Hozirgi vaqtda xorijiy davlatlarning nufuzli universitetlarida o‘qish orzusi imkonsiz emas bo‘lib qoldi. Juda ko‘p bilimli yoshlarimiz dunyoning turli rivojlangan davlatlarida bakalavr, magistratura va doktoranturada o‘qib, ta’lim olmoqda. Bugungi suhbatimiz qahramoni shunday bilimli va intiluvchan yoshlarimizdan biri-Gulqumar Jaqsilikova.
Tanishing: Gulqumar Amerikaning Nyu-York shtatidagi Stony Brook universiteti 1-kurs talabasi. U 2023-yil 18 yoshida » El-yurt umidi » jamg‘armasi stipendianti bo‘lgan. Iqtidorli faol tengdoshimiz bilan xorijda o‘qish, yutuqlar va qiyinchiliklar haqida suhbatlashdik.
Nima uchun O‘zbekistonda grantda o‘qib yurib, o‘qishingizni tashlab, aynan Amerika universitetlariga o‘qishga topshirgansiz?
-Jurnalistikani tanlashimga sabab, bu sohaga 3-sinfligimdan boshlab qiziqqanman. Chunki, oddiy hikoyalar yozib boshlaganman. O‘zim Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanining eng chekka qishloqlaridan biri Qizilo‘zakda tug‘ilganman. O‘sha yerdagi 17-sonli umum ta’lim maktabida o‘qiganman. 3-sinfimdan boshlab «Jetkinshek» gazetasida hikoyalarim chiqa boshlagan va bir qator tanlovlarga muntazam qatnashib kelganman. Xullas, qoraqalpoq tili va adabiyotiga qiziqqanligim sababli 2017-yili ya’ni 5-sinfni bitirganimdan so‘ng, Prezidentimiz tashabbusi bilan birinchilardan bo‘lib ochilgan I.Yusupov nomidagi ijod maktabiga topshirganman va imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, 6-sinfimdan boshlab shu yerda o‘qiy boshlaganman.
Eng 1-marta 6-7-sinf paytlarimda Jahon tillari universitetida o‘qishga judayam qiziqganman. Lekin, 9-sinfni bitirib,10-sinf bo‘layotgan paytimda Amerikada 100% grant bilan o‘qish mumkinligini bildim va shundan keyin ingliz tilini o‘rgana boshladim. Bilasiz,sertifikat kerak unga. 11-sinfda Duolingo sertifikatini oldim va 11-sinf boshlarida chet el universitetlariga o‘qishga topshira boshladim. Va ularning ko‘pchiligi Amerika universitetlari edi. Chunki, kichkinaligimdan o‘zim judayam Nyu-Yorkka qiziqqanman va soham bo‘yicha ham bu yerda erkinlik kuchli. Chunki, mening sohamda erkinlik muhim ro‘l o‘ynaydi. Nyu-York Times va boshqa taniqli CNN degan telekanal shu yerda joylashgan.
Amaliyotga ham e’tibor qaratilgani juda yoqar edi. Rostini aytsam,bilim jihatidan kuchli bo‘lishiga qaramay, men uchun qalbimning tubidagi Nyu-Yorkda o‘qish orzumni amalga oshirish xohishi kuchliroq edi. Nyu-York videolarini ko‘rib qattiq havas qilganman. Aynan shuning uchun ham Amerikani tanlaganman. Va 11-sinfimda » El-yurt umidi » jamg‘armasi haqida eshitganman. Qanday bo‘lmasin Nyu-Yorkka ketishim kerak deb EYUFga hujjatlarimni topshirganman. Nyu-Yorkda joylashgan Stony Brook universitetiga- hozirgi o‘qiyotgan universitetimga o‘qishga topshirib,u yerdan 24 000 $ scholarship yutib, » El-yurt umidi» jamg‘armasiga topshirganman. EYUF ga topshirganimda men o‘zimcha o‘taman deb ishonib yurdim, lekin may oyi ham bo‘lib qolgandi. 