Bosh qomusimizda ta’limga oid muhim ma’lumotlarni bilasizmi?

Huquq va erkinliklarimiz, burch va majburiyatlarimiz manbai bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyada ta’limga oid bir nechta moddalar bor. Har bir o ‘quvchi, talaba, qolaversa, har bir fuqaro bu haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi kerak.

Konstitutsiyaning 44-moddasi ikkinchi qismida bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanishi belgilangan.

Shuningdek: 50-moddada

– Har kim ta’lim olish huquqiga ega va Davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlaydi. Umumiy o‘rta ta’lim majburiydir.

– O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi.

–  Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi (52-modda).

–  Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashadi, ularga zarur bo‘lgan axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini ta’minlaydi (57-modda).

– Ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar (77-modda).

– Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. (79-modda).

Konstitutsiyada jamiyat taraqqiyotiga turtki beruvchi g‘oyalar o‘z ifodasini topadi. Konstitutsiyani puxta o‘zlashtirgan shaxs kuchli, mukammal, ertangi hayotga ishonchi mustahkam bo‘ladi. Shunday ekan, bosh qomusimizda belgilangan huquq va majburiyatlarni har birimiz bilish kerak!