Biznesmi yoki oliyjanoblik?!

Xorijiy tillarga bo‘lgan ehtiyoj har qanday zamonda ham yuqori bo‘lgan. Til bilgan kishi esa qaysidir ma’noda boshqalardan ustun turgan. Bu holat bugungi kunda ham o‘z qiymatini yo‘qotmagan, shu sababli yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi ancha baland.

Qayerga qaramang o‘quv markazlari, til kurslari, masofaviy o‘qitish kabilar ko‘payib ketgan. Bu, albatta, quvonarli, lekin o‘sha – deyarli har kuni ko‘zimiz tushadigan “narxi o‘zidan ham baland” til kurslarida hamma ham o‘qiy olmaydi.

Talaba deganlarining qilib ko‘rmagan ishi yo‘q, ular har qanday muammoga yechim topadi, degan gap mana shu joyda yana bir bor o‘zini isbotladi: bugungi kunda xorijiy tillarni puxta egallagan talabalarning o‘zi do‘stlariga, kursdoshlariga bilganlarini o‘rgatishmoqda. Bugungi mavzuyimiz aynan shu haqida bo‘ladi. Qani ketdik!

Sug‘diyona Saparbayeva

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
1-bosqich talabasi

Men asli Qoraqalpog‘istondanman. Hozirda universitetning ingliz tili yo‘nalishida tahsil olaman, shu bilan birga o‘qituvchilik faoliyatini ham olib boraman. Bu kasbni tanlashimning asosiy sababi – oilamizda o‘qituvchilar bor, qolaversa, bolaligimdan o‘qituvchilikka juda qattiq qiziqqanman.

Bolaligimda televizor orqali xorij filmlarini ko‘rib, Amerikaga ketishni va u yerda ta’lim olishni orzu qilardim. Shu sababdan ham ingliz tilini o‘rgana boshlaganman. Ingliz til hayotimda juda katta o‘rin egallagan desam, ishonavering. Agar tilchi bo‘lmaganimda, balki, yurist bo‘lgan bo‘lardim. Chunki siyosatga juda qiziqaman va hozir ham butun dunyo siyosatini kuzatib boraman.

Maqsadlarim juda ko‘p. Hozirda o‘quvchilarga dars berishdan tashqari o‘zim ham xalqaro IELTS imtihoniga tayyorgarlik ko‘ryapman, undan C2 darajani olib, Amerikaning nufuzli universitetlaridan biriga grant yutib olishni niyat qilganman. Keyinchalik u yerda malakamni oshirib qaytib, shogirdlarimga yanada yaxshi bilim berishni, yurtimizga foydasi tegadigan yoshlarni tarbiyalashni oldimga maqsad qilib qo‘yganman.

Repetitorlik ham qilarkansiz. Nega bu yo‘lni tanlagansiz? Pul uchunmi yoki?

Yuqorida aytaganimdek, o‘qituvchilikni bolaligimdan orzu qilganman bu tilni o‘rgatish menga zavq bag‘ishlaydi. Mablag‘ tomoniga unchalik qiziqmaganman, chunki ota-onam hamisha qo‘llab-quvvatlab turishadi. Shunga qaramasdan o‘zim mustaqil bo‘lishga harakat qilaman. O‘quvchilarimning asosiy qismini maktab o‘quvchilari tashkil qiladi.Hozir topayotgan pulim o‘zimga bemalol yetadi.

Talabalarning og‘riqli nuqtasi nima deb o‘ylaysiz? Talabalarda moddiy taraflama qiyinchiliklar bo‘ladi. Ularga bepul dars o‘tgan paytlaringiz bo‘lganmi?

Menimcha, ko‘plab talabalarning og‘riqli nuqtasi bu ijarada turish bo‘lsa kerak, chunki ko‘pchilik talabalar ijara haqini to‘lashda moddiy tarafdan ancha qiynalishadi. O‘zim ham shu qiyinchiliklarni boshimdan kechiryapman. Hozirda oliy ta’lim muassasalari talabalarni turar joy bilan to‘liq ta’minlay olmayapti, chunki talabalar soni juda ko‘p, lekin tez orada talabalar uchun barcha sharoitlar yaratilishiga umid qilaman.

Ha, albatta, talabalarga bepul dars o‘tganman. Hozirda o‘z kursdoshlarim bilan ko‘p fikr almashib turaman. Ularning aytishicha: “O‘z tengdoshidan bilim olish va o‘rganish ular uchun juda oson va boshqa ustozlarning darsiga qaraganda tushunarliroq”, ekan.