11-sinfni mayda bitirib bo‘lib, yozda ketaman deb yurgan edim. Lekin, EYUF ning 1-2-bosqichlaridan o‘tib, oxirgi 3-bosqichidan o‘tolmay qoldim. Oxirgi bosqichni 5-iyunda Toshkentga kelib topshirdim. Javoblar esa 7-iyulda chiqdi. Oxirgi javobni 1 yarim oy kutdim. Lekin, afsuski 3 ball yetmay qoldi. Shu bilan stipendiant bo‘la olmadim. O‘zimizdagi O‘zbekistondagi OTMlarga qabul tugashiga o‘zi 2 kun vaqt qolgan edi. Keyin men o‘yladim, qaysi OTM ga topshiraman, nimaga kira olaman deb. Sababi, men umuman tayyorlanmaganman. Sinfdoshlarim va boshqa tanishlarim 1-2-yillab repetitorlarga borsa, men 1 oy ham borib ko‘rmaganman. Chunki, menda qanday bo‘lmasin men Amerikaga ketaman degan ishonch bo‘lgan. Shu bilan oxiri kichkinaligimda Jahon tillarida o‘qishni xohlaydigan edim-ku deb, O‘zbekiston davlat Jahon tillari xalqaro jurnalistika fakultetiga topshirishga qaror qilganman. Lekin,uydagilar «Nukusga topshiraver, Jahon tillariga kirish qiyin»- deb bunga qarshi bo‘lgan. Lekin, men » Yo‘q shunga topshiraman, men vaqtincha bo‘lsa ham o‘qiyman»- deb qarorimda qat’iy turib olganman. 6 yil Nukusda o‘qiganligim sababli, Nukusdan boshqa joylarni ham ko‘rishni istaganman. Amerikaga ketolmay qoldimmi, endi hech bo‘lmasa Toshkentni ham ko‘rishim kerak degan fikr bo‘lgan va Toshkentga topshirganman. Faqat 10 grant ,15 kontrakt oladigan bo‘lgan va oxirida topshirganman. Va avgustda grant bo‘lib kirganman. Sentyabrda o‘qiy boshlaganman. Lekin,u yerda o‘qib yurganimda ham Amerikada-Nyu-Yorkda o‘qishim kerak degan maqsadimdan qaytmay, » El-yurt umidi » ni kutib yurganman. Shuning uchun ham 11-sinfda 10 dan ziyod universitetlarga qabul qilingan bo‘lsam,1-kursimda faqat aniq o‘qiyman degan 5 ta universitetga topshirganman. Va oxiri 2 yoki 3 universitetdan qabul xati kelganda 10-oktyabrda EYUFga yana qabul ochildi. Unga yana topshirdim. 1-2-bosqichidan yana o‘tdim. Endi menda faqat 3-bosqich qolgan edi. 3-bosqichni ham topshirib chiqib, oxiri stipendiant bo‘ldim. Lekin, u payt men Nyu-Yorkka emas, Koloradoda topshirgan edim. Xullas, yutganimdan keyin universitetimni almashtirib, oxiri shu o‘zimning xohlagan, niyat qilgan shtatim Nyu-Yorkdagi universitetimga o‘qishga ketadigan bo‘ldim.
Aynan bu universitetni tanlaganim sababi, hozirgi universitetim dunyo bo‘yicha TOP 300 talikda bor. Undan tashqari, Nyu-Yorkda joylashgani uchun tanlaganman rostini aytsam. Faqatgina Nyu-Yorkda joylashgan universitetlarni izlaganman. Chunki bolalikdagi orzum Nyu-Yorkda o‘qish. Keyin oxiri ichida shu universitet ko‘proq yoqqani uchun tanlaganman. Nyu-Yorkni ko‘pchilik xavfliligi juda yuqori shtat deydi. Lekin, mening universitetim markazda emas, sal chetroqda tabiat qo‘ynida joylashgan. Albatta, shuncha O‘zbekistondan kelib o‘qiyotganim uchun va qiz bola bo‘lganim uchun uydagilar xavotir oladi, bu tabiiy. U taraflarni ham inobatga olib tanlaganman. Shahar ichidagi emas, sal chetroqdagi tinchroq yerda-tabiat qo‘ynida joylashgani uchun ham tanlaganman.
Amerika universitetlari qanday talablar asosida qabul qiladi va EYUF haqida ham aytib o‘tsangiz?
