Dangasalikdan xalos bo’ling

Ko’plab yoshlar bugungi informatsiyaga to’la zamonda vaqt yetishmasligi yoki oldiga qo’ygan hamma maqsadlariga vaqtida erisha olmasligi, tez-tez dangasaligi tutib qolishi haqida aytishadi va dangasalikdan qanday qutilish bo’yicha bir-biridan yoki hayotda o’zlaridan ko’ra ko’proq tajribaga ega insonlardan maslahat olishga urinib ko’rishadi.

Aynan shu sababdan ham biz bugun «Ta’lim va biznes sohalarida» o’z o’rni va mavqayiga ega ikki insondan dangasalikdan qutilish bo’yicha tengdoshlarimizga asqatadigan kerakli maslahatlarni olishga qaror qildik:

Umidjon Ishmuhamedov

Cambridge International College, Edu-Action va boshqa qator loyihalar muallifi

Har doim dangasalikkni yo’qotadigan ikki narsa bor: xohish va qo’rquv. Mana siz mashina haydaganmisiz? Agar odam mashinani uyqusirab boshqarib ketayotgan bo’lsa, mabodo avtohalokatli vaziyat yuzaga kelib qolsa, u birzumda tetiklashib o’ziga kelib qoladi. Nega? Chunki u qo’rquv bilan to’qnashadi. Bunday qo’rquv istalgan uyquni, istalgan dangasalikni yo’qota oladi. Sabab? Chunki inson miyasida ximiya bo’ladi va u patga qarab tushadi.

O’zimning eng kuchli taraflarimdan biri ham, men o’zimni rosa qo’rqitishimda edi. Ayniqsa, Amerikada yurgan paytimda, kechasi 12 dan 4 gacha ishlardim va ishlab kelib soat 8 gacha bor yo’g’i 4 soat uxlardim. Shunda o’zimni o’zim qo’rqitardim: “Ey Umidjon, agar sen hozir darsingni qilmasang, sening grantingni olib qo’yishadi, agar grantingni olib qo’yishsa, sen ikki dunyoda ham bu pulni to’lay olmaysan, agar shu pulni to’lolmasang, to’g’ri Toshkentga qarab uchasan va ota-onang ko’ziga qanday qaraysan?” Bunday qo’rquvdan keyin odam bittada o’ziga keladi va hatto uyqusi ham o’chib ketadi.

Shundan so’ng qo’rquvni xohishga konvertatsiya qilardim: Umid, qara, barcha do’stlaring ham Amerikada emas, sen o’qishni yaxshi ko’rasan, hamma ham bunga erisha olmadi, lekin Olloh seni tanladi. Shunda olmalarni mayda qilib to’g’rab, sharbatini ichib: “Men dars qilishni yaxshi ko’raman”, derdim.

Agar endi solishtiradigan bo’lsak, toshkentlik yoshlarda qo’rquv juda kam, ularda faqat xohish bor. Ammo viloyatlik yoshlarda katta qo’rquv bor. Qo’rquv – dangasalikni yo’qotadigan birinchi narsa. Bu mening shaxsiy strategiyam, dangasalikdan chiqish yo’llarini aytyapman. Shaxsan o’zim qo’rquvni Amerikada, musofirchilikda his qilganman, ungacha qo’rquv bo’lmagan.

Amerikada Atlantada 4 yil yashagan bo’lsam, o’sha joyni u yerliklardan yaxshiroq bilardim. Men o’zim toshkentlikman, ammo Toshkentda 39- va 19- kvartallar qayerda deb so’rashsa, haligacha bilmayman, lekin viloyatdan kelgan istalgan odamdan so’rang, u bu haqida ignasigacha aytib beradi. Nega? Chunki ishi tushgan, unda qo’rquv bo’lgan. O’zimda ham Amerikada kuchli qo’rquv bo’lgan, shuning uchun men Atlantani Toshkentdan yaxshi bilardim, chunki menda qo’rquv bo’lgan.

Shundan keyin men viloyatliklarni to’g’ri tushunishni boshlaganman. Unga qadar toshkentlik “blatnoy” bo’lganman, ammo o’z boshimga tushgach, musofir bo’lish oson emasligini anglab yetganman.

Doniyor Nasriddinov

Kimyo fani mutaxassisi va “Colba” ta’lim markazi rahbari

Dangasalik. To’g’risi aytsam, vaqtini qadriga yetgan va o’zining aniq maqsadlariga ega inson hech qachon dangasalik qilmaydi. O’quvchilarimdan so’rayman: “Biologiya kitobini qanday o’qiysan?” Keling, hozir tasvirlab beraman: birinchi abzatsni o’qishni boshlaydi, o’qiyveradi va birdan ko’zi ketib qoladi, shunda kitobni qayeriga keldi, nima haqida o’qiganini o’zi ham bilmaydi.

Chunki ushbu o’quvchi juda dangasa, u o’zicha dars qilyapman deb o’ylaydi, ammo bu hayotga nima uchun kelganini umuman anglab yetmagan. U nimaga dangasa bilasizmi? Chunki qilayotgan ishining muhimligini bilmaydi.

Hozirgi ko’pchilik yoshlar to’g’ri ilm olishni bilmaydi. Mana masalan, ko’pchilik telefon o’ynab ko’rgan. Endi tasavvur qiling: bir yosh bola telefonda o’ziga yoqqan o’yinni o’ynab o’tiribdi, agar telefonning quvvati kam qo’lsa nima qiladi? Uni tokka tiqadi, ammo quvvatlagichning simi kalta-da, o’sha joyda noqulay bo’lsa ham, beli bukchaysa ham, turib o’ynashni davom ettiradi. Qarasa, tong otib qoldi. Shu bola telefon o’ynaguncha dangasalik qildimi? Aslo qilmadi, axir ertalabgacha telefon o’ynab chiqdi-ku!

