Buxoro davlat universitetining intiluvchan va iqtidorli yoshlari

Ko‘pchilik: “Yoshlar kitob o‘qimaydi, talabalarning aniq maqsadi yo‘q, faqat o‘qishga kelib-ketib yurishadi”, — deydi. Lekin biz bu fikrdan butkul yiroqmiz. Talabalar bilan yaqindan tanishsangiz, ularning hayotini kuzatsangiz, fikringiz o‘zgarishi aniq.

Bugungi qahramonlarimiz — Buxoro davlat universitetining intiluvchan va iqtidorli yoshlari. Keling, yaxshisi, gapni uzoq cho‘zmay ular bilan yaqindan tanishishni boshlaymiz!

Bekzod Bafoyev

Buxoro davlat universiteti Tabiiy fanlar fakulteti 2-1 eko 20-guruh talabasi

Abituriyentlik davri gashti boshqacha-da! Ertalab barvaqt turishlar, joyi kelganda ovqatlanmaslik, uxlamaslik, domladan dakki eshitish, darslarga kech qolish…. Shu damlarga yana qaytishni xohlaydi inson. Negaligini bilmadim-u, lekin shirin xotiralar ko‘z oldimda gavdalanadi. Talabalik esa oltin davrim! Talabalik baxtiga erishganimdan so‘ng atigi 3 oy ichida katta natijalarga erishdim, deb o‘ylayman. Shu vaqt mobaynida universitetda tanildim, ko‘plab tanlovlarda gʻolib bo‘ldim, o‘z o‘rnimga ega bo‘ldim.

Rejalarim juda ko‘p: o‘qish borasida, hayotiy, shaxsiy rivojlanish bo‘yicha. Bularning amalga oshishiga, albatta, ishonaman va harakat qilaman. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki,  vaqt — oliy hakam. Ertagi kunda nimalar bo‘lishini hech kim kafolatlamaydi. Yoshligimda “Professor bo‘laman, men akademik bo‘laman”, deb niyat qilganman. Bularni orzu qilmaydigan odam bo‘lmasa kerak. Maqsadimga yetishish yo‘lida harakat qilyapman. Harakatlarim zoye ketmaydi va o‘z samarasini ko‘rsatadi degan umiddaman.

Oramizda shunday insonlar bor: biror o‘quv yurtini yoki maxsus kurslarni tugatmagan bo‘lsa ham o‘z ishining naqqoshi. Lekin hozirgi kunda rasmiyatchilik, hujjat talabi degan narsalar ham yo‘q emas. Shu rasmiyatchilik yoki hujjat tayyorlashga erinadiganlar ishsiz qolib ketyapti, desak bir tomondan adashmagan boʻlamiz.

Vaqt — juda-juda qimmatbaho va topilmas narsa. Har daqiqa, soniya olmosga teng. Kimga qancha umr berilganini hech kim bilmaydi. Shuning uchun har onimizni sermazmun, odamlarga yordam berib, o‘z ustimizda ishlash bilan o‘tkazishimiz kerak.

Men hozirda Buxoro davlat universiteti “Tabiiy fanlar” fakulteti matbuot kotibi, Buxoro davlat universiteti Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti Matbuot kotibi, shu bilan birga, «Universitet fotografi» lavozimida faoliyat olib boryaman.

Ham o‘qish, ham ishlash mushkul ish ekanligini yana bir bor o‘z hayotimdan kelib chiqib angladim. O‘qishga to‘lov-shartnoma asosida qabul qilingan bo‘lsam ham, hozirda ragʻbatlantirish, tanlov yutuqlari va boshqalardan 1 mln ga yaqin daromad topyapman. Buning ostida tinimsiz mehnat, ishimga bo‘lgan mehrim yotadi.

Ayni damda qo‘shiq aytish mening xobbiyim, desam ham bo‘ladi. 9-sinfligimda eng yaqin do‘stim Bexruz tufayli qo‘shiq aytishga qiziqib qolganman. Rejalarim orasida ovoz yozish studiyasida qo‘shiq yozdirib, sahnada qo‘shiq kuylash ham bor. Insonda xobbi bo‘lishi muhim emas deb o‘ylayman.

Har bir ishimda tavakkal qilib ko‘raman. Har bir yutug‘im tavakkal asosida kelgan, desam ham bo‘ladi. Biror ish qilsam, lekin uning foydasidan zarari ko‘pligini keyinchalik bilib qolsam ham, boshlagan ishimni yarim yo‘lda tashlab ketmayman. Oxirigacha tavakkal qilaman.

Baxtiniso Shukurova

Buxoro davlat universiteti Filologiya fakulteti 2-bosqich talabasi

Abituriyentlik davrim biroz qiyinchiliklarga boy boʻlgan desam ham boʻladi, chunki bizning qishlogʻimizda aynan ona tili, adabiyot, ingliz tili fanlaridan oʻquv markaz yoki kurs oʻtadigan oʻqituvchi boʻlmagan. Shu sababli ham uyda mustaqil oʻzim tayyorlanganman. Kechalari soat 3 yoki 4 gacha dars tayyorlardim. Oʻz ustimda tinimsiz ishlardim. Natijasi a’lo: birinchi urinishdayoq talaba boʻldim.