O‘zi ko‘pchilik Amerika universitetlariga til sertifikati, recommendation letter-tavsiya xati, personal statement ham kerak. Esselar yozish kerak. Undan keyin maktab baholari yaxshi bo‘lishi kerak. Aynan meni tanlashiga sabab,talablarning hammasiga to‘liq javob berganim, maktabdagi barcha baholarim 5 bo‘lgani va tadbir, volontyorlik ishlarida qatnashib, faol bo‘lganim uchun deb hisoblayman. Men o‘qiyotgan universitet xalqaro talabalarga to‘liq 100% lik grant ajratmaydi. Faqat, qisman bir bo‘limini ajratadi. Menga 24 000 $ grant ajratgan. Lekin, bu umuman yetmaydi. Shuning uchun ham «El-yurt umidi» jamg‘armasiga topshirib, EYUF ning 100% lik grantini 4 yilga yutib olganman. EYUF ning 1-bosqichida hujjat topshirish, 2-bosqichida IQ critical thinking dan test bo‘ladi. Oxirgi 3-bosqichida esa suhbat bo‘ladi. Mutaxassisligim – jurnalistika. O‘qishim 4 yil. Lekin 3 yarim yilda bitirish niyatim bor. Har semestrda sal bo‘lsa ham ko‘proq fanlar olib o‘qimoqchiman. Bitirganimdan so‘ng albatta, O‘zbekistonga qaytaman. Yashirmayman, men Amerikaga ketmasimdan oldin qarindoshlarim orasida «Ertaga Amerikaga borganingdan keyin sen turmushga chiqa olmay qolma!» degan gaplarni aytishgan. Sababi, bizlarda qiz bola Amerikada o‘qib kelishini to‘g‘ri qabul qilmaydi deb. Lekin, uydagilar ota-onam umuman qarshi emas. Turmushga chiq deb ham aytmaydi. Hali meni kichkina qiz sifatida ko‘rishadi. Boshqa opalarim ham bor. Men oilamizning 3-qiziman. 2 – opam turmushga chiqqan. Hozir uydagi eng kattasi menman. Lekin, hozir turmushga chiqish haqida hech qanday gap yo‘q uyda. Umuman unaqa gap aytmaydi ham. Men o‘zim erkin qizman.
Nechta universitetga hujjat topshirgansiz?
Aniq esimda yo‘q. Common App dan 20 universitetgami topshirganman. Shundan 16 universitetga qabul qilinganman. «Yo‘q» javobini ikki universitetdan olganman. Bu “reject”deyiladi.
Xalqaro tanlov va dasturlarga ham qatnashganmisiz?
Albatta. Flex(Future Leaders Exchange Program) ga topshirganman. Lekin, men unga umuman o‘tolmaganman. Sababi, u vaqtda 9-sinf edim. Ingliz tilim ham zo‘r emas edi. Immerse essays blog xalqaro tanlovida 10-sinfimda qatnashganman. Undan ham qanchadir miqdorda grant yutgan edim.
Muvaffaqiyatsizliklarga uchraganingizda kimdan yoki nimadan motivatsiya olasiz?
Birinchi marta EYUF ga topshirganimda o‘taman deb, shunchalik qattiq ishonganman-ki, hatto 2-variantni umuman o‘ylamaganman. Baxtga qarshi o‘xshamagan vaqtda bobomni aytgan gapi hech qachon esimdan chiqmaydi. Bobomning eng yaqin nabirasi edim. Hozir u oramizda yo‘q. O‘tgan yili olamdan o‘tdi. Men Toshkentda o‘qishga topshirgan yilim 11-sinfni bitirib, Jahon tillarida endi o‘qish boshlanayotgan vaqtlarida sentyabrning o‘rtalarida bobom dunyodan o‘tib qoldi. Bobom bilan juda yaqin edik. Chunki, har doim bir-birimiz bilan maslahatlashib, kitob o‘qisak ham bir-birimizga aytib berardik. Mendan ham ko‘proq bobom Amerikada o‘qishimni xohlaydigan edi desam ham bo‘ladi. «Topshiraver bemalol sen o‘qishing kerak, sen bilimli bo‘lishing kerak»- deb doim aytar edi. Afsuski, mening EYUF dan o‘tolmaganimni bildi. Toshkentga o‘qishga kirganimni ham bildi. Jahon tillariga o‘qishga kirganimga xursand bo‘ldi albatta. 2-sentyabr kuni edi. “Bobo men Toshkentga o‘qishga ketyapman”- deganimda, «Kirganing uchun quvondim. Lekin, Toshkentga grantga kirdim deb, Amerikangni unutib ketma. Sen Amerikada o‘qishni juda xohlaydiganingni bilasan-ku a qizim?»-deb menga ishonch va umid bilan qarab, aytgan edi. Lekin undan oldin ham ko‘p gaplashdik. Hech qachon unuta olmayman. EYUF ni yutolmay qoldimmi, yo‘q Gulqumar bu ham yaxshilikka. Sen aniq Amerikaga ketishing kerak, aniq Nyu-Yorkda o‘qishing kerak. Bobong xohlaganday nabira qiz bo‘lishing kerak degan narsa bor edi ichimda. Shuning uchun ham kuch to‘plab keyingisiga topshira oldim deb o‘ylayman. Hech qanday motivatsiya emas. Shunchaki, bobomni so‘zlari qandaydir esimga tusha beradi. Hozir ham bu yerda fanlardan qiynalsam, hech narsa yoqmay ketgan paytlari o‘zimcha o‘ylayman. Yo‘q, Gulqumar sen bobong xohlaganday qiz bo‘lishing kerak. O‘qishing kerak, bilimli bo‘lishing kerak degan narsalar bor. Bilmadim, bu bobomni yaxshi ko‘rganim uchun bo‘lsa kerak. Balki, bir-birimizga yaqin bo‘lganimiz uchun. O‘ylab qarasam, menga bundan boshqa ishtiyoq kerak emas.