Muhitdin Suyunov

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
2-bosqich talabasi

To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, xitoy tiliga hech qachon qiziqmaganman. Bu yo‘nalishga tasodifan kirib qolganman. Keyinchalik boshqa yo‘nalishga o‘zgartirmoqchi bo‘ldim, ammo har ishda bir hikmat bor, deb xitoy tili qiyin bo‘lsa ham, o‘rganib, shu yo‘nalishda qoldim.

Inson har narsaga o‘rganuvchan va ko‘nikuvchan deb hisoblayman. Shuning uchun ham bor kuchim bilan xitoy tilini o‘rganishga harakat qilmoqdaman. Aslida ingliz tili bo‘yicha o‘qishni xohlardim. O‘qishga kirgach, ingliz va xitoy tilini birga olib ketganman. O‘qishga kirgunimcha bularning ikkisini ham bilmaganman.

Oldin kurash sport turi bilan shug‘illanardim. Musobaqalarda qatnashib, ko‘plab yutuqlarni qo‘lgan kiritganman. O‘qishga kirgach 2 oy ichida ingliz tilini o‘rgandim. Oldiniga o‘quv markazlarga bordim, lekin ular men kutgan natijani bermadi. Shundan so‘ng “self-study” qilib o‘z ustimda ishlay boshladim va ingliz tilini o‘rgandim. Agar tilchi bo‘lmaganimda, albatta, sportchi bo‘lardim, chunki eng sevimli mashg‘ulotim – sport.

Rejalarim ko‘p. Hammasini tuzib chiqqanman. Maqsadim – chet davlatlariga borib, ulardan ko‘p narsalarni o‘rganib yana O‘zbekistonga qaytish va o‘rganganlarimni yurtimizda tatbiq etish.

Repetitorlik ham qilarkansiz. Nega bu yo‘lni tanlagansiz? Pul uchunmi yoki?

Ha, xitoy va ingliz tilidan kursdoshlarimga va boshqa talabalarga repetitorlik qilaman. Inson dunyoga keldimi, kimgadir nafi tegishi kerak. Men bu tilni o‘rgandimmi, boshqalarga ham o‘rgatay, hech bo‘lmasa, bir kishiga bo‘lsa ham, nafim tegsin deyman.

Mablag‘ tomoniga keladigan bo‘lsam, pul meni qiziqtirmaydi. Deyarli, pul olmayman. O‘quvchilarimga hech qachon “falon so‘m” olib kelinglar deb aytmaganman. O‘zlari olib kelib berishsa, olishim mumkin. Ko‘proq menga kimgadir nimadir o‘rgatish yoqadi, chunki bu orqali o‘z bilimlarimni ham mustahkamlab boraman.

Siz va shogirdlaringiz o‘rtasida qanday o‘xshashlik yoki farq bor?

Men va ularning o‘xshash tarafi bor: ikkalamiz ham dangasamiz! Farqlarimiz esa hozirgi ko‘pchilik til o‘rganuvchi yoshlar qiyinchilik ko‘rmagan. Shuning uchun ham kitob o‘qishning qiyinchiligiga chiday olishmaydi.

Talabalar nima uchun xorijiy tillarga bunchalik qiziqadi deb o‘ylaysiz?

Ko‘pchilik talabalarning maqsadi – chetga chiqish. Bundan tashqari til bilsangiz, birorta o‘quv markazda yoki sayyohlik agentligida ishlash imkoniyati mavjud. Uar esa, albatta, yaxshi pul to‘lashadi. Shu sababdan til o‘rganishga talab kuchli.

Talabalarning og‘riqli nuqtasi nima deb o‘ylaysiz? Talabalarda moddiy taraflama qiyinchiliklar bo‘ladi. Ularga bepul dars o‘tgan paytlaringiz bo‘lganmi?

Talabalarning og‘riqli nuqtasi – talabalik “unvoni”dan kibrlanish deb o‘ylayman. Moddiy qiyinchilik har doim, hammada bo‘ladi. Men moddiyatni og‘riqli nuqta deb hisoblamayman. Harakat qilgan inson, albatta, imkon topadi. Yuqorida aytganimdek, pul olmaslikka harakat qilaman. Deyarli pulga dars o‘tmayman.

