Global axborot va sun’iy intellekt bilan qamrab olingan hayotda yashayotganligimiz sababli, butun dunyo gadjetlar va ijtimoiy tarmoqlar bilan qamrab olingan. Ana shunday murakkab davrda yoshlar va ularning ongiga ta’sir o‘tkazish uchun har xil turdagi tekshirilgan va tekshirilmagan axborotlar tarqatuvchi yopiq yoki ochiq kanallar, saytlar va blogerlar faoliyat olib boryapti.
Jamiyatimizda har xil toifadagi insonlar borligi singari bugun axborotning ham saralanadigan zamoniga kelib qoldik. Negaki, aholining katta qismi to‘g‘ri va rasmiy axborot bilan soxta (fake) axborotning farqiga bora olmaydi. Bu bo‘lsa g‘arazli niyatdagi shaxslar uchun ayni muddao bo‘ladi.
Oliy ma’lumotli aholi qatlami yoki hech bo‘lmaganda kollej va texnikumlarda tahsil olgan yoshlar axborotni saralash va to‘g‘ri (ishonchli)siga obuna bo‘lish haqida yetarlicha ma’lumotga ega. Biroq, o‘rta ta’limni ham zo‘rg‘a tugatib, tezroq pul topish maqsadida yurgan yoshlar qabul qiladigan axborotini asosli yoki asossizligiga e’tibor bermaydi. Natijada, bir qator soxta axborotlarga aldanib firibgarlarning o‘ljasiga aylanadi. Bunday ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida axborotlarning turlari, ularni qayerdan qabul qilsa to‘g‘ri bo‘lishi hamda haqiqiy axborotni soxta (fake) axborotdan ajratish usullari bilan batafsil tanishamiz.
Axborotlar tarkibiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:
– faktik ma’lumotlar: tekshirilgan va tasdiqlangan ma’lumotlarni o’z ichiga oladi (masalan, faktlar, statistik ma’lumotlar, hodisalar);
– subyektiv ma’lumotlar: fikrlar, qarashlar va his-tuyg’ularga asoslangan (masalan, sharhlar, guvohliklar)
Demak siz har qanday axborotni quyidagi ikki xil tarkibda qabul qilasiz.
Axborotni qayerdan qabul qilsa to‘g‘ri bo‘ladi?
Ma’lumotni turli manbalardan olishlari qabul qilish mumkin, biroq hozirgi kunda barcha davlat tashkilotlari, vazirlik va idoralarning rasmiy veb-saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallari orqali ishonchi va to‘g‘ri ma’lumotlarni qabul qilsa bo‘ladi.
Ayrim aholi qatlami davlat tashkilotlari xabarlaridan ko‘ra blogerlar yetkazgan ma’lumotlarni afzal ko‘radi. Vaholanki, bu juda katta salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Chunki, bloger ham shaxs, davlat fuqarosi bo‘lgani uchun ayrim ma’lumotlarni o‘zgartirib, subyektiv fikrini qo‘shib axborotni o‘zgartirishi mumkin. Natijada, ma’lumotning asliga o‘zgarish kiritilib shu holatida soxta (fake) ma’lumotga aylanib ketishi muqarrar.
Haqiqiy axborotni soxta (fake) axborotdan qanday qilib ajratish mumkin?
Symantec Security xalqaro kiberxavfsizlik xizmati maʼlumotlariga koʻra, har soniyada 12 kishi kiberhujumga duchor boʻladi va har yili dunyo bo‘ylab 556 millionga yaqin kiberjinoyat sodir etiladi, ulardan koʻrilgan zarar 100 milliarddan ortiqni tashkil qiladi. Bu achinarli ko‘rsatkichlar birgina xabar yoki sms, telefon qo‘ng‘irog‘i orqali soxta (fake) ma’lumotga uchgan insonlar bilan sodir bo‘ladi.
Quyida haqiqiy axborot va soxta (fake) axborotni ajratishning bir nechta farqini ko‘rib chiqamiz:
To‘g‘rilik:
– Haqiqiy axborot, haqiqat va tasdiqlanishi mumkin bo‘lgan faktlar, va ma’lumotlardir;
– Soxta (fake) – ataylab yoki bilmasdan chalg‘ituvchi yolg‘on yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlardir.
Maqsad:
– Haqiqiy axborot odatda xabardor qilish, o’rgatish yoki ongli qarorlar qabul qilishga yordam berish uchun uzatiladi;
– Soxta (Fake) axborot koʻpincha jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilish, vahima qoʻzgʻatish yoki biron-bir manfaatga erishish (siyosiy, moliyaviy va h.k.) maqsadida yaratiladi yoki tarqatiladi.
Tarqatish usullari:
– Haqiqiy axborot – ilmiy nashrlar, axborot agentliklari va rasmiy hujjatlar kabi ishonchli manbalar orqali tarqatiladi;
– Soxta (fake) – ma’lumotlar mish-mishlar, ijtimoiy tarmoqlar yoki ishonchsiz manbalar orqali, ko’pincha tegishli fakt tekshiruvisiz tarqatiladi.
Auditoriyaning reaksiyasi:
– Haqiqiy ma’lumot – vaziyatni faktik tushunishga asoslangan ongli va xabardor reaksiyalarni keltirib chiqaradi.
– Soxta (fake) axborotlar – buzilgan ma’lumotlarga asoslangan qo‘rquv, ishonchsizlik va boshqa hissiy reaksiyalarni keltirib chiqaradi.
Haqiqiy axborotni soxta ma’lumotdan ajratish uchun qabul qiluvchilar ma’lumotlar haqida tanqidiy fikr yuritish va uni ishonchli manbalar bilan tekshirishi muhim ahamiyat kasb etadi. Axborotni tekshirish va uni saralash jarayonini ilmiy usulda Faktchecking deb ataladi. Factchecking (inglizcha fakt-checking) – shubhali xabarlar va bayonotlarning faktik to’g’riligini tekshirish jarayoni degan ma’noni anglatadi. Axborotni tekshirish matn yoki kontentni nashr qilishdan oldin uni rasmiy manbalar orqali kamida uch marta tekshirish va undan keyin ishonch hosil qilish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi hududida yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik mavjud. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-moddasida Yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan. Unga ko‘ra,
Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vosititalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish,
- bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi;
Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg ‘on axborotni tarqatish shu jumladan, OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet jahon tarmoqlarida tarqatish,
- bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
Qadrli talaba! Har qanday yangilik yoki axborotni ommaviy axborot vositalarining qaysi (televideniye, Gazeta-jurnal, web-sayt) turidan qabul qilishingizdan qat’i nazar doimo sergak bo‘ling. Har qanday ma’lumotga ham ishonib ketavermang. O‘zingiz va yaqinlaringizni doimo ehtiyotkorlikka chaqiring!