Amerikaga o‘qishga ketishingizga ota-onangiz qarshi bo‘lmaganmi?
Amerikaga o‘qishga ketishimga ota-onam boshida juda qarshilik qilgan, albatta. 11-sinf paytimda Amerikaga ketaman deb, DTM testi uchun repetitorga bormaganimda «Yo‘q, repetitorga bor. Nukusda o‘qi, Toshkentda o‘qi»- deb qayta-qayta aytgan. Chetda magistraturani o‘qiy qol deyishgan. Biroq, men baribir maqsadlarimni tushuntirib aytdim. Agar, Nukusda yo Toshkentda o‘qisam men ularga erisholmayman deb tushuntirib aytganman. Biroq, shunda ham ota-onam qiz bolaga bir o‘zi qiyin bo‘ladi. Yoningda odam bo‘lsa ham hech gap degan. Biroq maqsadlarimni tushuntirib aytganimdan keyin oxiri ko‘ngan. Nima uchun ko‘ngan? Yashirmayman, ularda shunday fikr bo‘lgan: Baribir bu universitetlarga kirsa ham, 100% lik grant yutishi qiyin o‘tolmasa kerak. Mayli, bir urinib ko‘rsin-chi degan. Jahon tillarida o‘qib yurganimda, oxiri EYUF ni yutganimdan keyin, EYUF ni yutdim deb qo‘ng‘iroq qilsam, quvongan. Lekin, shunda ham «Gulqumar, bakalavrga Jahon tillarga xalqaro jurnalistiga grantga endi shuncha kirding-ku. Unga hamma ham kira olmaydi. Shu bira to‘la qolgan o‘qishingni 3 yil o‘qib, davom ettir. Undan keyin magistraturaga ketsang bo‘lmaydimi?»- deyishgan. Hatto EYUF ni yutganimdan keyin ham. Men yo‘q deb turib olganman va tushuntirib aytganman. Shundan keyin ketishimga ruxsat berishgan. Shu bilan hozir oilamni qo‘llab-quvvatlashi yaxshi va munosabatimiz oldingidan ham zo‘r. Hatto,ota-onam mendan keyingi singalilarimni ham chet elda o‘qishini xohlaydi. Bilmadim, balki hozir mening EYUF stipendianti bo‘lib, Amerikada yurganim ham ta’sir qilgandir.
Uyingizni va vataningizni sog’inib turasizmi? Amerikada nimadan qiynalasiz?
Amerikaga kelganimdan beri 1 marta ham uyimni sog‘inib yig‘lamadim. Sababi, 5-sinfni bitirib darrov uydan chiqib ketdim. Ya’ni, Nukus shahridagi maktabga ko‘chdim. Erkin bo‘la boshladim. 6-sinfdan boshlab yotoqxonada uydan uzoq yashab o‘rganganman. Shuning uchun ham bu yerda uydagilarni sog‘inib yig‘lash degan narsalar menda uncha yo‘q. 6-sinf paytlarim bo‘lgan. Biroq hozir o‘rganib ketganman. Sababi, 6 yil Nukusdagi yotoqxonada, 1 yil Toshkentdagi yotoqxonada turganman. Endi esa Amerikadagi yotoqxonada yashash – bu normal holatga aylangan. Vatan sog‘inchi albatta bo‘ladi.
Qiynalgan narsalarim-ovqat masalasi. Sababi, bu yerda halol ovqat topish qiyinroq. To‘g‘ri, universitetning oshxonasida halol ovqatlar bo‘ladi. Lekin, ularning ko‘pchiligi- fast food. Ularni uncha ko‘p yeya olmaysiz. Mening ovqat tanlab yeydigan odatim bor. Shuning uchun ham ovqat masalasida bir qancha qiyinchiliklar bo‘ladi. Men ovqatlanishimga 1 semestrga 1 to‘layman. Unlimited-cheksiz tarif. Xohlaganimcha borib yeyman. Halol ovqatlar topiladi. Halol gamburger, halol pitsa. Lekin uncha yoqmaydi o‘zimga. Rostdan ham ko‘pchilik bu yerda fast food yeydi.
Amerikada o‘qish afzalliklari qanday ?
