Bugun talabalar kuni!

Butun dunyoda 17-noyabr “Xalqaro talabalar kuni” bayrami sifatida har yili keng nishonlanadi. Inson umrining eng esda qolarli va mazmunli xotiralarga boy davri bo‘lmish “Talabalik onlari”ning o‘ziga xos saboqlari, talaba hayotidagi qiyinchiliklar, universitet darslari, kursdoshlar bilan rejalashtirilgan sho‘xliklar butun hayot davomida tatigulik xotiralarni tuhfa etadi.

O‘ylab ko‘rganmisiz, nimaga aynan shu sanada bayram nishonlanadi? Javobni kun tarixidan qidirsak bo‘ladi. Aslida, bu sana Pragadagi universitetga fashistlar bosqini tugaganining bir yilligi munosabati bilan 1939-yilda 17-noyabrda “Xalqaro talabalar kuni” sifatida ilk bora belgilagan. Fashistlar bosqini davrida mingga yaqin talaba qamoqqa tashlangan, universitetlar yopilgan, yana bir necha kishi o‘ldirilib, qiynoqqa solingan. Aynan shu sanada ushbu zo‘ravonliklarga chek qo‘yilgani hamda butun dunyo bo‘ylab talabalarning haq-huquqlarini tiklash maqsadida bayram  nishonlanadi. Shunday qilib, 17-noyabr tarixga “Xalqaro talabalar kuni” sifatida kirdi. 

“Talabalik – umr bahori”

Talabalik baxti hammaga ham nasib etavermaydi. Kimlardir talabaligidan yoki tanlagan oliygohidan norozi bo‘lsa, yana kimlardir talaba bo‘lishni orzu qiladi. Katta hayot yo‘llariga qadam tashlash jarayoni ham aynan talabalik davridan boshlanadi. Institutdagi o‘rgatilgan bilimlar, kursdoshlar bilan bo‘lgan mashmashalar, yotoqxona yoki kvartira qidirib sarson bo‘lishlar, bir oy mobaynida stipendiyani kutib pul tushgandan keyin 2 kunda yo‘q qilishlar, sessiya dahmazalari va o‘qituvchilarning talablari bularning hammasi yillar o‘tib, bu baxtni his qilgan har bir inson uchun o‘zgacha hissiyotlarni beradi.

Talabalik onlari kutilmagan vaziyatlarga to‘la. Bu onlar yoshlarning o‘qishi, yangi do‘stlar orttirishi, bilim va kasbiy faoliyat olamiga kirishi demakdir. Bu sinovlar va shubhalar, balki imkoniyatlar va umidlar davri. Talabalar yurtimiz kelajagi, ular ertangi hayotimiz qanday bo‘lishiga mas’uldirlar. Talabalar kuni nafaqat sizning yutuq va muvaffaqiyatlaringizni nishonlash, balki o‘qish hamma uchun ham berilmagan imtiyoz ekanligini unutmaslikdir. Mana shu hikmatni bizga yetkazganlarning bilimi, ta’limi va mehnatini qadrlash vaqti va shu kuni siz talabalik yillaringizni eslashingiz, do‘stlaringiz va o‘rtoqlaringiz bilan vaqt o‘tkazishingiz, hozir bu yo‘lda bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlashingiz mumkin. Tabriklar, bayram tadbirlari, konsertlar va uchrashuvlar – bularning barchasi o‘quvchilarga o‘zlarini jamiyatimizda muhim va zarur ekanligini his qilishlariga yordam beradi.

Aziz talabalar! Har bir kuningiz quvonch, zavqlanish va rivojlanish istagi bilan to‘la bo‘lsin. Barcha talaba va bitiruvchilarga muvaffaqiyat, omad tilaymiz!