Bitiruvchilar va OTMlar haqidagi ma’lumotlar endi bitta platformada

Kelgusi o‘quv yilidan boshlab, davlat buyurtmasi asosida oliy ma’lumotli kadrlar uchun maxsus platforma yaratiladi. “Oliy ma’lumotli kadrlarga davlat buyurtmasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Hukumat qarori (49-son, 29.01.2025) qabul qilinadi.

Qaror doirasida endilikda, davlatning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan davlat buyurtmasi maxsus platformada  amalga oshiriladi. Shu munosabat bilan, 2025/2026 o‘quv yilidan:

  • oliy ma’lumotli kadrlarga davlat buyurtmasi Platformada jamlangan ma’lumotlar va mehnat bozori talabini tahlil qilish asosida aniqlanadi;
  • kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj 4 yillik davrga ishlab chiqilib, har yili mehnat bozorining o‘zgarish tendensiyalari, hududlarda ijtimoiy soha muassasalari va iqtisodiyot tarmoqlarini kadrlar bilan ta’minlashni inobatga olgan holda, Platformaga tuzatishlar kiritib boriladi.

Bu degani, barcha ma’lumotlar bir platformada jamlanadi. Jumladan:

  • iqtisodiyot tarmoqlarida rasman band bo‘lgan aholi soni;
  • davlat va nodavlat OTMlari bitiruvchilarining o‘qishini tamomlagandan so‘ng rasman bandligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • mehnat resurslari balansi, mehnat bozorida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha bandlik darajasi haqida;
  • “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish (HEMIS)” axborot tizimida mavjud bitiruvchilar va OTMlar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar. 

2025 yildan 4 yillik davr uchun davlat buyurtmasi parametrlarini oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan talab prognoziga muvofiq ravishda tasdiqlash uchun ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga har yili 1 mayga qadar kiritish ta’minlanadi.

Platforma ishga tushirilgach har yili davlatning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan buyurtmasi o‘rganib chiqilib, talabadan kelib chiqib kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Raqamlashtirish barcha sohalar singari ta’lim doirasidagi korrupsiyaning oldini olish va batamom yo‘q qilish uchun eng ideal yechim sifatida qaraladi. Shunday ekan, nafaqat ta’lim balki butun dunyo bo‘ylab mavjud barcha sohalar aynan, elektron tarzda faoliyat yuritsa, faqatgina ijobiy natijaga olib keladi!