Ammo nega biz ilm olayotganda dangasalik qilishimiz kerak? Dangasalikni yengish uchun odam avvalo uning mohiyatini anglab yetishi kerak. Mayli, tushundingiz ham deylik, lekin baribir dangasalik kelyaptimi? Unda nima qilish kerak? Ikkinchisi, qilayotgan ishi muhimligini bilsin, qiziqsin.

Hozir bunga hayotiy misol keltiraman:Akademik litseyda o’qigan paytim darslardan ozod qilinganman. Darslarga bormayman, chunki “Olimpiadachiman”, hamma taniydi, osmonlarga ko’tarishardi. Bir kun litseyga komissiya keladi deb, meni tarix faniga o’tqizib qo’yishdi. Endi tasavvur qilavering, men aniq fanlar yo’nalishida o’qiganim uchun tarix faniga unchalik qiziqmasdim. To’g’risini aytsam, men hatto maqtanadigan darajada badiiy kitob o’qimaganman-da. Nega? Chunki kimyo shunchalik qiyin va murakkab fanki, boshqa kitoblarni o’qishga umuman vaqtim bo’lmasdi. Kimyo fani uchun borimni berganman.

Tarix darsida ustoz mavu o’tardilar, men esa kimyodan masala yechib o’tirardim. Shunda ustozimning jahli chiqib: “Doniyorjon, o’zi bir marta darsga kirding, hozir xonaga komissiya kirib, seni bu holatda ko’rsa, gap eshitamiz, o’zingni hech bo’lmasa, tarix kitobini o’qib o’tirgandek ko’rsat”, dedilar va yonimga O’zbekiston tarixi kitobini qo’yib ketdilar.

Ustoz dars o’tishni boshlab, mavzuni aytib berdilar, kitobga qarab tursam, ustoz mavzuni so’zma-so’z, qatorma-qator aytib beryaptilar. Shunda men qiziqib qoldim:”Nega ustoz bunday o’qigan?”. Qiziqib oxirigacha ustozimni kuzatdim: oxirigacha kitob bilan bir xil aytdilar, lekin bunga hech kim e’tibor qilmadi.

Dars so’ngida barcha chiqib ketganidan so’ng, ustozimdan so’radim: “Ustoz, komissiyaga qattiq tayyorlanib kelibsiz-da!”, dedim, (endi u payt yosh bola bo’lganman-da!). Ustoz: “Yo’q, bolam, nega unaqa deyapsan?” Qatorma-qator aytib berdiz desam, aytdilarki: “Qatorma-qator gapirganim – men bu kitobni yodlab olganman, xohlagan joyingni ochgin, aytib beraman”, dedilar. 

Shunda men boshqa betni ochdim, ustoz mavzuni yana qatorma-qator aytib beryaptilar. Xursand bo’lib ketdim: “Endi menga buning usulini ayting, usuluni o’rgating, nima qilay?”, dedim. Men ham bu usulni bilib olmoqchi edim. Shunda bir og’iz gapirdilar: “Qiziqish kerak!” dedilar. “Eh, qurib ketin, shu ham motivatsiyami?” dedim. Buni o’zim ham bilardim, bu hamma biladi-ku.

Uyga borib, o’zimga-o’zim: “Doniyor, qiziq, yaxshilab qiziq, bo’lmasa bo’lmaydi”, dedim, lekin baribir bo’lmadi. Keyin meni shuni his qilganimdan so’nggina menda dangasalik yo’qolib ketdi. Buni his qilish qachon bo’ldi? Bir kuni kimyo o’qituvchim formnulani topib kelish haqida topshiriq berdilar.Kimyoda bir masalani yechishda u jadval qilib yechiladi, u jadvalni yechib yozib chiqquncha taxminan yarim soatcha vaqt ketadi. “Shunga bir formula yo’qmi? Tezda hisoblab qo’yadigan”, dedilar.

Men u paytda internetni yaxshi tushunmasdim, uyga bordim-da, shu formulani o’ylab topishga harakat qildim. Uyga borishim bilan uni topish uchun ishga kirishdim: yozib ko’raverdim, har narsa qilaverdim, bundoq soatga qarasam, ertalab bamdod payti bo’lib qolibdi. Zarracha uyqum kelganmagan, ovqatlanmaganman ham. O’ta qiziqib ketganimdan xayolimga hech narsa kelmagan edi va o’sha formulani topgan edim.

Keyin bilsam, u formulani mendan oldin Nyuton topgan va nomi – Nyuton binomi ekan. Bu bilan men o’zimni katta olayotganim yo’q. Ko’pchilik kimyo fanini o’qiydiganlar bilsa kerak, bu faktorial bilan hisoblanadigan – Nyuton binomi formulasi edi. O’shani men topdim, bu qayerdan keldi? Hammasi qiziqishimdan.

Dangasalikni yo’qotadigan usul shu: O’ta qiziqish kerak, qizquvchan bo’lish kerak. Agar qiziqishingiz uyg’onmayaptimi?! Unda nima qilish kerak? Kam ovqat yeyish kerak, chunki ko’p ovqat yeyish dangasalikni keltirib chiqaradi.