23-24 sentyabr kunlari Poytaxtimizda O‘zbekiston Milliy Universiteti, O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Jurnalistika va Ommaviy Kommunikatsiyalar Universiteti talabalari ishtirokida “OAVda sud jarayonlarini yoritishda nimalarga e’tibor berish kerak” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Ikki kunlik trening davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jamoatchilik bilan aloqalar markazi rahbari – Oliy sud raisining matbuot kotibi Aziz Abidov talabalar bilan ochiq muloqot doirasida Sud jarayoni va tashkiliy ishlar to‘g‘risida berilgan savollarga javob berdi.
Talabalarga “Axborot tushinchasi. Axborot erkinligi. Axborot turlari: ommaviy axborot va cheklangan ma’lumotlar”, “Axborot olish huquqi va shaxsiy daxlsizlik huquqi o‘rtasidagi muvozanat”, “Sudlar faoliyatini yoritish sohasida mavjud muammolar va ularning yechimi” kabi o‘ta muhim mavzularda ma’ruzalar olib borildi. Bundan tashqari, amaliy mashg‘ulotlar doirasida: aqliy hujum, interfaol tanishuv, rezonans ommaviy ishlar bo‘yicha ma’lumot yig‘ish va material tayyorlash (field reporting) kabi qiziqarli va foydali o‘yinlar seminar davomida talabalarni bir-biri bilan muloqot qilish va yaqindan tanishish imkoniyatini yaratdi.
Trening mavzusi “Sud tizimi va uni yoritish” haqida ekan ammo nimaga bir dona ham sudiya treningda qatnashmadimi? deb o‘ylashga shoshilmang. Aynan sud jarayonlarining eng asosiy va anchayin qiyin tomonlari, sudyalar faoliyati bilan tanishtirish maqsadida Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi sudyasi Sarvar Mamadiyev Nosirjonovich qatnashib Sud o‘tkazish tartibi, tomonlar va ularning vakolatlari nimalardan iboratligi, Sud jarayoniga qay hollarda jurnalist kiritilmasligi mumkinligi haqida bir qancha ma’lumotlarni taqdim etdi.
Bundan tashqari, bir nechta vaziyatlarni tahlil qilish maqsadida talaba yoshlar e’tiboriga videorolik havola qildi. Vaziyatdan kelib chiqib, xulosa qilish hamda jinoyat turini to‘g‘ri aniqlashni o‘rgatish maqsadida talaba jurnalistlar holatga atroflicha o‘z fikrlarini bildirishdi.
Uchta universitet talabalari ishtirokida tashkil etilgan seminar trening USAID Amerika tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi, O ‘zbekiston Respublikasi Mass-mediani rivojlantirish jamoat fondi hamda East/West Management Institute homiyligida tashkil etildi.
Shuningdek, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Akramjon Fozilov ham seminarga tashrif buyurib talabalar bilan fikr almashib, kelgusi faoliyatlarida Sud tizimi faoliyati va uni yoritishdagi nozik jihatlarga e’tibor naqadar muhim ekanligini ta’kidlab, ular bilan suhbat olib bordi.
Treningda Avlod Medianing yosh jurnalisti, O‘zbekiston Milliy Universiteti talabasi Berdiyeva Jayron trening ishtirokchisi sifatida o‘z taassurotlari bilan bo‘lishdi.
“Men uchun ushbu seminar eng esda qolarli va unutilmas xotiralar, yangi-yangi bilimlar, o‘zim qatori ammo boshqa oliygohlarda tahsil oluvchi tengdoshlarim bilan tanishuv, Sud tizimi ichida yurgan ammo men bilmaydigan insonlarni kashf qilish hamda ular bilan muloqot qilish imkonini berdi. Bular uchun treningni tashkillashtiruvchi tashkilotlar hamda bizlar uchun muhim ishlardan voz kechib vaqt ajratgan media trenerlar, sudiyalar va boshqa barcha ma’ruzachilarga o‘z minnaddorligimni izhor etaman” deya ishtirok etganidan xursandligini aytdi.