Bitiruvchilar vinetkaga rasmga tushish qancha bo‘lyapti?

O‘quv yili ham oxirlab, ko‘z ochib yumguncha may oyiga ham yetib keldik. May oyini ko‘pchilik bitiruvchi kurs talabalari xushlamaydi. Negaki, ular aynan shu oyda to‘rt yillik jarayonni bir pasda o‘tib ketganini, darslar paytida zerikib uxlab o‘tirganlarini, uchinchi parani chopganlarini, bitta odam nam salfetka so‘rasa qolganlariyam olib tugatib qo‘yishini, kechikib darsga kelganda ustozi dakki bergan paytlarini birma-bir eslab chuqur xo‘rsinib qo‘yadigan onlarni boshdan kechiradi.

Butun guruh ichida bir-birining ismini bilmaydiganlar ham vinetka kuni bir-biri bilan tanishadi. Aytgancha, talabalikning oxirgi onlarini his qilib qolish va uni butun umrga kamera plyonkalariga muhrlash uchun respublikamizning barcha hududlaridagi talabalar kursdoshlari vinetkaga tushishadi.

“Avlod Media” talabalar ommaviy axborot vositalari ayrim hududlardagi vinetka narxlarini talabalar uchun o‘rganib chiqdi. Unga ko‘ra, vinetkaga tushishning

  • Toshkent shahri bo‘yicha o‘rtacha narxi – 250 – 270 dan 300-350 ming so‘mni tashkil etadi;
  •  Qorqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida vinetka narxi nisbatan arzon 200-250 minglar atrofida bo‘lgan;
  •  Xorazm viloyati Urganch shahridagi vinetka narxlari 100 mingdan boshlab 300 minggacha ko‘tarilgan;
  • Farg‘ona viloyatida vinetka 100 mingdan boshlanib 250 minggacha qilib belgilangan;
  • Navoiy viloyatida ham vinetka deyarli Shahar narxlari bilan bir xil 250 mingni tashkil etgan;
  • Buxoro viloyatida ham narxlar 200 mingdan boshlanib 300 mingga qadar yetgan.

Yozilganidek, aksariyat hududlardagi vinetka narxlari deyarli poytaxt bilan bir xil. “Talabalik umr – bahori” – deganlaridek, uni bir umr esda qolarli qilib muhrlash uchun aslida hech qanday pulning ahamiyati yo‘q. Bu onlar, bu davrlar umrning eng go‘zal damlari sanalganidek, katta hayot bo‘sag‘asida talabalarni jonajon universiteti va jonkuyar ustozlari mudom qo‘llab-quvvatlaydi.  Shuning uchun ham bitiruvchilar bu onlarni butun umr yaxshi xotiralar bilan eslab yurishini tilab qolamiz!