«Chilla»ni qanday ko‘ngildagidek o‘tkazish mumkin?

Yurtimizda yozning eng issiq davri – «chilla» mavsumi 5-avgustga qadar davom etadi. Soʻnggi yillarda xoh qish, xoh yozning chillasi boʻlsin iqlim oʻzgarishi tufayli oʻz injiqliklarini koʻrsatmoqda. Bu yilgi yoz chillasi ham avvalgilaridan qolishmadi. Sessiyani aʼlo baholarga topshirib olgan talabalar konditsioner tagida maza qilib dam olishayotgan bir paytda abituriyentlar kunning jaziramasiga qaramasdan imtihon topshirishadi. Maqolada berilgan, issiq ob-havo sharoitida issiq urishining oldini olish boʻyicha mutaxassislarning tavsiyalari barchaga as qotadi degan umiddamiz.

Quyosh «uradi»mi?

Shifokorlarning aytishicha, chillada oftob urishidan saqlanish juda muhim. Chunki quyosh urishi – xavfli boʻlib, u tashqi termal omillar taʼsirida organizmning umumiy qizib ketishi va haroratni meʼyorda ushlab turish qobiliyatini yoʻqotishi natijasida yuzaga keladi. Eng asosiy eslatma shuki, kunduzi soat 10:00 va 16:00 oraligʻida quyosh nuri tushadigan ochiq joylarda yurmaslik lozim. Bunday salbiy holatni oldini olish uchun quyidagilarga amal qilish lozim

Oftobda yurmang!

Koʻchaga ehtiyoj boʻlsa chiqing, va ochiq rangli tabiiy matodan tikilgan yengil liboslar va issiqdan saqlaydigan bosh kiyim kiying. Toʻgʻri tushadigan quyosh nurlaridan saqlanish, undan himoyalovchi koʻzoynaklar hamda soyabonlardan foydalaning.

Koʻp miqdorda suv iching!

Issiq urishining oldini olish uchun suvsizlanishning oldini olish, eng muhim jihat. Buning uchun kuniga 3 litr miqdorda suyuqlik (sovitilgan koʻk choy, gazsiz mineral suv, mevali, kam yogʻli sutli ichimliklar) ichish lozim.

Tavsiya etilmaydi!

Jazirama kunlarda qahvadan voz kechgan maʼqul. Chunki u issiq kunda charchoqni oshiradi. Yogʻli, qovurilgan taomlardan tiyilish va meva-sabzavotlar isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Taom albatta, tuzli boʻlishi darkor. Chunki havo harorati yuqori boʻlganda odam organizmidan koʻp miqdorda natriy chiqib ketadi.

Koʻp choʻmiling

Tez-tez dush qabul qilish tananing nafas olish tizimini yaxshilaydi. Suv xona haroratida boʻlishi kerak. Suvni kuchli sovitish oqibatida haroratning keskin oʻzgarishi zotiljam kasalligiga yoʻl ochib beradi.

Bunday issiqda konditsionersiz qiyin, albatta. Ammo konditsioner bor xonada uning roʻparasiga oʻtirish taqiqlanadi. Sababi, konditsionerning ishlashi jarayonida bakteriyalar sovuq havo bilan birga xonada haydalib, surunkali bronxit va pnevmoniyani qoʻzgʻatishi mumkin.

Ushbu tavsiyalarga amal qilish salomatligimizni asrashga va eng muhimi, yoz faslining yorqin taassurotlarga boy oʻtishiga xizmat qiladi.