Sevara Sabirova

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
2-bosqich magistranti

Bolaligimdan ingliz tiliga qiziqqanman. Aniqrog‘i, akam qiziqtirgan. Ular inglizcha qo‘shiq eshitaverganidan bu tilga mehrim tushib qolgan. Agar ingliz tilini tanlamaganimda o‘zbek til yo‘nalishini tanlagan bo‘lardim, chunki tilshunoslik menga juda yoqadi. Baribir tilshunos bo‘lgan bo‘lardim.

Rejalarim, maqsadlarim juda ko‘p. Magistraturani tamomlab, Urganch davlat uniersitetiga ishga kirmoqchiman. U yerda tajribamni oshirib, o‘z o‘quv markazimni ochishni niyat qilganman. Kelajakda chet elga borib, malakamni oshirib kelish niyatim ham bor.

Repetitorlik ham qilarkansiz. Nega bu yo‘lni tanlagansiz? Pul uchunmi yoki?

Aslida ingliz tilini juda yaxshi ko‘raman. Boshqa birovga o‘rgatsam, bu tilga bo‘lgan muhabbatim yanada ortadi. To‘g‘ri, maktabda ham o‘rgatamiz, ammo repititorlikda buni yanada mustahkamlaymiz. Talabalik paytim maktabda ishlashning iloji bo‘lmagan. Shu sababli tanishlarimga ingliz tilini o‘rgata boshlaganman. Bora-bora til o‘rgatishga bo‘lgan mehrim oshib bordi. Nafaqat mablag‘, balki o‘quvchilarimning til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini ko‘rib ham yanada ko‘proq o‘rgatgim kelaveradi.

O‘quvchilarim soni hozircha 20 ta. To‘g‘risini aytsam, bir oylik mablag‘imni hisoblamagan ekanman. Repetitorlikda pul “o‘ynab turadi”, chunki o‘quvchilar soni bir ko‘payib, bir kamayadi. O‘rtacha aytadigan bo‘lsam, 2 million so‘mga yaqinlashadi.

Hozirgi yoshlar bizga nisbatan ancha shijoatli va kirishuvchan deb o‘ylayman. Chunki biz til o‘rganayotgan paytlarimizda ustozlarimiz bilan ochiqchasiga muloqot qilolmasdik. Lekin hozirgi yoshlar tortinchoq emas, ustoz bilan erkin muloqot qilishadi. Menimcha, katta farq erkinlikda.

Talabalarning og‘riqli nuqtasi nima deb o‘ylaysiz? Talabalarda moddiy taraflama qiyinchiliklar bo‘ladi. Ularga bepul dars o‘tgan paytlaringiz bo‘lganmi?

Ko‘pchilik talabalar o‘qish joyidan noliydi: tartib kuchli, chidash qiyin, erkinlik yo‘q, o‘qish qiyin, bet-bet narsa yozamiz va hokazo, yoki moddiy tarafdan qiynalishadi. Ha, bepul dars o‘tgan paytlarim ham bo‘lgan. Ba’zan yarim puliga ham dars o‘tganman.

Azamat Ergashaliyev

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
2-bosqich talabasi

Abituriyentlik paytim ingliz tilini puxta o‘rganganman va qaytadan ingliz tili yo‘nalishiga kirib, yana ingliz tilini qayta o‘rganishni xohlamaganim uchun yangi boshqa – sharq tilini tanlaganman. Oldindan Yaponiyani yaxshi ko‘rardim, shuning uchun yapon tilini tanladim.

Hozirda yapon tili yo‘nalishida o‘qiyotgan bo‘lsam ham, kelajakda yapon tili o‘qituvchisi yoki tarjimon bo‘lish niyatim yo‘q. Agar o‘z sohamdan boshqa kasbni tanlashga to‘g‘ri kelsa, qo‘shiqchi yoki bloger bo‘lgan bo‘lardim.

Bakalavrni tugatgach, magistraturani Amerika yoki Yaponiyada o‘qishni reja qilganman. Maqsadim esa o‘zimga yoqqan, hamma narsaga bo‘sh vaqt ajrata oladigan ish topish.

Repetitorlik ham qilarkansiz. Nega bu yo‘lni tanlagansiz? Pul uchunmi yoki?

