Chalinmay qoʻyaqol soʻnggi qoʻngʻiroq

Qoʻngʻiroq… Dars tugashi bilan uning jarangi har bir oʻquvchiga shodlik bagʻishlar, tanaffus sari shoshishga, kimgadir yoqmayotgan darsdan ozod boʻlishga imkon beruvchi, bolaligimizni eslatuvchi shoʻx va jarangdor sado. Uni ovozidan doim quvongan boʻlsak, soʻnggi bor chalinishi sinfdoshlarni koʻziga yosh keltirgani ayni haqiqat. Bu jarangli ovoz bilan quvonchli bolalikni,aziz ustozlarni, jonajon maktabni, qadrdon sinfdoshlarni tark etdik.

Siz-chi bugun katta hayotga qadam qoʻygan talaba «Soʻnggi qoʻngʻiroq»ni qanday esga olasiz? Uning soʻnggi bor jarangi yuragingizni junbushga keltirganmi?

Nigora Joʻrayeva Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi TATU doktoranti

Soʻnggi qoʻngʻiroq jarangi yuraklarini junbushga keltirgani yodimda. Maktab juda qadrli edi men uchun, aʼlochi qiz boʻlganman. Soʻnggi qoʻngʻiroq tadbiri esimda, sport zalda oʻtkazilgandi. Chunki yomgʻir aynan oʻsha kuni yoqqanligi uchun. Qaygʻuli va shu bilan birga quvonchli, masʼuliyatli bir holat. Soʻnggi qoʻngʻiroq kunida jajji oʻquvchilarning men va tengdoshlarimga boʻlgan havasi, ustozlarimning bizga bildirgan ishonchlari, birga sinfdoshlarim bilan aytgan qoʻshiqlarimiz barcha-barchasi xotiramda kechagidek muhrlanib qolgan.

Munira Boltaboyeva Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabasi:

– Soʻnggi bor jaranglagan qoʻngʻiroq jarangi shundoq esimda. – Ilk muhabbat, sinfdosh , eng yaqin sirdosh, jonajon ustozlar – bugun bularning bari goʻzal bir xotiraga, umr kitobimizning oltin sahifalariga aylangan. Juda qumsayman bu davrlarni. Maktabni bitirganimda ham tort yil toʻldi, bu yil universitetni tugatyapman. Sinfdoshlarim bilan 25 – may bitiruv bayrami uchun naq 1 oy tayyorlanganmiz. Tadbirda sherim esimdan chiqib qolgan, hayajonlanganim esimda. Ustozlarimdan minnatdorman.

Abdullayeva Ozoda Odiljon qizi Chirchiq davlat pedagogika universiteti 4 – kurs talabasi:

Men oʻzimni omadli inson deb hisoblayman, negaki ustozlarim juda malakali, oʻz kasbining ustasi va mehribon edi. Maktabdagi ilk muhabbat haqida aytadigan boʻlsam, bu — juda begʻubor tuygʻu. Bir biri bilan xat yozishish, yigitning qizni himoya qilishi, ulgʻaygach esa ularning doʻst boʻlib qolishi. Soʻnggi qoʻngʻiroq bayramida boshlovchi boʻlganman, katta tayyorgarlik koʻrganmiz. Juda chiroyli oʻtgandi. Shu lahzalarga qaytishni juda xohlardim.

Har bir talaba «Soʻnggi qoʻngʻiroq»jarangini oʻzgacha bir entikish, goʻzal xotira bilan eslaydi. Ularning orasida sinfdoshlarni, maktabni eslab koʻzga yosh olganlari ham boʻldi. Bu yil respublikamizda 390 ming nafardan ziyod oʻquvchi-yoshlar umumtaʼlim maktablarini bitirmoqda. Biz ularga omad va zafarlar tilaymiz!

Maqola muallifi: Nilufar Rahimova