Bir urinishda kirolmagan talabalar

Imtihonlarni topshirolmagan taqdirda ham motivatsiyani yo‘qotmaslik va o‘zligingizni qidirishni davom ettirish haqida ikkita hikoya.

Laziz Xodjaev, 26 yosh

Toshkent Xalqaro Vestminster universitetining to‘rtinchi bosqich talabasi

Imtihonlarga faqat birinchi yili astoydil tayyorgarlik ko‘rdim. Kun davomida 5-6 soat repetitorlarda, kechqurun esa mustaqil ravishda shug‘ullandim. Matematika va rus tilidan hammasi ko‘ngildagidek ketayotgan bo‘lsa, qaysidir vaqt fizikada oqsoqlanishlar boshlandi. Yoqtirmay qoldim. Ehtimol, bu eng yomon kunlar edi, chunki men bu bilimlarning nima uchun kerakligini va ulardan hayotda qanday foydalanishni aslida tushunmasdim.

Bu menga saboq bo‘ldi: o‘zimizga haqiqatan ham yoqqan narsalarni o‘rganish kerak. Hatto hozir ham universitetda menga qiziq bo‘lmagan fanlarni shunchaki ularni topshirish uchun amallab uch bahoga bo‘lsa ham yopaman. Yaxshi o‘rtacha ballni esa qiziqqan fanlarim hisobidan ko‘tarib olaman.

O‘qishga kirolmaganimda ota-onam uchun achindim. Axir men ularning ishonchini oqloy olmadim. Shunga qaramay, ular meni tushunishdi va dalda berishdi. Avvaliga shunchaki uyda o‘tirdim. Keyinchalik mustaqil ravishda musiqa bilan shug‘ullana boshladim, ingliz tili kurslariga yozildim va suzishga qatnay boshladim. Bu menga zavq bag‘ishlardi.

TDIUga kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rmadim, o‘zimda bor bilim bilan topshirdim. Kirolmadim. Otamning qo‘lida menejer bo‘lib ishlay boshladim. Keyinchalik u Vestdagi tayyorgarlik kurslariga topshirib ko‘rishimni taklif qildi.

Vestminsterga topshirar ekanman, ingliz tilimga shubha qilardim, ammo matematikadan ishonchim komil edi. Biroq buning aksi bo‘ldi, matematika bo‘yicha yetarli ball ololmadim, lekin ingliz tilidan a’loga topshirdim. Keyinchalik menga universitetning o‘ziga topshirishni taklif qilishdi, lekin men tayyorgarlik kurslarida qolishga qaror qildim. Shunday qilib, men birinchi level talabasi bo‘ldim.

Men bundan afsusda emasman va hatto hammasi shunday bo‘lganidan xursandman, chunki men o‘zimdan bir-ikki yosh kichik yoshdagilar bilan o‘qidim va ularning bunga jiddiy qaramasligini ko‘rdim. Ularga o‘qishning qizig‘i yo‘q edi. Men esa birinchi levelda birorta ham darsni o‘tkazib yubormadim, darslarda o‘tirish menga yoqardi.

Vest – bu o‘zingizni barcha yo‘nalishlarda kashf qilishingiz mumkin bo‘lgan joy. Yuqori ta’lim darajasi, boy ijtimoiy hayot. Eng zo‘r tomoni shundaki, odamlar xuddi maktab yoki litseydagi kabi bir-birlariga raqib sifatida qarashmaydi. Har semestrda guruhingiz o‘zgaradi va barcha talabalar bir oilaga o‘xshaydi. Men o‘zimni talabalar kengashida kommunikatsiya menejer sifatida sinab ko‘rishga ulgurdim, vokal to‘garagining yetakchisi bo‘ldim, hozir esa WestTV va video prodakshn ustida ishlayapman. Bu ajoyib tajriba.

O‘tgan uch yilni o‘sish davrim deb hisoblayman. Men do‘konda menejer bo‘lib ishladim va odamlar bilan muloqot qilishni o‘rgandim. Mendek qo‘lini sovuq suvga urmagan bola uchun bu hayot maktabiga aylandi. Bo‘sh vaqtimda yangi narsalarni o‘rganishni boshladim.

Men oliy ma’lumotsiz ham xor bo‘lmasligimni bilardim. Qo‘lida diplomi bor odamlar hayotda o‘z o‘rnini topolmaganiga tez-tez guvoh bo‘laman. Ehtimol, oliy ma’lumotning ta’siri juda oshirib baholangandir?

Kirolmaganlar uchun aytmoqchi bo‘lganlarim:

Tushkunlikka tushmang, eng yaxshisi — oldinda. Yoqtirgan narsangiz bilan shug‘ullanishingiz kerak. Hamma gap – shunda.


Jahongir Tohirov, 26 yosh

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining to‘rtinchi bosqich talabasi

Men birinchi yili kirolmasligimni bilardim. Tibbiyot akademiyasiga topshirdim, yiqildim, lekin unchalik ham xafa bo‘lmadim. O‘zim uchun aniqlash kerak bo‘lgan savol: “mutaxassisligim bo‘yicha shifokor sifatida ishlab, buning nima ekanligini ko‘rish va umuman shifokor bo‘lishni xohlaymanmi yoki yo‘q?”

Do‘stlarim chet el universitetlariga kirib, o‘qish uchun uchib ketishdi, aynan shu holat meni kelajagim haqida o‘ylashga majbur qildi.

Keyingi ikki yil davomida Pediatriya institutiga kira olmadim. Ikkinchi sentabr kuni ertalab tungi navbatchilikni topshirgach shifoxona yo‘lagi bo‘ylab g‘urur bilan qadam tashlayotgan bir qator shifokor-talabalarni ko‘rganimni eslayman. Ichimda nimadir qilt etgandek bo‘ldi, menga alam qildi, chunki men astoydil tayyorlangandim. Ham ishlab, ham tungi tungi navbatchilikda turib, kimyo va biologiya fanlarini o‘qigandim. Bari befoyda bo‘ldi.

To‘rtinchi yili men Farmatsevtika institutiga topshirdim va shifokor bo‘lish orzusi bilan deyarli xayrlashdim. Meni hali ham “shifokor bo‘ladi” deb umid qilishardi, chunki hamon klinikada ishlardim, lekin bo‘sh vaqtimni boshqa narsaga — modalar uyida ishlashga bag‘ishladim. Biz kollektsiyalar yaratdik, ularni namoyish qildik, bolalarni ham bunga o‘rgatdik. Bu menga yoqardi, doimo ijodga qiziqishimni sezardim. Taxminan o‘sha davrlardan instagram uchun potslar yozishni boshladim. O‘shanda bu erkalikdek tuyulgandi. Biroq keyinchalik bu erkalik meni jurnalistika universiteti darvozalari sari yetaklab keldi.

To‘rt yil davomida ota-onamning umidlarini yo‘qqa chiqarmaslik uchun hayotimni tibbiyot bilan bog‘lashga harakat qildim, lekin keyin tasodifan yangi media universiteti haqida eshitib qoldim.

Qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, onamni jurnalist bo‘lish yomon emasligiga ishontira oldim va qabulning oxirgi kunida nomi chiroyli bo‘lgan “Jamoatchilik bilan aloqalar” yo‘nalishiga hujjatlarimni topshirdim. Bu nimani anglatishini mutlaqo tushunmagan bo‘lsam-da, imtihondan o‘tdim va grant asosida o‘qishga kirdim.

Endi men o‘sha paytda hammasi to‘g‘ri sodir bo‘lganini tushunyapman. O‘z o‘rnimni topganimni his qilyapman, o‘zimni mediada ko‘ryapman. Shunga qaramay, talabalikning dastlabki olti oyida o‘zimdan har kuni so‘rardim: bu yerda nima qilib yuribman?

Yo‘qotilgan yillarimga umuman achinmayman. Kasalxonada ishlagan davrimda turli odamlarni uchratdim, bir marta o‘’limni ko‘rdim va birovlarning dardini yengillashtirganim uchun ko‘p marta rahmatlar eshitdim. Moda sanoatida ishlash didimni rivojlantirdi va menda ijodkorlik qobiliyatini ochib berdi. Bularning barchasi menda media sohasi uchun asos bo‘ldi. Media ham odamlar va ijod haqida.

Birinchi yili kira olmaslik — yomon emas. Beshinchi yili ham kirolmaslik – yomon emas. Birovlarni aytganini qilib yoki shifokorlar kerak bo‘lgani uchungina oq xalat kiyish – eng yomoni.

Boshqalarning orzularini amalga oshirishdan ko‘ra o‘z o‘rningizda bo‘lish muhimroqdir. Menga jurnalistika universiteti yoqadi. Muhit, talabalar kechasi, ko‘plab ijodiy odamlar va eng muhimi – siz bilan birga o‘sayotgan ajoyib do‘stlar.

O‘n sakkiz yoshimda o‘zimga aytardim:

Sen – omadsiz emassan. Hamma narsaning o’z vaqti bor. Agar sen uchun biror eshik yopilsa, boshqasini taqillatishdan qo‘rqma!