Oldimga qoʻygan rejalarim ko‘p. Bulardan faqatgina 5 yillik rejamni aytib oʻtmoqchiman. Universitetni tugatgach, magistratura bosqichida tahsil olib, qishlogʻimizda oʻquv markaz ochish, abituriyentlarga bilim berish va shu orqali ota-onalarining pulini tejash, chunki shaharga borib tayyorlanish ancha qimmatga tushadi.

Qishloqlarda bir qancha bilimli, iqtidorli yoshlar maktabni tugatgach, oilaviy sharoiti tufayli o‘qiy olmaydi. Qishloqning o‘zida o‘quv markaz bo‘lishi esa bir qancha muammolarga yechim bo‘ladi.

Diplomsiz ham yaxshi yashash mumkin, degan fikrga munosabatim ijobiy emas, albatta. Chunki davlat ishida ishlayman degan odamga har doim ham diplom kerak boʻladi. Mayli, diplomni qo‘ya turaylik, lekin universitet inson hayotida juda katta ahamiyatga ega deb o‘ylayman.

Vaqtni qadrlayman, har bir soniyani qadriga yetaman. Ertalab turishim bilan kun davomida qiladigan ishlarim rejasini tuzib olaman va shu reja asosida ish koʻraman. Hamma yomon illatlar bekorchilikdan kelib chiqadi. Vaqtini toʻgʻri sarflagan inson har doim boshqalardan bir qadam oldinda yuradi.

Filologiya sohasida o‘qisam-da, jurnalistikaga qiziqaman.  Orada ilmiy hamda publitsistik maqolalar yozib turaman. Bundan tashqari oʻqituvchilarni hayot yoʻli va ilmiy tadqiqot ishlarini talabalarga targʻib etish maqsadida “Fidoiy ustoz” nomli loyihani boshlaganman.

Tavakkal har doim ham foyda beravermaydi. Lekin koʻpincha, hayotda tavakkalchilar bir qadam oldinda yuradi, deyishadi. Men tavakkalchilik bilan ish tutmayman, oʻylab ish qilaman.

Xumora Tohirova

Buxoro davlat universiteti Pedagogika fakulteti amaliy psixologiya yo‘nalishi 3-bosqich talabasi

Abiturentlik davrim juda qiyin o‘tgan. Yoshlikdan dalada mehnat qilib, qiyinchilikda katta bo‘ldim. Kollejda tahsil olib, tadbirlar tashkil qilardim. Harbiy sohaga qiziqqanim sababli 2019-yil “Yosh qutqaruvchi” respublika tanlovida qatnashib qizlar o‘rtasidan 1-o‘rinni egalladim. 2019-yil Buxoro davlat universiteti Amaliy psixologiya yo‘nalishiga kontrakt asosida qabul qilindim.

Psixologlar tanlovida qatnashib, 1-o‘rinni egalladim va fakultetimiz yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosariga yordamchi-shogird bo‘lib tushdim. Ham o‘qib, ham tadbirlar tashkil etib, o‘zimni ko‘rsatib, fakultet yetakchisiga aylandim.

Kontarkt, yo‘l puli va boshqa xarajatlarimni to‘liq o‘zim qoplayman. Uyda 15 ta qora mol, 4 ta sog‘in sigir bor. Shularni sog‘ib, sut-qaymog‘ini olib sotaman. Har kuni ertlab bozorga borib savdo qilaman. Fermerlik bilan shug‘ullanib, ipak qurtlarini boqaman.

Hozirda ko‘zi ojiz bolalar maktab internati bilan hamkorlikda katta tadbirlar, konsert dasturlari tashkil qilmoqdamiz. 2021-yil mart oyida “Munozara” intelektual o‘yini o‘quv seminari uchun suhbat o‘tkazildi, suhbatdan o‘tib Toshkent shahriga 1 haftalik o‘quv seminarga jo‘nadim. U yerda notiqlik san’ati bo‘yicha litsenziya olib qaytdim va universiteda notiqlik hamda munozara intellektual o‘yini uchun to‘garak tashkillashtirdim.

Iyuin oyida mintaqa ligasida jamoa tuzib, Xorazm viloyatiga bordik. G‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublika bosqichiga yo‘llanma oldik. Sentabr oyidan BuxDU yoshlar ittifoqi kengashi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘yicha yetakchi o‘rinbosari lavozimiga ishga qabul qilindim. Okatabr oyida Marketing va talabalar amaliyoti bo‘limi huzuridagi Karyera markaziga marketolog va direktor lavozimiga tayinlashdi.

2021-yilda “Yil talabasi” respublika tanlovining yilning eng yaxshi targ‘ibotchi talabasi nominatsiyasi bo‘yicha universitet miqyosida 2-o‘rinni egalladim. “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” tanlovida viloyat g‘olibi, respublikada esa o‘z psixologik g‘oyam bilan qatnashib 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdim.

Kelgusida chet elda o‘qish niyatim bor. Albatta, O‘zbekistonga qaytib kelaman. Universitetimizda ishlab, shu bilan birga, viloyat va respublika bo‘yicha xotin-qizlar qo‘mitasida tadbirkor ayollar safida bo‘lishni niyat qilganman.