Afzalliklariga keladigan bo‘lsak, bir soha tanladimmi-masalan, meniki jurnalistika. Jurnalistika bo‘yicha shunaqa fan, shunaqa kreditli fan olishing kerak bitirguningizcha deb oldindan aytib qo‘yadi. Bo‘ldi, shularni olsangiz bo‘ldi, qolganlari xohlaganingcha. Bu degani,o‘zlarimiz fan tanlaymiz va o‘zlarimiz vaqtini tanlaymiz. Masalan, ertalabki yoqmaydimi tushdan keyingisini tanlaymiz. Va albatta professorni ham o‘zimiz tanlaymiz. Shu taraflari juda yoqadi. Xohlasangiz darslaringizni 3 kunga qo‘yib qo‘ysangiz ham bo‘ladi. 5 kun borib yurish shart emas. 3 kun ertalabdan kechgacha. 1 kun uchun 4 ta darsdan qo‘ysangiz bo‘ladi.
Bu yerda hamma ingliz tilida gaplashadi. Lekin, yoningizda o‘zingizning ona tilingiz – qoraqalpoq tilida so‘zlashadigan odam bo‘lishini xohlar ekansiz. Bu yerda hech kimning siz bilan ishi yo‘q. Namuna sifatida olishga bo‘ladigan tarafi-bu ta’lim tizimi birinchi navbatda. Chunki, baribir ham bu yerda ta’lim ancha rivojlangan.
Kursdoshlaringiz orasida yoki siz o‘qiyotgan universitetda O‘zbekistonliklar bormi? Qaysi davlat yoki millatdan ko‘proq talabalar bor?
Birinchidan, Amerikada kursdosh degan tushuncha yo‘q. Masalan, Jahon tillarida umuman O‘zbekistonda birga 4 yil davomida o‘qiydigan kursdoshlar bo‘ladi-ku. Amerikada bunaqa emas. Chunki, Amerikada siz o‘zingiz xohlagan darsni, xohlagan professorni tanlaysiz. Bu degani siz faqat 1-kurslar bilan o‘qimaysiz. Xohlasangiz, 3-kurs, 4-kurs hattoki, men magistraturada o‘qiydiganlar bilan birga o‘qiyman. Misol uchun, men shu 1 semestrga 6 fan olgan bo‘lsam, 6 xil odamlar bilan o‘qiyman. Va yana bir narsa 1 ta fanimdagi misol uchun, nemis tili darsimni oladigan bo‘lsak, men faqat bitta o‘zim 1-kursman. Boshqalar 2,3,4-kurs hatto, magistr. Millatiga keladigan bo‘lsak, ko‘pchiligi Xitoyliklar. Hindlarni ko‘raman. Yevropadan ham bor. Nyu-Yorkni o‘zidan ham ko‘p. Chunki, umuman Amerikaliklarga ayniqsa, Nyu-Yorkdagilarga universitetning o‘quv to‘lovi xalqaro talabalarga qaraganda farq qiladi. Ya’ni, bizlarniki juda qimmat. Ularniki esa, bizlarnikidan arzonroq bo‘ladi.
Universitetimda mendan boshqa O‘zbekistonlik talabalar 4 ta. 4 tasi ham hozir 3-kurs. 5 tamiz ham EYUF stipendiantlarimiz. Biroq, yana boshqa 2 o‘zbek qizni bilaman.
Amerikadagi ta’lim bilan O‘zbekistondagi ta’lim farqlari qanday? Imtihonlar qay tarzda bo‘ladi?
Amerika universitetlarining farqi, O‘zbekistondan fanlarni, professorlarni o‘zlarimiz tanlaymiz. Yana bir narsa bor. Bu yerda hamma narsangiz yakuniy bahoga ta’sir etadi. Albatta, formadan tashqari. Misol uchun, men Jahon tillarida o‘qigan paytimda darsga 5-10-daqiqa kechikib qolsam, turg‘izib, dakki berib, shunday qilishar edi. Lekin, bu yerda unaqa emas. Kechikib kelsangiz bo‘ladi. Bu fojia emas. Ba’zi bir leksiya darslar bo‘ladi. Ularda hamma umumiy zalda 100-120-200 odamlar darsda o‘tiradi. Professor o‘zi mikrofon bilan dars o‘tadi. Shu darslarda umuman qatnashish majburiy emas. Hech qanday kundalik darsga qatnashish davomatini olmaydi. Umumiy yakuniy baho 100%. Misol uchun 1 fanimni-nemis tili darsimni oladigan bo‘lsam, darsga qatnashishim va uyga vazifa ishlaganlarim 30% yakuniy bahoyimni yechadi. Chunki, nemis tilida qatnashishim majburiy. Qolgan 10% I quizlar bo‘ladi. Quiz degani har vaqtda o‘tilgan mavzular bo‘yicha test olinib turiladi. Misol uchun, mening nemis tili fanimda 6 quiz bor. Umumiy 100% bo‘ladigan bo‘lsa 6 quiz ni qo‘shib, shuning o‘rtachasini chiqaradi. Umumiy 100% dan shuning 10% ini tashkil qiladi. Keyin portfolio degan narsa bor. Unda slayd ishlash kerak. U yakuniy bahomning 10% in tashkil etadi. Xullas,50%. Oraliq nazorat bor, u 10 mi 20 mi % ni tashkil etadi. Yakuniyim bor 30%. Xullas, hamma qilganlarimning yig‘indisi meni yakuniy bahoni chiqarib beradi. Bu degani, bu yerda o‘qiganingiz, darsga qatnashishingiz, uyga vazifalaringiz, har hafta bo‘ladigan testlaringiz, oraliqlaringiz, yakuniy ishingiz hamma-hammasi qo‘shilib o‘rtachasi chiqariladi degani. Boshqa fanlar ham asosan shunday.
