Bu yil nega kam abituriyent hujjat topshirdi?

 Yoz. Har yili yoz faslida OTMlariga kirish uchun hujjat topshirayotgan yoshlarni «O‘qishga kiramanmi?», «Test qanaqa o‘tadi?» degan savollar o‘ylantirishi tabiiy. Har yil yozni abituriyentlar shunday o‘tkazishadi. Hujjat topshirish, imtihonga tayyorgarlik avjiga chiqadi. Ammo bu yoz negadir abituriyentlar faol emasdek. Bilimni baholash agentligining ma’lumotlariga ko‘ra 2024/2025-o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etish uchun 894 279 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 123,7 ming nafarga kam degani. Solishtirilganda, oxirgi 6 yildagi abituriyentlar soni bilan taqqoslansa, joriy yilda OTMlarga eng kam hujjat topshirilgan. Xo‘sh nega? Sabab nima bo‘lishi mumkin?

 Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova

— Bu yil abituriyentlarning sonini kamligini, avvalgi yillarda OTMga qabul qilish darajasi pastligi, abituriyentlarning ko‘pchiligi o‘qishga kirolmaganli bilan izohlash mumkin. Ya’ni, mamlakatimizda 5-6 yil ilgari universitetlarga kirish juda qiyin bo‘lgan chunki kvotalar kam bo‘lgan. Keyingi 5 yil ichida kvotalar soni ortib, yangi OTMlari tashkil qilinishi, xorijiy universitetlarning filiallari, nodavlat oliygohlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi sababli, avvalgi yillarda imtihondan yiqilgan abituriyentlar ham oqishga kirib ketdi. Shu ham o‘tgan yillar davomida abituriyentlar soni ko‘p ekanligini bir sababi deb ko‘rsatish mumkin. Bundan tashqari, bu yil ba’zi abituriyentlar nodavlat OTMga kirishga qaror qilishgan va shu sababli davlat OTMga hujjat topshirishmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda TOP 500 talik, TOP 1000 talik universitetlarga kirgan yoshlar haqida ham eshityapmiz. Bu talabalar ham abituriyentlar soni kamligiga ta’sir qilgan deyish mumkin. Umuman olganda bu yaxshi ko‘rsatkich. Ayta olamanki, O‘zbekistonda oliy ta’limga bo‘lgan talab qondirib borilmoqda. OTMga kirish imkoniyatlari kengayganligi sababli abituriyentlari soni kamaygan.

 Shahnoza Mirxoldorova, journalist

  • Abituriyentlar sonining kamayishiga sabab yoshlarning Oʻzbekiston kelajagiga nisbatan ishonchsizligi yoki motivasiyaning yetarli emasligi boʻlishi mumkin. Bu iqtisodiy qiyinchiliklar, beqaror siyosiy vaziyat, mehnat bozorida ish oʻrinlarining yetishmasligi, ta’lim tizimidan norozilik yoki shunchaki oʻqishni davom ettirishni istamaslik bilan bogʻliq. Bundan tashqari, ba’zi yoshlar mustaqil oʻqish, onlayn kurslar, oliy ma’lumotsiz ishlash va boshqalar kabi muqobil ta’limni tanlagan boʻlishi mumkin deb o‘ylayman.

 Ozoda Hazratqulova Termiz Iqtisodiyot va Servis Universiteti Filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori

  • Men abituriyentlarni kamligini yoshlarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishi so‘nayotgani bilan izohlamagan bo‘lardim. Aksincha ko‘pchilik Chetga o‘qishga ketyapti,grand yutayapti. Prezident maktabi bitiruvchilari imtihondan avval xorijiy OTMlarga kirib bo‘lishgan. Bu yaxshi menimcha. 2024−2025 o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etish uchun eng ko‘p hujjat Toshkent shahri, Samarqand, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatidan, eng kami esa Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida topshirilgan. Bu degani Surxondaryolik yoshlar o‘qishga qiziqmaydi degani emas. Sababi viloyatning o‘zida o‘nlab xususiy OTMlari tashkil etildi, ko‘pchilik shu oliygohlarga o‘qishga kirishni maqsad qilgan. Abituriyentlar kamligini OTM lari soni ortgani bilan bog‘lagan bo’lardim.

Munira Baltayeva, Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabasi

— Kirish ballari baland boʻlayotganligi uchun yoshlar xususiy universitetlarga kirishni ma’qul ko‘ryapti. Avvallari 82 ta OTM mavjud boʻlsa, bugunda xususiylarni soni bundan oshib ketdi. Sharoiti, moddiy texnik bazasi, oʻqitish stili bilan va xorijga borib kelish imkoniyatlari yaratilganligi bilan davlat taʼlim muassasalaridan ustun. Qolaversa til bilgan abituriyentlar chet OTM laridan grand yutib, xalqaro oliygohlarda o‘qishni afzal bilishmoqda. Qolaversa, bugun oliy maʼlumotli boʻlmasdan turib ham ishlab pul topishni maqsad qilgan yoshlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ularning askari, marketolog, sotsial media yoki SMM kabi mutaxassisliklarini o‘rganib, shaxsiy biznesiga ega boʻlish kurslarda oqish istagida,OTMga hujjat topshirishmagan

Samandar Ismoilov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti bosh ilmiy xodimi

Asadbek Xolmurod oʻgʻli

— Ko‘pchilik yoshlar chetga o’qishga ketyapti. Sababi o‘qish va ishlash imkoni kengroq. Yurtimizda talaba ham o‘qib, ham ishlash imkoni bor, ammo hamma tashkilot ham talabani olavermaydi, talabasan deb kam oylikli ishlar tavsiya qilinishini tan olish kerak. Chetda bunday emas. Masalan Rossiyada talabalarga hurmat bilan qarashadi, bemalol o‘qib ishlash imkoniyati mavjud. Ko’pchilik yoshlar yaxshigina pul ham topishadi. Men ham shu bois Privoljsk tadqiqot tibbiyot universitetini tanladim

Davlat OTMlari yoki Xususiy Oliygohlarmi?
Yana bir jihat, joriy yilgi bitiruvchilarning deyarli barchasi OTM ga kirish uchun xujjat topshirgan, ya’ni abituriyentlarning ichida bitiruvchilar har yilgidanda ko‘p. Bu degani yoshlarda o‘qishga bo‘lgan qiziqish oshsa oshyaptiki, aslo so‘nayotgani yo‘q. Qolaversa, yuqorida, bildirilgan fikrlardagidek, so’nggi yillarda ta’lim tizimidagi islohotlar natijasida imkoniyatlarni kengayishi ya’ni yangi zamonaviy OTMlarini tashkil etilishi, abituriyentlarning kamayishiga asosiy sabab bo‘layotgani ham ayni haqiqat. Xullas, mavzu yuzasidan berilgan fikrlar turlicha. Bu yilgi abituriyentlar sonining kamayishiga ta’sir qilgan omillar haqida siz nima deysiz? Sizningcha, yana qanday sabablar bo‘lishi mumkin?