kuzatilgan, soatlab tushuntirgan mavzularim keyingi darsda o’quvchilarim esida qolmasdi, boshim qotib ilojsiz bo’lib qolgan vaqtim “Bloom Usuli” xaloskorimga aylangan.

Bloom Usuli o’zi nima?

Bloom Usuli ta’lim maqsadlarini murakkablik va o’ziga xoslik darajalariga tasniflash uchun foydalaniladigan ierarxik tizim bo’lib, o’quvchilarning quyi va yuqori darajadagi fikrlash qobiliyatlarini (LOTS va HOTS) rivojlantiradi. U 1950-yillarda Benjamin Bloom va uning hamkasblari tomonidan ishlab chiqilgan va oʻshandan beri bir necha marta qayta koʻrib chiqilgan. Uslub ta’lim maqsadlarini oltita darajaga ajratadi, ular odatda piramida sifatida ifodalanadi:

  • Eslab qolish (remembering) – piramidaning poydevori eslab qolishdir, bu asosiy tushunchalar va faktlarni eslash va tan olishni anglatadi. O’qish va takrorlash, yodlash vazifalari va yoddan o’rganish, ularning barchasi Bloom usulining 1-darajasini belgilaydi.
  • Tushunish (understanding) – bu darajadagi o’quvchilarning tushunishi tasniflash, muhokama qilish, tarjima qilish va aniqlash vazifalari orqali rivojlantiriladi. Ingliz tili darslarida yangi so’zning ma’nosini tushuntirish, rasmni tasvirlash va ob’ektlarni tasniflash o’quvchilarning tushunchasini rivojlantiradi.
  • Qo’llash (applying) – talabalarning quyi tartibli fikrlash qobiliyatlarini (LOTS) rivojlantirishning oxirgi darajasi bo’lib, bu bosqichda talabalar olingan bilimlarni amalda qo’llaydilar va ma’lumotlardan yangi uslubda foydalanadilar. Guruh muhokamalari, baholash, rolli o‘yinlar (tayyor materiallar bilan) va yozma topshiriqlardan qo’llash uchun foydalaniladi.
  • Tahlil qilish (analyzing) – bu bosqichdan boshlab o’quvchilarning yuqori darajadagi fikrlash qobiliyatlari (HOTS) yaxshilana boshlaydi, ular ma’lumotni uning tarkibiy qismlariga ajratadilar va uning tuzilishini tushunadilar. Bloom Usulining ushbu darajasida matnni tahlil qilish, taqqoslash (matnlar, qahramonlar, madaniyatlar), ma’lumotni xaritalash, izohlash va umumlashtirish mos keladi.
  • Baholash (evaluating) – bu tekshirish va tanqid qilish orqali mezonlar va standartlar asosida hukm chiqarishni o’z ichiga oladi. Bilimlarni baholash uchun tengdoshlarni tekshirish, bahs-munozaralar, insholarni baholash va rubrikalar asosidagi baholashlar qo’llaniladi.
  • Yaratish (creating) – bu bosqichda o’quvchilar yangi va o’ziga xos ishlarni ishlab chiqaradilar, bu esa olingan bilimlarning uzoq vaqt saqlanib qolishiga kafolat beradi. Bloom Usulining so’nggi bosqichida hikoya, portfolio, blog va podkast yaratish, rolli o’yin uchun ssenariy yozish va loyihalash qo’llaniladi.

Ingliz tili darslarida piramidani qanday qo’llash mumkin?

Ingliz tili xorijiy va ikkinchi til sifatida o‘qitiladigan sinflarda Bloom Usuli darslarni samarali rejalashtirish va ta’limdagi natijaga tezda erishishga yordam beradi. Uslub o’qituvchining tajribasi va ijodiy fikrlashiga asoslanib, kamida 4-5 kun va maksimal 2 hafta ichida bajarilishi mumkin. Ushbu maqolada men ingliz tili darslarida Bloom Usulidan foydalanishda shaxsiy tajribamni taqdim etishga qaror qildim.

O’qituvchi sifatida men avval har hafta, so’ngra har bir dars uchun o’quv maqsadlarini belgilab qo’ydim va shunga ko’ra piramidaning bosqichlarini bo’lib chiqdim.

Misol tariqasida: Shu haftaning oxirigacha talabalar shaxsiy hayotdagi o’zgarishlar haqida blog postini yaratishlari kerak. Bu Bloom Usulining «yaratish» bosqichi bilan yakunlanadigan bir haftaning asosiy maqsadi, endi biz ushbu katta maqsadni piramidadan foydalangan holda oltita kichik maqsadga ajratamiz.

1). Birinchi darsda “eslab qolish” bosqichida o‘quvchilar yangi lug‘at va grammatikani o‘rganadilar (masalan, Used to/didn’t use to; qiyosiy/ustun sifatlar).

2). Ikkinchi dars «tushunish» uchundir, talabalar o’rganilgan grammatikadan foydalangan holda o’zlarining hayotiy o’zgarishlarini muhokama qiladilar va ko’proq tushunish uchun ular boshqa odamlarning hayotidagi o’zgarishlar haqidagi matnlarni o’qiydilar.

3). Bilimlarni «qo’llash» uchun o’quvchilar o’qituvchi tomonidan berilgan ko’rsatmalar yordamida bolalik xotiralari haqida yozadilar, ular o’rganilgan so’zlar va grammatikani ham o’z ichiga olishi kerak.

4). 4-darsda o’qituvchi butun dunyo bo’ylab odamlarning hayotidagi o’zgarishlar haqidagi blog postlarini ko’rsatadi. Talabalar ularni o’qiydilar va ularni yozganlari bilan taqqoslaydilar, shuningdek, qaysi o’zgarish postlar orasida eng yaxshisi ekanligini aniqlaydilar.

5). 5-dars “baholash” uchun mo‘ljallangan, bu safar o‘quvchilar o‘z yozganlarini qog‘ozga yoki WordDocumentga qayta yozadilar, so‘ngra juft bo‘lib baholaydilar, ular o‘z do‘stlaridan yozganlarini o‘zgartirish va bir-birlariga fikr bildirish uchun maslahat so‘rashadi.

6). “Yaratish” bosqichi haftaning so‘nggi darsida bo‘lib o‘tadi, o‘qituvchi blog postini qanday yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar beradi, so‘ngra talabalar uni o‘z gadgetlaridan foydalangan holda yaratadilar va 5-darsda baholab qayta yozgan isholarini post qilib yozadilar.

Ushbu usul ingliz tili haftasiga 6 marta o’qitiladiganlar uchun to’g’ri keladi, agar dars 3-4 marta bo’lsa, o’qituvchi ikkita bosqichni bir darsda birlashtirishi yoki asosiy maqsadni ikki haftaga uzaytirishi mumkin, birinchi uch bosqichni 1-haftada yakunlaydi va qolgan uchtasini 2-haftada.

Ushbu usulni darsda joriy etish orqali nafaqat o‘rganuvchilar qiziqishini orttirish mumkin, qolaversa, tez o‘zlashtirishga va kreativlikni shakllantirishga xizmat qiladi.

Maqola muallifi:

Dildora Raimova

Ingliz tili o‘qituvchisi