Aslida, 1,2,3,4,5-kunlar davomida darslar bor. Lekin, o‘zingiz professorlar va fanlarni bemalol tanlasangiz bo‘ladi. Misol uchun, darslarni 3 kunga qo‘yib olsangiz ham bo‘ladi. 1 kunga 3-4 darslaringizni qoyasiz. 3 kun darsga borasiz. Qolgan 3 kun bo‘ldi, xohlasangiz 4 kun dam olasiz. U o‘zingizga bog‘liq. Misol uchun, menda darslar 1-kun yo‘q. 1-kunga qo‘ymayman. Bu degani 2-3-4-5-kun. 4 kun o‘qish bor. 3 kun dam olaman. Sessiyalar bo‘lsa umuman boshqacha. Hech qanday telefon yoki boshqa ortiqcha qog‘oz hech narsa olib kira olmaysiz. Hammasi qat’iy tekshiriladi. Agar, mabodo shunday telefon yoki qog‘oz ko‘rib qo‘lga, universitetingizga bog‘liq. Ba’zi universitetlar umuman o‘sha fandan chetlashtiradi. O‘sha 1 semestr o‘qiganingiz kuyib ketadi. Shunchaki, bir tiyin bo‘ladi. Ba’zi universitetlar 2 marta eslatma beradi. 3-sida universitetdan haydattiradi. Juda kuchli nazorat bo‘ladi.
EYUF stipendianti bo‘lishimdan oldin Toshkentda Jahon Tillarida xalqaro jurnalistikada 1 yil o‘qidim. U yer ham yaxshi. Yomon deb aytmayman. Lekin, ochiqchasiga aytadigan bo‘lsam, o‘qishning qanday ekanligini Amerikaga kelib bilganman, rosti. Oldin to‘g‘ri, ko‘p o‘qiyman deb yurar edim. Lekin, Amerikaga kelib shuni tushunib yetdim. Umuman shu vaqtgacha o‘qimagan ekanman. Nega? Sababi, O‘zbekiston universitetlari hatto, u Jahon Tillari bo‘lsa ham oraliq, yakuniylarda cheating degan narsa ko‘chirmachilik, g‘irromlik baribir uchrab turadi. Sababi, men u yerda unchalik zo‘r tayyorlanmasam ham hammasini 5 ga yopganman. Bu yerda bo‘lsa, qancha tayyorlansam ham hammasini 5 ga ya’ni A ga yopa olmaganman. Hatto, qancha tuni bilan kitobxonalarda qolsam ham. Umuman Jahon tillarida tuni bilan kitobxonada qolgan kunim yo‘q. To‘g‘ri, tushdan keyin kechgacha kitobxonada o‘tirib o‘qiganman. Lekin, unchalik tuni bilan o‘qib chiqmaganman. Lekin, shunda ham 5 olganman. Nega? Chunki, tan olamiz O‘zbekiston universitetlarida o‘qisak ko‘pchiligimiz cheating qilamiz.
Amerikada o‘qish yaxshi. Chunki, mashhur televideniyelarda ishlagan tajribali professorlar dars beradi. Lekin, muhitga ham ko‘p narsa bog‘liq. Atrofimizdagi odamlar qattiq o‘qib, tuni bilan kitobxonalarga borib,o‘qisa albatta siz ham ishtiyoq olib borasiz. Lekin, menda O‘zbekistonda unday muhit bo‘lmagan. Shuning uchun ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri unchalik ter to‘kib o‘qimaganman. Shunda ham 5 ga yopganman. 2 tomonning farqi muhitida. O‘zbekistondagi professorlar ham yaxshi edi. Yomon demayman.
O‘zbekiston ta’lim sistemasi yaxshi. Yaxshi tajribali o‘qituvchilar bor. Lekin, muhit unchalik yaxshi emas. Shu baribir bizlarda cheating ko‘p bo‘laveradi.
Amerikada cheating bu ulkan jazo oladigandek ish. Hatto, cheating qilsangiz universitetdan haydalib ketishingiz ham mumkin. Bu professoringizga ham bog‘liq.