Ha, repetitorlik ham qilaman. Bundan maqsad, avvalo, o‘zimni sinash bo‘lgan. Bu qo‘limdan keladimi yoki yo‘qmi deb, boshida ikkilanganman. O‘quvchilarim ham yaxshi natijalarga erishishyapti. Ular baxtli, chunki ularning mendek ustozi bor. Hozir qo‘limdan keladigan ish ham shu – o‘zimda bor bilimni boshqalarga ham o‘rgatish. Mablag‘ esa “unchalik” qiziqtirmagan. Hozirda 10 ga yaqin o‘quvchim bor. Topayotgan mablag‘im qoniqarli darajada, o‘zimga yetadi.

Talabalarning og‘riqli nuqtasi nima deb o‘ylaysiz? Talabalarda moddiy jihatdan qiyinchilik bo‘ladi. Ularga bepul dars o‘tgan paytlaringiz bo‘lganmi?

Talabalarning og‘riqli nuqtasi o‘quv yilining boshida ularga yo‘l ko‘rsatuvchi ustozning bo‘lmasligi deb o‘ylayman. Chunki o‘zimda ham shunday vaziyat bo‘lgan. Bepul darsga keladigan bo‘lsak, hali unday vaziyat bo‘lmadi, chunki narxlarim talababop. Agar biror talaba kelib, sharoiti og‘irligini aytsa, men, albatta, bepul dars o‘tgan bo‘lardim.

Stanislav

Moskva akademiyasi talabasi, animotograf

Animotografiya sohasiga juda qiziqqanligim va o‘zbek multiplikatsiyasini rivojlantirishga bo‘lgan ishtiyoqim sababli aynan shu kasbni tanlaganman. Bu kasbni tanlamaganimda rassom bo‘lardim, chunki rasm chizishni juda yaxshi ko‘raman.

Kelajakda o‘zbek animotografiyasini jahon standartlari darajasiga ko‘tarmoqchiman va jahonning mashhur kompaniyalari bilan bemalol raqobatlasha oladigan animotografik filmlar ishlashni maqsad qilganman.

Repetitorlik ham qilarkansiz, bunga sabab nima, qiziqishmi yoki pul uchunmi?

Ha, rus tilidan talabalarga repetitorlik qilaman. Bunga sabab hozirgi kunda rus tili ko‘plab abituriyent va talabalar uchun muammo bo‘lmoqda. Shu sababli repetitorlik faoliyatimni boshlaganman. Avval boshida darslarim bepul edi, keyinchalik xarajatlarim ko‘payib ketdi, ya’ni darslarimni onlayn o‘tganligim sabab internetga ko‘p pul ketadigan bo‘ldi. Shu boisdan ham keyinroq pullik qilganman. Aslida, moddiy tomondan qiynalgan talabalar uchun ochganman bu kursni. Ko‘pchilik repetitorlar urg‘uni grammatikaga qaratishadi, menda esa aksincha, asosan gapirishni, muloqot qilishni o‘rgataman.

Hozirda 30 dan ortiq o‘quvchim bor. Repetitorlikdan uncha katta daromad topmayman, lekin o‘z soham bo‘yicha yaxshigina pul topaman.

Ko‘pchilik til biladigan yoshlar chet elga ketishmoqda. Bu niyat sizda ham bo‘lganmi?

Yo‘q, menda chet elga ketish niyati bo‘lmagan. O‘z uying – o‘lan to‘shaging, deb bekorga aytishmagan. Chet elga ketayotganlar – o‘ziga ishonmaydiganlardir. Men ularni “O‘zbekistonda turib biror natijaga erisha olmaydiganlar” deb bilaman. Agar inson harakat qilsa, chet elda topadigan pulidan ikki barobar ko‘p pulni O‘zbekistonda topishi mumkin.

Talabalarning og‘riqli nuqtasi nima deb o‘ylaysiz? Talabalarda moddiy qiyinchiliklar bo‘ladi, ularga bepul dars o‘tgan paytlaringiz ham bo‘lganmi?

Talabalarning eng og‘riqli nuqtasi – pul bo‘lsa kerak. “Talaba uchun yuz so‘m ham pul”, degan gap bor. Boshida – 3-4 oy o‘quvchilarimga bepul dars o‘tganman. Hozir ham kursimda bepul o‘qiydigan talabalar ko‘p. 20-30% o‘quvchim kursimda bepul o‘qiydi. Ularni oilaviy va moddiy sharoitidan kelib chiqib, kursimga qabul qilganman.

Muallif: Feruza Omanbayeva