Yoshlar oyligi qanday oʻtmoqda

Yoshlar haftaligi doirasida poytaxtimizda bir qator tadbirlar tashkil etilmoqda. Eng faol ishtirokchilar qimmatbaho sovgʻalar, jumladan, Fransiyaning eng yetakchi oliygohlaridan biri Le Cordon Bleuʼda taʼlim olish uchun 100% grant bilan taqdirlandilar.

Toshkent shahar boshqarmasi Yoshlar ishlari agentligi boshligʻi Abdulaziz Nazirov xabar berishicha, oylik munosabati bilan Hilton Tashkent City mehmonxonasida Zakovat intellektual oʻyini, «Nima, Qayerda, Qachon», shuningdek, debatlar boʻyicha chempionat CUDC oʻtkazilgan.

Intellektual oʻyinlar turkumi boʻyicha tadbirlarda jami 6 790 yoshlar qatnashgan.

«Intellektual haftalik» doirasida oʻtkazilgan musobaqalarning eng faol ishtirokchilari 20-noyabr kuni Toshkentdagi Magic City majmuasida taqdirlandilar. Sovrinlar Toshkent shahri hokim oʻrinbosari Durdona Raximova hamda Toshkent shahar boshqarmasi Yoshlar ishlari agentligi boshligʻi Abdulaziz Nazirov tomonidan taqdim etildi.

Bundan tashqari, «Yoshlar kitobi»ga kiritilgan 38 nafar ishtirokchi kontrakt toʻlovini toʻlash uchun sertifikatlarga ega boʻldilar. 

Oylik doirasida intellektual oʻyinlar haftaligi yakuni munosabati bilan estrada yulduzlari va mashhurlar ishtirokida «mega-shou» oʻtkazildi. 

Eslatib oʻtamiz, 15-dekabrgacha davom etadigan yoshlar oyligining eng faol 10 ishtirokchisiga Toshkent shahar hokimiyati tomonidan Fransiyaning Le Cordon Bleu universitetida 100% grant asosida taʼlim olish imkoni beriladi.