Lekin O‘zbekistonda unaqa emas. Ko‘p bo‘lsa yarim soat, 1 soatga telefoningizni olib qo‘yishi mumkin. Lekin qo‘rqadigandek emas. Shu taraflarni yaxshilash kerak deb o‘ylayman. Va baholash tizimini ham yaxshilash kerak. Menga Amerikaning baholash tizimi yoqdi. Shu baholash tizimidagina talaba hamma narsaga harakat qila boshlaydi. Bir tarafdan slayd ishlashi kerak, ikkinchi tarafdan oraliq yaxshi topshirishi kerak. Darslarga qatnashishi va uyga vazifalar qilishi kerak. Umuman shunday baholashga o‘tsa yaxshiroq bo‘ladi deb o‘ylayman. O‘zbekistonda baho olish oson-ku. Shundagina qiyinlashadi demoqchiman.
Majburiy forma bormi?
Majburiy forma yo‘q. Hamma o‘zi xohlagandek, erkin. Amerikaliklarning shu tarafi juda yoqadi. Hatto, professorlarimiz ham o‘zlari xohlagancha kiyinib keladi. Umuman bu talabalar undan battar kiyinishi mumkin degani. Qanday ma’noda ya’ni, ayrim talabalar pijamalar ham kiyib kelishadi. Shunday qilib, Amerikada forma masalasi bo‘yicha erkinlik.
Boshqa narsalarda ham shunday. Bir so’z bilan aytganda, forma umuman yo’q. Hech kim bir-biriga qaramaydi ham. Ya’ni, bu nega bunday kiyim kiyibdi degan narsalar yo’q.
Universitet yotoqxonasida turasizmi yoki ijarada ? Amerikda ishlaysizmi yoki faqat o‘qish bilan bandsizmi?
Universitet yotoqxonasida turaman. Darsdan keyin ishlamayman. Chunki, ishlamasam ham EYUF ning scholarshipi yetadi. EYUF menga yiliga 1 marta yashash, ovqatlanish uchun avgustda stipendiya beradi. Va shuni 1 yil davomida yetkazishim kerak. Menga hozircha EYUF ning stipendiyasi yetadi. Shuning uchun ishlash niyatim ham yo‘q. Faqat o‘qish bilan bandman. Chunki, o‘qishlarim ham qiyinroq.
Amerikada O‘zbekistonlik talabalar uchun «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendianti bo‘lmay, o‘qish imkoniyati qanday?
EYUF siz o‘qish juda qiyin. Agar siz oddiy oila farzandi bo‘lsangiz, EYUF siz bu yerga o‘qishga kelishni maslahat bermas edim. Ayniqsa, mening universitetimga. Balkim, boshqa universitetlar 100% grant berar. Lekin, men o‘qiyotgan universitet 100% grant bermaydi. Va Nyu-Yorkda joylashgani uchun juda qimmat. Shuning uchun EYUF siz kelishni maslahat bermayman. To‘g‘ri, ba’zi odamlar ishlab topasan deb aytishi mumkin. Biroq, rostini aytsam, ishlaganda ham bu yerdagi yotoqxona,oziq-ovqat,undan tashqari o‘qish to‘lovi hammasiga yetkazish qiyin. Ham o‘qishlaringiz yaxshi bo‘lishi kerak. O‘qishlaringiz yaxshi bo‘lmasa universitetning bergan ozgina granti ham kuyib ketadi. Umuman shu taraflarni ham inobatga olish zarur. To‘g‘ri, ayrim universitetlardan 100% grant yutish mumkin. Lekin, TOP 300 talikdan yutish sal qiyinroq. Shuning uchun oddiy oiladan chiqqan bo‘lsangiz, EYUF siz Amerika o‘qish qiyin. Oddiy oila deganda nimani nazarda tutdim? Masalan menga o‘xshab. Men chetki tumandan chiqqanman va oddiy oiladanman. Otam ham onam ham o‘qituvchi. Shunday kamida mendek bo‘lsa EYUF ga tayyorlanishni maslahat beraman. Sababi, EYUF shunday bilimi bor,TOP 300 likga kirgan yoshlarni moddiy tarafdan qo‘llab-quvvatlaydi va ko‘plab imkoniyatlar yaratadi. Tan olaman, agar EYUF bo‘lmaganda men Amerikada hozir maza qilib o‘qib yurmagan bo‘lar edim. Ya’ni qanday manoda? Albatta o‘qish qiyin. Lekin moddiy tarafdan maza qilib yurmagan bo‘lar edim. Sababi, mening kelganimga 5 oy, deyarli 6-oy bo‘layotgan bo‘lsa, shu vaqtga qadar moddiy tarafdan hech ham qiynalmaganman.