Diplom, albatta, kerak. Diplom olish uchun inson harakat qiladi, mashaqqat chekadi. Hayotda yaxshi yashayman degan inson uchun esa bu mashaqqatlar kerak.

Vaqt juda katta ahamiyatga ega. Uxlashdan oldin har kungi rejalarimni tuzaman, va albatta, shu rejalar asosida ish qilaman. O‘zimning vaqt reglamentim bor: ertalab 5 da turib, mollarga qarab, sigirlarni sog‘aman. Aytib o‘tganimdek, keyin bozorga boraman. Keyin 9 dan tushgacha ishda bo‘laman. Karyera markazida “Munozara” intellektual turniri, suxandonlik, sahna madaniyati kabilardan o‘quvchilarga dars o‘taman. Hozirda 150 dan ortiq o‘quvchim bor.

Tushdan keyin o‘qishga boraman. Darsdan so‘ng tadbirlar, konsertlar bo‘ladi. BuxDUda har kun kamida 3 ta tadbir bo‘ladi. Asosan, shularni tashkillashtiraman. 6 larda uyga qaytaman. Yana mollarga qarash, ipak qurti boqish bilan kunim yakunlanadi. Menda bo‘sh vaqtning o‘zi – yo‘q. Hatto vaqtimni behuda sarflashga vaqtim yo‘q, desam ham bo‘ladi.

Xobbi, albatta, muhim. Yoshligimdan tashkiliy ishlarga qiziqqanman. Sevimli mashg‘ulotim – raqsga tushish va sport.

Tavakkal qilmasangiz, maqsadga yetish qiyin. Chunki, o‘ychi o‘yini o‘ylaguncha – tavakkalchi uyiga yetibdi, deyishadi-ku. O‘ylab o‘tirguncha fursat o‘tib ketishi mumkin. Shuning uchun temirni qizig‘ida bosish kerak.

Mehrangiz Halimova

BuxDUning Amaliy matematika va informatika yo‘nalishi talabasi

Ziyoli oilada tug‘ilganman, buvam va buvim fizika-matematika o‘qituvchisi bo‘lishgan. Buvam uyda repititorlik qilardilar, meni ham o‘qishga o‘zlari tayyorlaganlar. 9-sinfligimda dadam dunyodan o‘tib qolganlar. 3 ta farzand bilan onam bir o‘zlari qolganlar. Shu sababli 9-sindan keyin o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqim so‘ngan, o‘qigim kelmagan.

Dadam bilan juda ham yaqin edim. Ularni yo‘qotish men uchun juda og‘ir bo‘lgan. Hech narsa yoqmay qolgan. Lekin shunga qaramay, maktabni oltin medalga tugatdim. Maktabda har doim har ishda bosh bo‘lganman. Birinchi yili 111 ball bilan o‘qishdan yiqilganman.

O‘qishga kirmasdan yiqilish — menga juda katta zarba bo‘lgan. O‘zimni yo‘qotib qo‘yganman, go‘yo hayot men uchun tugagan edi.

Qarangki, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida “super kontrakt” asosida o‘qishim hal bo‘ldi. O‘qiy boshladim. 2-kursdan o‘qishimni BuxDUga ko‘chirdim. Hozirda universitetning faol talabalaridanman. Onam chevar bo‘lganliklari uchun menga ham o‘rgatganlar. Hunarim tufayli qizlardan ko‘ylak tikishga buyurtma olib turaman.

Rejalarim ko‘p. Hozirda magistraturaga tayyorlanyapman. Amaliyotimni chet elga olmoqchiman. 5 yillik rejamda magistratura, oila qurish,10 yillik rejamda doktoranturaga hujjat topshirish bor. IT sohasini O‘zbekistonda rivojlantirish ham eng katta orzum.

Bugungi kunda diplomsiz ham ishlash, yaxshi pul topish mumkin. Lekin universitetda o‘qigan inson bilan o‘qimagan insonning farqi — yer bilan osmoncha. Diplom olib, 5 million oladigan inson bilan o‘qimay turib 15 million topadigan inson o‘rtasida farq bo‘ladi. Baribir, o‘qimishli kishi ma’naviyatli bo‘ladi.

Vaqt hamma uchun juda qimmatli deb o‘ylayman. Behuda ketgan vaqtimizni oladigan narsa bu – telefon. Hamma narsaning me’yori bo‘lishi kerak.

Insonda xobbi bo‘lishi juda ham muhim. Inson baribir bir xillikdan zerikadi, charchaydi. Xobbi esa insonga motivatsiya beradi. Ayni damda eng yaxshi ko‘rib qiladigan ishlarim: qo‘shiq kuylash, she’r o‘qish va, albatta, chevarlik.

Odam tavakkal qilishi kerak. Tavakkal qilishni yoqtiraman. Ko‘p hollarda bu menga foyda keltiradi, lekin inson hayotining 100 foizini tavakkal asosida o‘tkazmasligi kerak, deb o‘ylayman.

Muallif: Feruza Omonboyeva