Yangi tarixiy meros: Surxondaryoda Mirzo Ulug‘bek davriga oid tanga pullar topildi

Tarix va milliy merosimizga befarq bo’lmagan talabalar uchun ajoyib yangilik:

Surxondaryoning To‘palang daryosi qirg‘og‘idan Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davriga oid mis tangalar topildi.

Sariosiyo tumani Alisher Navoiy mahallasida yashovchi fuqarolar To‘palang daryosi qirg‘og‘idan juda ko‘p mis tangalar topib oldi.

Madaniy meros agentligi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, Termiz arxeologiya muzeyi vakillari tomonidan mahalliy aholidan 512 dona mis tangalar belgilangan tartibda olinib, Termiz shahridagi Arxeologiya muzeyi fondiga topshirilgan.

Prokuratura organlari tomonidan soha vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganish davomida qo‘shimcha ravishda 620 dona mis tanga va 1 dona shaxmat donasi ixtiyoriy ravishda olinib, muzey fondiga topshirilishi ta’minlandi.

Olimlar mazkur ashyolar hozirgacha O‘zbekiston hududidan topilgan Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davrida zarb ettirilgan pul tangalarining eng katta va yaxshi saqlangan xazinasi ekanligini ta’kidlashmoqda.

Qadimiy tangalarning bir tomonida olti qirrali yulduz va olti yaproqli gul zarb qilingan bo‘lib, bu hukmdorning buyuk astronom va matematikligi tufayli kiritilgan belgilardir. Shuningdek, tangalarning reversida, ya’ni bet tarafida “Samarqand”, “Adliyya” so‘zlari, hijriy 823 (1420 yil), 832 (1428 yil) kabi zarb qilingan yillari aks etgan.

Qayd etilishicha, viloyat prokuraturasi, madaniy meros boshqarmasi hamda arxeologiya muzeyi xodimlaridan iborat tarkibda maxsus ekspeditsiya tashkil etilib, hozirda qazishma ishlari olib borilmoqda.