1 talaba uchun qanchadan ketishi mumkin?
Menda kontraktim va yana ko‘p to‘lovlar bor. Sug‘urta, undan keyin hamma narsaga transportation universitetni avtobusidan, velosipedidan, printeridan foydalanish, hamma-hamma yozuvlar bilan ishlashish undan keyin qo‘shimcha darslar hamma-hammasiga majburiy pul to‘lash. Shularning hammasi qo‘shib hisoblaganda, misol uchun mening bitta o‘zimga 1 yilga 29 500 deyarli 30 000 $ dek ketadi. O‘qish to‘lovi va boshqa to‘lovlar uchun. Undan tashqari, yotoqxonam bilan ovqatlanishim unlimited ya’ni cheksiz tarif meniki. 1-kurs bo‘lganim uchun majburiy u. Oshxonalardan xohlaganimcha ovqatlana olaman. Shunga 1 semestrga 18 ming 200 mi ketadi. O‘ylab ko‘ring, 48 000 $ pulni 1 odam topishi qiyinda. Bizlarda bu 700-800 mln bo‘ladi. Menimcha, EYUF siz qiyinroq. Universitetim misolida aytdim. U juda qimmat.
Amerikalik qizlar bo‘yanmaydi deyishadi. Shu rostmi?
Amerikalik qizlar emas. Bu yerda hamma joydan kelganlar bor. Bu yerda uncha bo‘yanmaydi. Bu rost gap. Aniq. To‘g‘ri, bo‘yanadiganlar ham bo‘ladi. Lekin, ko‘pchilik bo‘yanmaydi. Yashirmayman, men Jahon tillarida o‘qiganimda ertaga bu kiyimimni kiyishim uchun dazmol qilishim kerak, sochimga dazmol bosishim kerak, undan keyin bo‘yanishim kerak deb yurardim. Bunday narsalar qizlarning orasida bo‘ladi. Sababi, bizlarda talabalar o‘zlariga qarab yurishi kerak degan narsa bor. Bunga qara, bunaqa bo‘lib yuribdi, unga qara unaqa yuribdi deb. Amerikada faqat talaba emas umuman davlat bo‘ylab shunday narsa bor. Bu O‘zbekistonning achinarli tarafi. Lekin, Amerikada u narsa umuman yo‘q. Misol uchun, men uyni kiyimida ham bemalol bora beraman. Rostini aytsam, men ham bu yerga kelib bo‘yanish degan narsani unutdim. Baribir qandaydir ma’noda o‘zimga ham uncha yoqmaydi. Va bu yerga kelib,o‘zimni komfort zonamga tushib qolgandekman. Ko‘pchilik bo‘yanmaydi ham, kiyimga ham unchalik e’tibor bermaydi.
Chet elda o‘qimoqchi bo‘lgan yoshlarga qanday tavsiyalar bera olasiz?
Birinchi navbatda, ingliz tilini chuqurroq o‘rganishni maslahat beraman. Sababi, men ingliz tilini o‘zim yaxshi bilaman. Videolar ko‘rsam tushunaman bemalol deb kelganman. Lekin, bu yerga kelib qattiq qiynalganman. Hozir ham qiyinchiliklar bo‘ladi. Bilmadim, balki jurnalistika sohasida o‘qiyotganim uchun bo‘lsa kerak. Biroq, men o‘zim kelgan vaqtimda ayniqsa qiynalganman. Shuning uchun 1-navbatda ingliz tilin yaxshi o‘rganish kerak. Va moddiy taraflarni ham yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak.
O‘qishdan tashqari tadbirlar yoki sport klublariga qatnashib turasizmi?
Bu yerda talabalar uchun o‘qishdan tashqari juda ko‘p tadbir, klublar bo‘ladi. O‘zlarining app-ya’ni ilovalari bor. Shu ilovada soat nechada, qaysi binoda, nimalar bo‘lishini yozib qo‘yadi. Turli xil qiziqarli klublar bor. Men o‘zim boshida kelgan paytlarim qiziqib qatnashdim. Hozir uncha ko‘p qatnashmayman. Sababi, fanlarim qiyinlashib ketgani uchun. Hozir faqat men kitobxonaga boraman. Undan keyin zalga boraman. Sport bilan shug‘ullanaman, darslarimga qatnashaman bo‘ldi. Asosiy e’tiborim-o‘qishimda. Kelajakda magistraturani qayerda davom ettirishni rejalashtiryapsiz ?
Kelajakda magistraturani Garvardda o‘qishni maqsad qilganman.
Gulqumarning ilm olishdek mashaqqatli va sharafli yo‘lida omad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
Gulbanu Abatbayeva, talaba