Birinchi kurs talabalarining katta qismi sessiyadan yiqilyaptimi?

2025/2026 – yildan boshlab abituriyentlarni Oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari va davlat grantini bir yillik qilib belgilash tartibi joriy etildi. Shu tartib asosida bu yil o‘qishga qabul qilingan barcha oliygohlar jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari uchun ham yakuniy nazorat ishlarini o‘tkazish tartibi o‘zgardi. O‘zbekiston Milliy Universiteti Rektori Inomjon Majidovning 2024/2025-o‘quv yili yakuniy nazorat imtihonlarini tashkil etish to‘g‘risidagi № 03-5 sonli buyrug‘idan ko‘chirmada shunday deyilgan:

– talabalar yakuniy nazorat imtihonlariga shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport, ID karta, talabalik guvohnomasi) ko‘rsatilgandan so‘ng kiritiladi; 

– yakuniy nazorat imtihonlari vaqtida talabalarning auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi va auditoriyadan chiqqan talabalar ushbu imtihonga qayta qo‘yilmaydi;

– imtihon jadvalida belgilangan imtihon vaqti rasman boshlangandan so‘ng kechikib kelgan talabalar imtihonda ishtirok etishga ruxsat etilmaydi;

– yakuniy nazorat imtihoni savollarining 40-50 foizi bevosita auditoriyada o‘tilgan mavzular bo‘yicha, 50-60 foizi mustaqil ta’lim mavzularidan iborat bo‘ladi; 

Birinchi kurslarga yakuniy nazorat imtihonlarini baholash tartibi ham o‘zgargan:  

– test shaklida o‘tkaziladigan yakuniy nazorat imtihonida bitta fan uchun 50 ta savol va har bir savol uchun 1,5 daqiqa vaqt belgilanadi;

– har bir savol 2 foizni tashkil etadi, jami 50 ta savolga eng yuqori 100 foiz ball olish mumkin. 60 foizdan kam natijaga erishganlar qoniqarsiz baholanadi;

– yozma shaklida o‘tkaziladigan yakuniy nazorat imtihonida fan uchun 80 daqiqa vaqt belgilanadi. 

– Yozma ishni baholash har bir fan bo‘yicha tasdiqlangan o‘quv dasturida (sillabus) belgilangan baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi; 

– yozma shaklida o‘tkaziladigan Yakuniy nazorat imtihonida berilgan savollarga talabalarning bergan javoblari shifrlanadi, keyin baholovchi professor-o‘qituvchilarga taqdim etiladi; talaba yakuniy nazorat imtihoni natijasi bilan HEMIS axborot tizimidagi o‘zining shaxsiy kabineti orqali tanishishi mumkin.

– talaba yozma imtihonlar bo‘yicha baholash mezonlari bilan har bir fan bo‘yicha tasdiqlangan o‘quv dasturi (sillabus) orqali tanishish mumkin;

Imtihon sanalari va belgilangan fanlar jadvali bilan talabalar qishki ta’til davridayoq tanishtirilgan. Test asosida bo‘lib o‘tadigan imtihonlardagi savollar va ularning darajasi bo‘yicha professor o‘qituvchilar konsultatsiya darslarini olib borgan.

Hozirda Universitetda imtihonlarning yarmi o‘tib bo‘ldi. Birinchi kurs talabalari bilan bo‘lgan suhbatimiz jarayonida ularning ko‘pchiligi imtihonning anchayin qiyin bo‘lganligi aytishdi:

“Sessiyada qiyinchilik bo‘ldi. Ayniqsa hemis tizimida olingani sababi ancha qiynaldik. Ko‘pgina imtihonlar 1 kurs laga kelib test elektron shaklda o‘tkazilgani juda qiyin bo‘ldi. O‘zimizni xuddi DTMdan ham qiyinroq vaziyatga tushgandek his qildik. Bu testdan maqsad grantlarni kontraktga tushirishmi? kontraktlarni nima aybi bor tinchgina kontraktini to‘lab yurgan bo‘lsa qolgan kurslarga yozma bizda esa test shu sababdan ko‘pchilik testdan yiqildi”

“Biz test jarayonida ancha murakkab vaziyatga tushdik chunki imtihonda bahoni o‘qituvchi emas balki hemis tizimining o‘zi natijamizga qarab qo‘yyapti. Hech qanday qo‘l telefoni yoki shpargalkalardan foydalanmadik. Faqatgina tikka bo‘y o‘zimiz sessiya topshirdik. Yo‘nalish fanlarimizning barchasiga yozma imtihon belgilangan bo‘lsa, boshqa fakultet o‘qituvchilari kelib o‘qitadigan fanlarga hemis tizimida imtihon belgilangan. Davlat grantiga bilan o‘qishga kirgan kursdoshlarimning katta qismi sessiyadan o‘tolmadi. Nimaga aynan bizga bunday tizim joriy etildi? Shuni asoslab bering”   

Bizni ushbu murojaatlarga oydinlik kiritish va batafsil ma’lumotga ega bo‘lish uchun O‘zbekiston Milliy Universiteti O‘zbek Filologiyasi va Jurnalistika fakulteti dekan o‘rinbosari,  siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Ravshan Omonov bilan suhbat olib bordik.

“Bu yil Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli buyrug‘i asosida barcha oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan birinchi bosqich talabalarining yakuniy nazorat imtihonlarini o‘tkazish tartibi belgilangan. Baholash jarayoni ham Rossiya (MDU), Yevropa kredit tizmi (ECTS), Amerika tizimi (A-F), Britaniya, Yaponiya va Koreya tizimlariga uyg‘unlashgan o‘zimizning tizim yaratildi. Bu tizimning ustunligi shundaki, yangi imtihonlar doirasida nafaqat talabaning bilimini baholash balki fan bo‘yicha dars bergan o‘qituvchi va uning bilimini baholash va ularni saralash uchun ishlab chiqilgan. Qaysi fandan ko‘p sonli talabalar o‘ta olmasa demak o‘sha fan o‘qituvchisida yetarli malaka va pedagogik mahorat yo‘q deya baholanadi. Demak tizim faqatgina talabaning bilimini baholashdan tashqari professor o‘qituvchilarni saralash imkoniyatini yaratadi”

Talabalar murojaati va dekan o‘rinbosarining javobini umumlashtirgan holatda yangi imtihon tizimi haqida qisqa qilib murakkab va uzoqni o‘ylab qilingan jarayon desak bo‘ladi.