Bu yil talabalar turar joylar bilan to‘liq qamrab olinadimi? Yotoqxona bilan qamrab olinmagan va ijara huquqi asosida yashaydigan talabalarning taqdiri-chi?

Sanoqli kunlardan so‘ng yangi o‘quv yiliga start beriladi. Viloyatlik talabalarda esa yotoqxonaga joylashish masalasi ko‘ndalang turibdi. To‘g‘ri, so‘nggi yillarda respublikamizda yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi oshib borishi bilan bir qatorda, yotoqxonalarga bo‘lgan ehtiyojini ham inobatga olib, ularni turar joylar bilan ta’minlash ishlariga alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda.

Bugungi kunda 112 ta oliygohda jami 338 ta talabalar turar joylari mavjud bo‘lib, ularning sig‘imi 127 792 o‘rinni tashkil etmoqda. Bu degani barcha talaba yotoqxona bilan ta’minlangan degani emas, shu bois, ularni ayrimlari ijarada istiqomat qiladi. Xo’sh, talabalar qachon to‘liq yotoqxonalar bilan qamrab olinadi?

Shu savollarimizga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova javob berdi.

Bu yil talabalarga yotoqxona taqsimoti qanday bo‘ladi? Ularning qanchasi qamrab olinadi va qolgan talabalar taqdiri-chi?

– Bugungi kunda 112 ta oliygohda jami 338 ta talabalar turar joylari mavjud bo‘lib, ularning sig‘imi 127 792 o‘rinni tashkil etmoqda;

Yotoqxona bilan qamrab olinmagan va ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining 60 foiziga oylik ijara to‘lovining bir qismini O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan qoplab beriladi.

Bitta turar joyda ikki va undan ortiq talaba ijara huquqi asosida yashagan holatlarda, ularning barchasi ijara shartnomasida qayd etilgan bo‘lishlari shart.

Bunda talabgorlarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’i nazar, Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, qolgan hududlarda — bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lanadi. Umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun talabalar turar joyida ortib qolgan o‘rinlar quyidagicha taqsimlanadi:

1-kurs talabalari uchun 55 — 65 foizi;

2-kurs talabalari uchun 15 — 20 foizi;

3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun 20 — 25 foizgacha ajratiladi.

Bunda kurslarga ajratilgan, biroq to‘lmay qolgan o‘rinlar avvalo quyi kurs talabalari orasida, so‘ng kurslarning ortib borishi tartibiga qat’iy amal qilgan holda yuqori kurs talabalari orasida qayta taqsimlanadi. Oliy ta’lim muassasasi tomonidan talabalar turar joyidagi o‘rinlar soni umumiy ro‘yxat bo‘yicha fakultetlar kesimida taqsimlanishi mumkin.

Talabalarni ijaraga qo‘yishda uy egalariga yengilliklar bormi?

– Talabalarni ijaraga qo‘ygan uy egalaridan daromad solig‘i undirilmaydi.

Soliq kodeksining 378-moddasida soliq solinmaydigan daromad turlari keltirilgan bo‘lib, ushbu moddaning 19.1-bandida soliq to‘lovchining uy-joylarni talabalarga ijaraga berishdan olingan daromadlariga soliq solinmaydi deb ko‘rsatilgan.

Yuqoridagi asosga ko‘ra, talabalarni o‘z uylariga ijaraga qo‘yish orqali ijara haqidan daromad topayotgan shaxslarning ushbu daromadlaridan daromad solig‘i olinmaydi.

Talabalar qachon to‘liq yotoqxonalar bilan qamrab olinadi?

– Bugungi kunda Respublika miqyosida 46 252 o‘rinli 86 ta talabalar turar joylarini barpo etish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Ulardan 31 882 o‘rinli 59 ta davlat-xususiy sheriklik asosida, 14 370 o‘rinli 27 tasi oliygohlarning to‘liq o‘z mablag‘lari doirasida barpo etilmoqda. Ayni paytda 34 320 o‘rinli 67 ta talabalar turar joylarini qurish ishlari olib borilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar Davlat dasturida belgilangan talabalar turar joylari qurib foydalanishga topshiriladi.

2020 yilda oliy ta’lim muassasalaridagi yotoqxonalar quvvati 59 346 o‘ringa ega bo‘lib, ta’minlanish darajasi 28 foizni tashkil etgan;

2021 yilning o‘zida yotoqxonalar quvvati 32 070 o‘ringa ko‘paytirilib, 91 416 o‘ringa yetkazilgan va ta’minlanish darajasi 41 foizga oshirilgan;

2022 yilda oliy ta’lim muassasalarida 20 153 yotoq o‘rin yaratiladi va ta’minlanish darajasi 47 foizga yetkazildi.

2023 yil yakuniga qadar davlat dasturida belgilangan 18 016 yotoq o‘rinli talabalar turar joylari qurib foydalanishga topshirildi va ta’minlanish darajasi 54 foizga yetkazildi.

2026 yilda oliy ta’lim muassasalarining yotoqxonalar quvvati 182 616 o‘ringa yetkazilib, ta’minlanish darajasi 68 foizdan oshiriladi.

Toshkent shahridagi OTMda yangi talabalar turar joylarini qurib foydalanishga topshirilishi bo‘yicha loyihalar yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu borada ishlar natijalari hali ochiqlanmadi. Shu haqida aniqroq ma’lumot bersangiz?

– Toshkent shahrida jami 41 848 o‘rinli 108 ta talabalar turar joylari bo‘lib, 2022-2023 yillarda Toshkent shahrida 7 152 o‘rinli 13 ta talabalar turar joylari qurib foydalanishga topshirilgan.

Qarorga asosan bugungi kunda 8 542 o‘rinli 10 ta loyihalarda tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, 6 110 o‘rinli 7 ta talabalar turar joylari loyihalarida qurilish ishlari qizg‘in olib borilmoqda.

Joriy yilda Toshkent davlat pedagogika universitetida 1 500 o‘rinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirilgan bo‘lib, yangi o‘quv yiliga qadar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 550 o‘rinli va  Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 400 o‘rinli, hamda yil yakuniga qadar Toshkent davlat transport universitetida  200 o‘rinli, Toshkent davlat texnika universitetida 400 o‘rinli va Toshkent tibbiyot akademiyasida 1020 o‘rinli talabalar turar joylari foydalanishga topshiriladi.

Tan olish kerak o‘tgan yillar davomida yotoqxonaga joylashish navbati borasida tushunmovchiliklar ham yuzaga kelgan. Bu yil shu holatlar takrorlanmaydi deb ayta olasizmi?

– Yotoqxonalarga onlayn ariza yuborish yo‘lga qo‘yildi ya’ni tizim shaffof, ochiq ishlaydi. Talabalarning sifatli ta’lim olishlari uchun muhim omillardan biri ularni turar joy bilan ta’minlash masalasidir. 2024/2025 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining barcha kurs talabalari yotoqxonalarga onlayn ariza yuborish imkoniyatidan foydalanishlari mumkin. Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish my.gov.uz portali orqali 1 avgustdan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi.

Talabalarga yotoqxonaga joylashishda imtiyozlar bormi?

– Ha bor. Quyidagi toifadagi talabalar ustuvorlik asosida talabalar turar joylariga qabul qilinadi:

«Mehribonlik uylari» tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;

«Ijtimoiy himoya yagona reyestri», «Temir daftar» va «Ayollar daftari»ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda «Yoshlar daftari»da turadigan talabalar;

I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;

bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;

xalqaro fan olimpiadalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;

«Yil talabasi» va «Talabalar teatr studiyalari» ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan talabalar;

oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan «Zakovat» intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;

talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar.