Bilim olishda eng samarali vaqt qaysi?

Nega darslar ertalab boshlanadi? Darslarni kunning yarmiga qo‘yilishi qanchalik to‘g‘ri?

OTMlarida o‘qish tartibi asosan 2-smenali tashkil etiladi. Ertalabgi 1-smena hamda 2-smena obeddan keyinga to‘g‘ri keladi. Bu tartib ta’lim muassasalarida sharoitni va o‘quvchi va talabalarni sonini hisobga olgan holda taqsimlanadi. Ammo qaysi vaqtlarda bilimlarni o‘zlashtirish samaraliroq bo‘lishini hisobga olish ham lozim.

Insonning jismoniy xususiyatlari ta’lim jarayoni uchun ham muhimdir. Oliygohlarda dars soatlarini fanlarning qiyin-osonligiga qarab joylashtirishda talabalarning o‘zlashtirish bilan bog‘liq jismoniy holati ham hisobga olinishi darslar samaradorligini oshiradi.

Kun davomida bilimlarni o‘zlashtirish darajasini aniqlash maqsadida olimlar tadqiqot o‘tkazishdi.

Unga ko‘ra:

– Ertalabki soat 7:00 dan so‘ng insonda ish qobiliyati oshadi.

– Soat 9:00 dan 11:00 gacha «eng yuqori daraja», deb nomlangan optimal ish qobiliyati kuzatiladi.

– Taxminan soat 12:00-13:00 larda qobiliyat pasayadi.

– 14:00-15:00 larda borib, eng pastki darajaga tushadi – charchoqlikning aniq ifodalangan tashqi belgilari ko‘rinadi (masalan, ishning sekinlashishi, xatolarni sezmaslik, esnash va h.k.).

– Soat 15:00 dan keyin qobiliyat biroz ko‘tariladi, ammo tushlikka qadar vaqtga qaytmaydi va shu holatda soat 17:00 dan 19:00 gacha o‘zgarmaydi.

– Ba’zilar soat 20:00 dan so‘ng yana yuqori faoliyat darajasiga ega bo‘ladi va u soat 22:00 gacha saqlanadi. Ammo bunday odamlar kamdan-kam uchraydi.

Insonning jismoniy xususiyatlari ta’lim jarayoni uchun ham muhimdir.

Inson tana a’zolarining faolligi tunu-kun, ya’ni 24 soat davomida o‘ziga xos o‘zgarishlarga uchraydi. Ayrim vaqtda ular natija berishga va tetiklikka, boshqa vaqtda esa uyqu va dam olishga qaratilgan bo‘ladi. Bu biologik soatlar har bir insonda har xil kechadi. Kimdir «kunduz odami», kimdir «tun odami» bo‘lishi mumkin. Biroq o‘zlashtirishda ko‘pchilik uchun umumiy bo‘lgan faollik darajalari haqida ma’lumot  berdik. Agar o‘zingizga bog‘liq bo‘lgan taqdirda, ishlash yoki o‘qish uchun samarali vaqtni tanlashga e‘tibor berishni unutmang!