Toshkent dizayn va moda xalqaro universiteti tashkil etiladi

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining “Yengil sanoat buyumlari konstruksiyasini ishlash va texnologiyasi (tikuv buyumlari texnologiyasi)”, “Dizayn” yo‘nalishidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari hamda Parij xalqaro moda universiteti bilan qo‘shma fakultet negizida Toshkent dizayn va moda xalqaro universiteti tashkil etish rejalashtirilgan.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va “O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasi bilan hamkorlikda 2022 yil 1 sentyabrga qadar universitet tasarrufida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “O‘zbek modasini rivojlantirish markazi”ni tashkil etadi.

Belgilanishicha:
– universitet oliy ta’lim sohasidagi davlat muassasasi hisoblanadi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi muassisligida faoliyat yuritadi;
– universitetda o‘quv jarayoni 2022/2023 o‘quv yilidan kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi;
– Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti huzuridagi Formali kiyimlarni loyihalashtirish bo‘yicha ilmiy laboratoriya, “Libos dizayni”, va “Tikuv buyumlarini konstruksiyalash va texnologiyasi” hamda Parij xalqaro moda universiteti bilan qo‘shma fakultet kafedralari o‘quv laboratoriyalari operativ boshqaruv huquqi asosida universitetga o‘tkaziladi;
– Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Parij xalqaro moda universiteti bilan qo‘shma fakultetda ta’lim olayotgan talabalar 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab universitetda o‘qishni davom ettiradi;
– Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Yengil sanoat buyumlari konstruksiyasini ishlash va texnologiyasi (tikuv buyumlari texnologiyasi), Dizayn yo‘nalishidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab qabul jarayoni amalga oshirilmaydi.